Jamiyat | 18:13 / 17.09.2018
15062
3 daqiqa o‘qiladi

Xayriya natijasi: Shahnoza Hindistondan qaytdi

Aziz va saxovatpesha, ehsonsevar yurtdoshlar siz-u biz birgalikda yana bir yutuqqa erishib turibmiz. Gap shundaki, 15 sentabr kuni barchamizning umumiy sa'y-harakatimiz samarasi o‘laroq, Hindistonga davolanishga borgan singlimiz Shahnoza vatanga qaytdi. Kun.Uz sayyor guruhi uni kutib olish uchun I.Karimov nomidagi xalqaro aeroportga bordi. 

Bir necha oy faqat tek yotish bilan muolaja qilingan Shahnoza Hindistondan kayfiyati juda ko‘tarinki bo‘lib qaytganiga guvoh bo‘ldik. Shahnoza vatanni sog‘inganini aytar ekan, unga davolanib olishi uchun mehr muruvvat, xayr-ehson, saxovat qo‘llarini cho‘zgan, duolarida eslagan barcha vatandoshlariga sidqidildan minnatdorlik izhor qildi. Ularning haqlariga tinimsiz duoi xayrda ekanini ta'kidladi. 

“Umidsizlikka hech qachon tushish kerak emas ekan. Men oyoqqa tura olaman, deb o‘ylamagandim. Lekin Allohning mo‘'jizasi, mana, hozircha korset bilan bo‘lsa-da, harakatlanishim mumkin. Yana 6 oydan so‘ng, yana bir marta Hindistonga borib ko‘rikdan o‘tishim kerak bo‘ladi. Hammasi ko‘ngildagidek o‘tsa, bir yildan keyin, korsetsiz ham yura olaman”, - deydi Shahnoza. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yil mart oyi oxirida Kun.Uz sayti “Suyak silidan aziyat chekayotgan Shahnoza moddiy yordamga muhtoj” sarlavhali xayriya aksiyasini o‘tkazgan edi. Unda hamyurtimiz Shahnoza Toirova suyak siliga chalingani, Hindistonga 2 marta borib, umurtqasiga implant qo‘ydirgani, tanasi implantni qabul qilmagani sababli chiqarib tashlangani, zudlik bilan uchinchi marotaba Hindistonga borishi zarurligi, davolash va ko‘rikdan o‘tishi kerakligi aytilgandi. 

Uzoq va yaqindagi saxovatpesha vatandoshlarimizning Shahnozaga yordam qo‘llarini cho‘zishi natijasida kerakli mablag‘ yig‘ildi va Shahnoza 19 avgust kuni yaxshi niyat bilan Allohdan shifo umidida Hindistonga otlangan, sayt xodimlari uni xalqaro aeroportda kuzatib ham qo‘ygan edi. 

Ushbu xayriyada ishtirok etgan, duoi xayrlar qilgan barcha-barchaga Alloh ikki dunyo saodatini nasib etsin! Ikki dunyo g‘am-anduh ko‘rmasinlar! Alloh qilgan savobli amallarining ajrini niyatlariga yarasha ko‘paytirib bersin!

Tolib Rahmatov tayyorladi

Mavzuga oid