O‘zbekiston | 18:10 / 13.09.2018
10411
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko O‘zbekistonga Afg‘oniston bozoriga birga kirishni taklif qildi

Foto: belta.by

Belarus va O‘zbekiston birgalikda Afg‘oniston bozoriga kirishi mumkin. Bu haqda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunida ma'lum qildi.

«Biz o‘zbekistonlik do‘stlarimiz Afg‘oniston bilan hamkorlik qilishimizda yordam ko‘rsatishidan manfaatdormiz. Ammo biz u yerga mahsulotlarimiz bilan yolg‘iz emas, siz bilan birga kirishni istaymiz. O‘zbekistonda mahsulotlar, jumladan mashinasozlik mahsulotlari tayyorlab, ularni Afg‘oniston bozoriga olib kirib, afg‘onlarga yordam berishimiz mumkin. Ular buni qadrlashadi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda «Kun.uz» muxbiri.

Lukashenko Afg‘oniston bozorida superkombaynlar yoki oxirgi rusumdagi traktorlarga zarurat yo‘qligi, ularga oddiy texnikalar kerakligini qayd etib o‘tgan.

«Biz bugun O‘zbekistonda shunday texnikalarni yig‘ishimiz, keyinroq bu amaliyotni Tojikiston va Afg‘onistonda ham joriy etishga tayyormiz», deya qo‘shimcha qilgan u.

Shu bilan birgalikda, Belarus prezidenti qo‘shma korxonalar tashkil etilishi va belaruslar tajribasini berish tekinga bo‘lmasligini qayd etib o‘tgan.

«O‘zbekiston bu texnologiyalar uchun to‘lov qilishga va qo‘shma korxonalar tuzilishini qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Yana nima kerak? Biz ishlab chiqaradigan mahsulotlar uchun ular taklif etayotgan bozorlar kerak. Bu yerda 33 million kishi yashaydi. Atrofda ham katta hudud bor», degan Aleksandr Lukashenko.

Mavzuga oid