Jamiyat | 14:07 / 14.09.2018
166967
8 daqiqa o‘qiladi

Qalampir ekkanlarni ham piyoz ekkanlarning qismati kutmoqdami?

Joriy yil bahorida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 yanvardagi 62-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 15 ming gektardan ortiq maydonga eksportbop achchiq qalampir ko‘chatlari qadaldi.

O‘sha vaqtda katta shov-shuv ko‘tarilib, bir kilo achchiq qalampir jahon bozorida falon dollar ekan, o‘zbek fermerlaridan kilosini falon so‘mdan olisharkan, dehqonning ko‘kragiga ham shamol tegadigan kunlar keldi, qabilida so‘zlar yangradi. Ammo oddiy haqiqat shuki, jo‘jani kuzda sanashadi.

So‘nggi vaqtlarda qalampir yetishtirgan va tayyor mahsulotni kimga sotishni bilmay boshi qotgan dehqonlar va fermerlardan shikoyat arizalari ko‘payib bormoqda. Ular shartnoma bo‘yicha mahsulotni xarid qilishi kerak bo‘lgan tashkilotlar (bular: Chiliuz, Nova Agro, Big Agro, Bekklaster) fermerlarga aloqaga chiqmayotganlari, yetishtirilgan mahsulotni xarid qilish punktlari ham ma'lum emasligini aytmoqda. Qalampir ko‘chatlarini Agrobank krediti evaziga majburan xarid qilib ekkan fermerlar orasida mahsulotni sotib oluvchi tashkilotlar rahbarlari xorijga chiqib ketibdi, bank kreditni to‘lashni talab qilsa, hovlisiga qalampirni olib borib, to‘kamiz qabilidagi gap-so‘zlar bo‘layotgani ham quloqqa chalinmoqda.

Kun.Uz sayti muxbiri shu kabi murojaatlar ko‘paygani bois, mamlakatda yetishtirilgan qalampirni xarid qilish va eksport qilish ishlari qay darajada ekanini bilish maqsadida dastavval Prezident qarori bilan mas'ul tashkilotlardan biri sifatida belgilangan “O‘zoziqovqatxolding” kompaniyasi bilan bog‘landi. Bu yerda mazkur masala bo‘yicha Chiliuz firmasi va “O‘zagroeksport” tashkiloti javobgar ekanini bildirishdi.

“O‘zagroeksport”dagilar Chiliuz firmasini ko‘rsatishdi. Shundan so‘ng, “qalampir ektirish” kampaniyasi ijrosi uchun mas'ul firmalardan biri – Chiliuz (vaholanki, yuqoridagi ikki tashkilot ushbu firma ta'sischilari hisoblanadi) direktori Botir Masharipov (2018 yil 28 iyundan ushbu lavozimda faoliyat yuritmoqda, bungacha GMG firmasi direktori Furqat Bahromov rahbar edi) bilan uchrashib, suhbatlashdik.

“Prezident Shavkat Mirziyeyov Qoraqalpog‘iston Respublikasiga uyushtirgan safarlari chog‘ida dehqon-fermerlar bilan uchrashib, hosildorligi past paxta maydonlari o‘rnida yangi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan achchiq qalampir yetishtirish bo‘yicha takliflarni ma'qullash tashabbusi bilan chiqdi”, - dedi B.Masharipov.

Shundan so‘ng, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 yanvar kuni 62-sonli qarori, keyinroq qarorning ijrosini ta'minlash bo‘yicha 2018 yil 21 fevralda o‘tkazilgan yig‘ilishning 8-son bayoni qabul qilingan. Masharipovning ma'lum qilishicha, yil boshida qalampir urug‘ini xorijdan keltirish va uning ko‘chatlarini yetishtirib, markazlashgan holda dehqon-fermerlarga yetkazish vazifasi, qarorda belgilangan firma-tashkilotlar mavjud bo‘lmagani bois, GMG firmasiga yuklangan. U Hindistondan “jivallo” va boshqa navli qalampirlarni keltirgan.

“Chiliuz kompaniyasi tashkil etilganidan so‘ng, dehqon-fermerlar bilan 192 mlrd so‘mlik achchiq qalampirni xarid qilish bo‘yicha fyuchers shartnomalari imzolangan. Shartnoma imzolanganidan keyin, fermerlarga achchiq qalampir yetishtirish borasidagi agrotexnik maslahatlar va boshqa masalalar yuzasidan Chiliuz xizmat ko‘rsatishi kerak edi”, - deya ma'lum qildi firma rahbari.

