Sport | 12:54 / 19.09.2018
16218
12 daqiqa o‘qiladi

Ojiz Neymar va «bir ko‘zli» Roberto. Liverpulda supermatch

Inglizlarning hal qiluvchi goli qo‘shib berilgan daqiqalarda Robertu Firmino tomonidan urildi.

C guruhi
«Liverpul» (Angliya) – «PSJ» (Fransiya) – 3:2 (2:1)

Gollar: Starrij, 30 (1:0). Milner, 36 – penaltidan (2:0). Mene, 40 (2:1). Mbappe, 83 (2:2). Roberto Firmino, 90+2 (3:2).
«Liverpul»: Alisson, Aleksandr-Arnold, Gomez, van Deyk, Robertson, Vaynaldum, Xenderson, Milner, Saloh (Shachiri, 85), Starridj (Roberto Firmino, 72), Mane (Fabino, 90+3).
«PSJ»: Areola, Mene, Kimpembe, Tiagu Silva, Bernat, Rabo, Markinyus, Di Mariya (Shupo-Moting, 80), Mbappe, Kavani (Draksler, 80), Neymar.
Ogohlantirishlar: van Deyk, 27. Mene, 45+1.
Hakam: Junayt Chaqir (Turkiya).
18 sentabr. Liverpul. «Enfild» stadioni.

Chempionlar ligasining birinchi kunidagi markaziy uchrashuv ishonchlarni to‘liq oqladi. Muxlislar «Liverpul» va «PSJ» o‘rtasida yorqin spektakl guvohi bo‘lishdi, 5ta gol va final hushtagi chalingunga qadar intriga saqlanib qolishi.

Yurgen Klopp jamoasi «Enfild»da hech kimga imkon qoldirmasligini yana bir bor kuzatdik. O‘yin boshidanoq hujumkor o‘yin ko‘rsatgan mezbonlar 2:0 hisobida oldinga chiqib olishdi. Avvaliga Robertsonning pasidan keyin Daniel Starrij boshi bilan aniq zarba yo‘lladi. Keyinroq Xuan Bernat jarima maydonida Veynaldumni yiqitdi. Junayt Chaqir belgilagan penaltini Jyeyms Milner aniq amalga oshirdi..

Tomas Mene birinchi bo‘lim oxirida birinchi javob golini urdi. Ammo bu gol vaziyatni o‘zgartira olmadi. Ikkinchi bo‘lim ham mezbonlarning to‘liq ustunligida o‘tdi. Ammo 83-daqiqada diqqatini yo‘qotgan mersisaydliklar gol o‘tkazib yuborishdi. Muhammad Saloh to‘pni yo‘qotganidan keyin to‘pga ega chiqqan Neymar muvaffaqiyatli hujum uyushtirdi va Mbappe hisobni tenglashtirdi.

Lekin «Liverpul»ning irodasi mustahkamroq chiqdi. Qolgan 10 daqiqani hujumda o‘tkazgan jamoa niyatiga yetdi. Avvaliga Trent Aleksandr-Arnold ijrosida xavfli zarba ko‘rdik. Saloh o‘rniga maydonga tushirilgan Firmino o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda jarima maydoniga yorib kirdi va Areolaning uzoq burchagini aniq nishonga oldi. U golni nishonlar ekan, kafti bilan chap ko‘zini («Tottenhem» bilan o‘yin vaqtida Vertongen barmog‘ini shu ko‘zga tiqib olgandi) yopdi va fransuzlar fregatini cho‘ktirib yuborgan qaroqchi qiyofasiga kirdi.

«Tsrvena Zvezda» – «Napoli» 0:0
«Tsrvena Zvezda» – Boryan, Degenek, Rodich, Stoykovich, Savich, Yovichich (Yovanchich, 56), Krstichich, Chaushich, Marin (Simich, 87), Boachi (Pavkov, 81), Ben-Nabuan.
«Napoli» – Ospina, Albiol, Mariu Ruy, Xyusay, Kulibali, Zelinski (Gamshik, 75), Fabian Ruis, Kalexon (Una, 75), Allan (Mertens, 61), Insine, Milik.
Ogohlantirishlar: Allan (17), Krstichich (37), Degenek (55), Albiol (57), Milik (90), Mariu Ruy (90).

Belgradda o‘tgan bahsda kutilmagan natija qayd etildi. 1991 yilgi Chempionlar Kubogi g‘olibi, o‘shandan buyon ilk marta Yevropaning eng asosiy turniriga qaytgan «Tsrvena Zvezda» kuchli raqibdan ochko olishga muvaffaq bo‘ldi. «Napoli» to‘liq ustunlik ko‘rsatgan bo‘lsada, serblar darvozaboni Boryan ko‘p marta jamoasini muqarrar goldan qutqarib qoldi.

3 oktabr. «PSJ» – «Tsrvena Zvezda», «Napoli» – «Liverpul».

