O‘zbekiston | 11:10 / 15.09.2018
8384
3 daqiqa o‘qiladi

«Ochiqlik indeksi» reytingi: Adliya vazirligi birinchi o‘rinda, Sog‘liqni saqlash vazirligi yana bir pog‘ona yuqoriladi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash, faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish bo‘yicha jamoatchilik kengashi shakllantirilgan. Ushbu kengash ekspertlar ishtirokida davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilib, baholash natijalarini har yili ikki marta e'lon qilib boradi.

15 sentabr kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazida Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining «Ochiqlik indeksi» bo‘yicha navbatdagi reytingi e'lon qilindi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Uning natijalariga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi 64.30 ball bilan mamlakatdagi 45ta davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari orasida — 4 o‘rinni, 21ta vazirlik ichida esa 3-o‘rinni egalladi. Ushbu reytingdagi uchlikni Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Markaziy bank egallab turibdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘tgan galgi reyting baholashda Sog‘liqni saqlash vazirligiga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari orasida 5-o‘rin berilgan edi. Joriy yil 1 iyulgacha bo‘lgan davrni o‘zida ifodalagan «Ochiqlik indeksi» reytingi 45ta davlat hokimiyati va boshqaruvi organini qamrab oldi.

Shu paytgacha reyting baholashda faqat davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga e'tibor qaratilgan bo‘lsa, joriy yildan bu ishlarning sifati va soni, uning samaradorligini baholash kabi yangi mezon asosida o‘tkazildi. Bunda, eng avvalo, davlat hokimiyati organlari rahbariyatining keng auditoriya bilan muloqoti, uchrashuv, matbuot anjumanlari, brifinglardagi bevosita ishtiroki, axborot xizmatlari faoliyati va ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi hamda aholi murojaatlarini o‘z vaqtida qanoatlantirilganiga alohida urg‘u berildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunida belgilangan talablarga to‘liq rioya qilgan holda faoliyat olib bormoqda. Bunda vazirlik Matbuot xizmati fuqarolarning ijtimoiy ahamiyatga molik axborotlardan foydalanish huquqini kafolatlash, davlat organlari va aholi o‘rtasida o‘zaro axborot almashishning aniq mexanizmlarini yaratish bo‘yicha qator amaliy ishlar olib bormoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid