O‘zbekiston | 22:00 / 15.09.2018
93472
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «buxanka» narxi soat sayin o‘zgarmoqda

O‘zbekistonda 15 sentabrdan qolipli non - «buxanka»ning narxi ko‘tarildi. 2014 yil kuzidan buyon narxi 650 so‘m bo‘lib kelgan non narxi 550 so‘mgacha oshgan va endi bu mahsulot respublika bo‘ylab 650 so‘mdan 1200 so‘mgacha sotilmoqda. 

Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi «Kun.uz»ga ma'lum qilishicha, qolipli non narxi soat sayin o‘zgarmoqda. Qo‘mita monitoring natijalarini taqdim etgan.

Olingan operativ ma'lumotlarga ko‘ra, 600 grammli qolipli nonning donasi:
Qoraqalpog‘iston - 700 so‘m;
Andijon viloyati - 800 so‘m;
Buxoro viloyati - 750 so‘m;
Jizzax viloyati - 650-1100 so‘m;
Qashqadaryo viloyati - 1000 so‘m;
Navoiy viloyati - 1000-1200 so‘m;
Namangan viloyati -1000-1200 so‘m;
Samarqand viloyati - 650-750 so‘m;
Surxondaryo viloyati - 650-1000 so‘m;
Sirdaryo viloyati -  650-1000 so‘m;
Toshkent viloyati - 650-1200 so‘m;
Farg‘ona viloyati - 1000-1200 so‘m;
Xorazm viloyati - 1000-1200 so‘m;
Toshkent shahri - 1200 so‘m.

14 sentabr kuni Mamlakat aholisini va iqtisodiyot tarmoqlarini raqobat va bozor mexanizmlarini joriy etish asosida don, un va non bilan ishonchli ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi. 

Qarorga ko‘ra, 2018 yil 15 sentabrdan 1 kilogramm 1-nav bug‘doy unning ulgurji narxi 1 400 so‘m etib belgilandi, qolipli non erkin bozor narxi bo‘yicha (hozirda narx davlat tomonidan tartibga solingan) sotiladigan bo‘ldi.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga 2018 yil 1 oktabrdan boshlab un va qolipli non olish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi (18 400 so‘m) miqdorida kompensatsiya to‘lovi to‘lab beriladi.

Endilikda ishlab chiqarish tannarxi oshishi evaziga tandir nonning narxi ham oshishi kutilmoqda.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda qolipli non narxi oxirgi marta 2014 yil sentabrida 50 so‘mga qimmatlab, 650 so‘m etib belgilangan edi.

Mavzuga oid