A guruhi
«Monako» – «Atletiko» - 1:2

Gollar: Gransir, 18 (1:0). Diyegu Kosta, 31 (1:1). Ximenes, 45+1 (1:2).
«Monako»: Benalo, Glik, Sidibe, Xenriks, Jyemerson, Shadli (Mbula, 58), Tilemans, Aolu (Traore, 69), N`Doram, Falkao, Gransir (Silla, 77).
«Atletiko»: Oblak, Xuanfran, Godin, Ximenes, Ernandez, Koke, Saul, Ernandes, Diyegu Kosta, Grizmann, Korrea (Lemar, 70).
Ogohlantirishlar: Falkao, 11. Ximenes, 48. Sidibe, 52. Traore, 78. Diyegu Kosta, 90+3.
Hakam: Kollam (Shotlandiya).
18 sentabr. Monako. «Lui II» stadioni.

Mavsumni muvaffaqiyatsiz o‘tkazayotgan Leonardu Jardim jamoasi xalqaro maydondagi ishtirokini ham mag‘lubiyat bilan boshladi. O‘zining sobiq jamoasiga qarshi maydonga tushgan Radamel Falkao 18-daqiqada Samuel Grandsirning goli bilan yakunlangan hujumda ishtirok etdi.

«Monako» o‘yinni nazorat qilayotgandek ko‘ringandi, ammo Diyego Simeone jamoasi ikkita vaziyatdan ikkita gol urdi. Birinchi epizodda ispanlarning ideal qarshi hujumi monegaskliklar himoyasini chilparchin qildi va Diyego Kosta hisobni tenglashtirdi. Keyin himoyachi Xose Mariya Ximenes burchak zarbasidan gol urib, jamoasiga g‘alaba keltirgan golni urdi. Ikkinchi bo‘limni «Atletiko» xotirjam o‘tkazdi va natijani saqlab qoldi.

«Bryugge» – «Borussiya» - 0:1
Gol: 0:1 – 85 Pulishich.
«Bryugge» – Letitsa, Mitrovich, Densvil, Pulen, Vlitink (Kols, 56), Vormer, Vanaken, Rits, Danjuma (Bonaventure, 76), Uesli, Vossen (Openda, 82).
«Borussiya» D – Byurki, Akanji, Shmeltser, Pishchek, Diallo, Gettse (Kagava, 62), Sancho (Pulishich, 69), Volf, Vaygl (Daud, 84), Roys, Vittsel.
Ogohlantirishlar: Vaygl (19), Kagava (90).

Belgiya chempioni bu uchrashuvda mag‘lubiyatga munosib emasdi. Belgiyaliklar o‘yinni juda yaxshi boshlashdi, qator xavfli vaziyatlar yaratishdi. «Borussiya» futbolchilari birinchi bo‘limda boshlarini ko‘tara olmay qolishgandi. 

Ikkinchi bo‘limda «Bryugge» futbolchilari charchab qolishdi. O‘yin durang natija bilan yakunlanishiga qarab ketayotgan vaqtda esa «Borussiya» g‘alaba golini urdi. 85-daqiqada Pulishich to‘pni darvozabon ustidan oshirib, darvozaga joyladi. Belgiyaliklar YeChLda qatorasiga yettinchi mag‘lubiyatni qabul qilib olishdi. Ikki yil muqaddam ular o‘z kvartetlarida barcha uchrashuvlarda mag‘lub bo‘lishgandi.

3 oktabr. «Atletiko» – «Bryugge», «Borussiya» D – «Monako».

V guruhi
«Barselona» – PSV

Gollar: 1:0 – 31 Messi, 2:0 – 74 Dembele, 3:0 – 77 Messi, 4:0 – 87 Messi. 
Barselona – ter Stegen, Pike, Alba, Serji Roberto, Umtiti, Rakitich (Vidal, 85), Buskets, Koutino (Langle, 81), Dembele (Artur, 83), Messi, Suares.
PSV – Zut, Shvaab, Tasende, Dumfris, Virgever (Izima-Miren, 66), Xendriks, Pereyro, Losano, Rosario (Guterres, 82), Bergveyn (Malen, 78), de Yong.
Ogohlantirishlar: Virgever (30), Umtiti (55), de Yong (57).
Chetlatish: Umtiti (79).

«Barselona» kutilganidek turnirni yirik g‘alaba bilan boshladi. «Kamp Nou»da PSV jamoasiga imkon qoldirilmadi. Niderlandiya chempionatida 5 o‘yinda 5 g‘alabaga erishgan, oxirgi turda raqibiga javobsiz 7 gol urgan PSV ispanlarga jiddiy qarshilik ko‘rsatishdi. Qarshi hujumlar vaqtida «Barselona» tomonidan qiziqish bildirilayotgan Losanodan tashqari, de Yong ham katalonlar uchun xavf tug‘dirib turishdi. 

Ammo Lionel Messining mahorati barchasini hal qildi. 30-daqiqada Dembelega fol ishlatilgach, Messi jarima zarbasidan yana bir shedevr golini urdi. 

Tanaffusdan keyin katalonlar ustunlikni qo‘lga olishdi. Ammo ikkinchi gol 75-daqiqaga kelibgina urildi. Dembele Koutinoning pasidan keyin uzoq masofadan darvozani ishg‘ol qildi. O‘yinni kataloniyaliklar bir kishi kam bo‘lib yakunlashdi, Umtiti 79-daqiqada ikkinchi sariq kartochkani olib, maydondan chetlatildi.