U, shuningdek achchiq qalampir yetishtirish kampaniyasi birinchi yildayoq bunday muvaffaqiyatsizlikka duch kelganini izohladi. 

“Buning asosiy sababi shundaki, Chiliuz kompaniyasi tashkil etilgan kundan boshlab, shu kunga qadar, unga va hududiy bo‘linmalariga banklar yoki boshqa tashkilotlar tomonidan mablag‘ o‘tkazilmagani, ya'ni yetarli aylanma mablag‘ bilan ta'minlanmagani bois, Chiliuz joylarda yetishtirilgan hosilni xarid qila olmay kelmoqda”, - deya oydinlik kiritdi Botir Masharipov.

Chiliuz direktori Botir Masharipov

Uning bildirishicha, bank muassasalari Chiliuz ta'sischilarining (“O‘zoziqovqatxolding” va “O‘zagroeksport”) bugungi moliyaviy ahvolini, ularning boshqa kredit majburiyatlari bo‘lgani sababli kafolat bera olmasligini inobatga olgan holda Chiliuz firmasiga kredit taqdim etishni rad etib kelgan.

Masharipov, shuningdek bugungi kunda O‘zbekistonda yetishtirilgan garmdorilarni xorijga eksport qilishda ham muammolar mavjudligini aytar ekan, bu masala mohiyatini ham ochiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyoning achchiq qalampirni ko‘p iste'mol qiladigan asosiy yirik davlatlari, Xitoy, Hindiston, Indoneziya, Singapur, Koreya va Meksika kabi davlatlarda O‘zbekistonda yetishtirilgan achchiq qalampirni kiritish bo‘yicha taqiqlar bor. Ayni shu sababli, qalampirni eksport qilish borasida to‘siqlarga duch kelinmoqda. Qolaversa, Xitoy, Hindiston, Malayziya, Meksika, Bolgariya, Ruminiya va Polsha katta miqdorda achchiq qalampir yetishtiradi.

Ta'kidlash o‘rinliki, yuqoridagi so‘zlar Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 avgust kuni bo‘lib o‘tgan va 30 avgust kuni tasdiqlangan yig‘ilish bayonida ham o‘z aksini topgan.

Chiliuz rahbarining aytishicha, O‘zbekistonda yetishtirilgan achchiq qalampir hosilini eksport qilishda taqiqlar mavjudligi yoki yo‘qligi, mahsulotni qanday usulda olib kirish mumkinligi borasida kerakli mutasaddi tashkilotlar tomonidan o‘z vaqtida axborot berilmagan. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustida imzolangan bayonnomasiga binoan Agrobank ATB tomonidan sug‘urta asosida mablag‘ o‘tkazilib berilishi belgilangan.

“Bosh vazir bayonnomasiga asosan, bank pulni qanaqa tartibda ajratadi, necha foizda taqdim etadi, shu masalalar yechimini topsa, fermerlardan qalampir xarid qilishni boshlaymiz. Ammo yana bir muammo shundaki, ho‘l qalampirni xorijiy davlatlarga eksport qilish masalasini ham hal qilishimiz kerak”, - dedi B.Masharipov.

Jurnalist mazkur maqolani tayyorlash jarayonida, Chiliuz rahbari bilan telefon orqali bog‘lanib, Agrobank ATB tomonidan mablag‘ o‘tkazish masalasi qanday hal etilganiga qiziqdi. Masharipovning bildirishicha, 2018 yil 11 sentabr kun holatiga ko‘ra, bank hech qanday mablag‘ o‘tkazib bermagan. Bundan xulosa qilish mumkinki, hozircha joylarda yetkazilgan qalampir hosilini xarid qilish ishlari boshlangani yo‘q.

P.S.: Bugungi kunda jahon achchiq qalampir (garmdori) bozorida 1 kg quruq mahsulot 2,35 AQSh dollari, kukun holatdagisining 1 kilogrammi yanada qimmatroq. Biroq O‘zbekistonda yetishtirilgan bu yilgi garmdorilarni eksport qilish imkoni bo‘ladimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Achchiq qalampir yetishtirgan fermerlar qanday muammolar bilan duch kelayotgani haqida keyingi lavhalarimizda so‘z yuritamiz.

Tolib Rahmatov Kun.Uz muxbiri

Fazliddin Abduqodirov Kun.Uz operatori

Mavzuga oid