Ammo bu mezbonlar yirik hisobda g‘alaba qozonishiga xalaqit bera olmadi. O‘yinning qolgan qismida Messi het-trikni rasmiylashtirdi. Bu Messining Chempionlar ligasidagi sakkizinchi het-trigi bo‘ldi.

«Inter» – «Tottenhem» - 2:1
Gollar: Ikardi, 86. Vesino, 90+2 – Eriksen, 53

«Inter» 7 yil o‘tib Chempionlar ligasiga qaytishini g‘alaba bilan nishonladi. Jamoa guruhda qiyin raqiblarga duch kelgan. Ularning birinchisi «Tottenhem» qiyinchilik bilan mag‘lub etildi. Tanaffusga qadar mezbonlar asosan himoyaviy taktika qo‘llashdi. Birinchi bo‘limda yagona golli vaziyat inglizlar jamoasi hujumchisi Harri Keynda bo‘lgandi. Ammo u Eriksendan qulay pas qabul qilib olib, darvozabon Samir Xandanovichni aldab o‘tib ham darvozani ishg‘ol eta olmadi. Daniyalik futbolchi bo‘lim davomida bir necha marta sheriklarini qulay vaziyatlarga olib chiqdi, ammo jamoa hujumchilari vaziyatlarni ko‘kka sovurishdi.

Tanaffusdan keyin esa Eriksen o‘zi zarba berishga qaror qildi va hisob ochildi. Birinchi zarbani darvozabon qaytargandi, ammo to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Kristian maqsadiga erishdi. 

O‘yin yakuniga 20 daqiqacha vaqt qolganida londonliklar vaqtni cho‘zishni boshlashdi va to‘pni maydonning markaziy qismida ushlab turishga harakat qilishdi. Yakunda ular buning uchun jazolanishdi. Avvaliga Ikardi jarima maydoni tashqarisida turib bitta harakat bilan to‘pni darvozaning uzoq burchagiga joyladi. Qo‘shib berilgan daqiqalar davom etayotgan vaqtda burchak zarbasidan keyin Vesino jamoasiga g‘alaba olib keldi.

3 oktabr. «Tottenhem» – «Barselona», PSV – «Inter».

D guruhi
«Shalke» – «Portu» - 1:1

Gollar: 1:0 – 64 Embolo, 1:1 – 75, penalti Otavio.
Shalke – Fermann, Sane, Naldo, Nastasich, Serdar (Xarit, 84), Kalijuri, Bentaleb, Makkenni, Shopf, Ut (Konoplyanka, 65), Embolo (Burgshtaller, 72).
Portu – Kasilyas, Felipe, Telles, Maksi Pereyra, Eder Militao, Errera, Danilu Pereyra, Marega, Otavio (Ernani, 90), Braimi (Serjiu Oliveyra, 82), Abubakar (Korona, 60).
Ogohlantirishlar: Embolo (27), Ut (53), Korona (78), Errera (86).

«Shalke» va «Portu» o‘rtasidagi uchrashuv hisob va o‘yindan qat'i nazar tarixiy bo‘lishi kerak edi. Gilzerkirxenda Iker Kasilyas 90 daqiqa maydonda bo‘ldi va u Chempionlar ligasida 20 mavsumda ishtirok etgan ilk futbolchiga aylandi. Ayni vaqtda futbolchilik faoliyatini davom ettirayotganlar orasida unga eng yaqin natija Aren Robben tomonidan qayd etilgan, uning uchun bu mavsum 17-chisi bo‘ladi.

O‘yin boshida mehmonlar futbolchisi Aleks Telles penaltidan unumli foydalana olmadi. Fermann uning zarbasini bartaraf etdi. Ikkinchi bo‘limda tomonlar bittadan gol urishdi. Mezbonlar Emboloning goli evaziga oldinga chiqib olishdi, Otaviu portugallarni qutqardi. U 70-daqiqada 11 metrlik nuqtaga yaqinlashdi va Tellesning xatosini takrorlamadi.

«Galatasaroy» – «Lokomotiv» 3:0 (1:0, 2:0)
Gollar: 1:0 – 9 Rodrigesh, 2:0 – 67 Derdiyok, 3:0 – 90, penalti Inan.
Galatasaroy – Muslera, Aziz, Nagatomo, Linnes, Fernando, Ndiayye, Donk, Akbaba, Belxanda (Maykon, 73), Rodrigesh (Inan, 90), Derdiyok (Onekuru, 82).
Lokomotiv – Gilerme, Xevedes, Chorluka, Kverkveliya, Ignatev (Eder, 69), Fernandesh, Denisov, Miranchuk (Miranchuk, 86), Kryxovyak, Idovu, Farfan.
Ogohlantirishlar: Chorluka (23), Ndiayye (42), Idovu (60), Fernando (72), Denisov (88), Gilerme (90).
Chetlashtirish: Ndiayye (87).

3 oktabr. «Lokomotiv» – «Shalke», «Portu» – «Galatasaroy».

Mavzuga oid