Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Farzand ta'minoti: u qanday tartibda amalga oshiriladi?
Konstitutsiyaning 64-moddasiga muvofiq, ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Ma'lumki, oila buzilgan va ota-onadan biri o‘z farzandi uchun moddiy ta'minot — aliment to‘lashdan bosh tortgan hollarda alohida yashovchi ota yoki onaning bola ta'minotida ishtiroki o‘ta dolzarb masalaga aylanadi.
Qonunga ko‘ra, alohida yashovchi ota yoki ona voyaga yetmagan farzandi ta'minotida turli shakllarda ishtirok etishga haqlidir. Bunday ta'minotning eng ko‘p tarqalgan shakli Oila kodeksining 135-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Bunda ota-ona farzand ta'minotida ixtiyoriy shaklda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ota yoki onadan biri o‘z farzandiga hech qanday davlat organining aralashuvisiz o‘z ixtiyori bilan va muntazam ravishda moddiy yordam ko‘rsatadi. Odatda, bunday xulq-atvor qonunga itoatkor fuqarolarga xosdir. Ular bola tarbiyasida zimmasidagi mas'uliyatni chuqur anglagan holda, ota-onalik burchlarini vijdonan ado etadilar.
Voyaga yetmagan farzandlar ta'minotining, qonunni qo‘llash amaliyoti ko‘rsatganidek, o‘z voyaga yetmagan farzandi uchun ota-ona tomonidan beriladigan, lekin uncha ko‘p uchramaydigan shakli ham mavjud. Bu o‘rinda Oila kodeksining 17-moddasi va 17-bobida nazarda tutilgan holat, ya'ni ota-onaning aliment to‘lash to‘g‘risida o‘zaro kelishuv tuzishga doir huquqi haqida so‘z bormoqda. Bunday holda ular aliment miqdori, to‘lash usuli va tartibini mustaqil ravishda belgilab oladilar.
Shuni alohida ta'kidlash lozimki, aliment to‘lash to‘g‘risidagi bitimda belgilanadigan ta'minot miqdori qonunda ko‘zda tutilgan aliment miqdoridan kam bo‘lishi mumkin emas. Ayni paytda aliment to‘lash usuli va tartibi mutlaq taraflar xohishiga ko‘ra belgilanadi.
Jumladan, aliment uni to‘lashga majbur shaxsning ish haqi yoki boshqa daromadiga nisbatan hissali tarzda; bir marotaba to‘lanadigan qat'iy pul summasida; vaqti-vaqti bilan to‘lanadigan qat'iy pul summasida; mol-mulk taqdim etish yo‘li bilan yoki boshqa usullarda to‘lanadi.
Aliment to‘lash to‘g‘risidagi bitimda bir paytning o‘zida, shuningdek, uni to‘lashning bir necha usuli nazarda tutilishi mumkin.
Aliment to‘lash to‘g‘risidagi bitim yozma tarzda tuziladi va notarius tomonidan tasdiqlanadi. Bunday kelishuv ijro varaqasi kuchiga ega bo‘lib, zarur bo‘lganda, qonunda belgilangan tartibda majburiy ijroga qaratilishi mumkin.
Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvni bajarishdan bir tomonlama voz kechishga yoki uning shartlarini bir tomonlama o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Chunki Oila kodeksining 132-moddasida uning faqat taraflar roziligi bilan o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi belgilangan bo‘lib, bu kelishuv dastlab qanday shaklda tuzilgan bo‘lsa, aynan shu shaklda amalga oshirilishi shart.
Mazkur masala yuzasidan taraflar o‘rtasida rozilikka erishilmagan hollarda, manfaatdor taraf ushbu kelishuvni o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risida sudga da'vo arizasi bilan murojaat qilishga haqli.
Bunday da'voni qo‘zg‘atish uchun taraflardan birining moddiy yoki oilaviy sharoitidagi jiddiy o‘zgarish asos bo‘ladi.
Voyaga yetmagan farzandlar ta'minotining uchinchi ko‘rinishi — bola ta'minotida ishtirok etishning eng keng tarqalgan shaklidir. Ya'ni bu alimentni sud tartibida undirish bo‘lib, Oila kodeksining 136-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi. Qonunda aliment olish huquqiga ega bo‘lgan shaxs aliment undirish to‘g‘risidagi ariza bilan ham sud buyrug‘i tartibida, ham da'vo tartibida sudga murojaat etish huquqiga ega ekani belgilangan.
Birinchi holda masalani ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha sudya tomonidan aliment undirish to‘g‘risidagi arizaga ko‘ra, yakka tartibda sud qarori — sud buyrug‘i chiqariladi.
Ikkinchi holda esa, shu masala to‘g‘risida berilgan da'vo yuzasidan sudya hal qiluv qarori qabul qiladi.
Fuqarolik protsessual kodeksining 171-moddasi 4-bandiga ko‘ra, voyaga yetmagan bolalar ta'minoti uchun aliment undirishga oid talab bo‘yicha sud buyrug‘i berishga sudya, faqat muayyan shart mavjud bo‘lganda, ya'ni mazkur talab otalik (onalik) yuzasidan nizolashuv yoki ishga boshqa manfaatdor shaxslarni jalb etish zarurati bilan bog‘liq bo‘lmagan holdagina haqlidir.
Qonunning ushbu normasidan kelib chiqadigan xulosa shuki, qator hollarda aliment undirish masalasi sud buyrug‘i tartibida hal qilinishi mumkin emas. Chunonchi, qarzdor tomonidan boshqa farzandi ta'minoti uchun aliment to‘layotgani haqida ma'lumot mavjud bo‘lgan taqdirda, sudya sud buyrug‘i berish to‘g‘risidagi arizani qabul qilmasligi lozim.
Bunday holda sudya sud buyrug‘i berish to‘g‘risidagi arizani qabul qilishni rad etadi. Biroq bunday hol undiruvchi tomonidan mazkur talab da'vo tartibida taqdim etilishiga monelik qilmaydi. Bu ish bo‘yicha yangi sud hujjati boshqa, ya'ni qarzdor aliment to‘layotgan shaxs manfaatlariga tegib ketishi mumkinligi tufayli uni ishda ishtirok etishga jalb qilish zarurati bilan bog‘liqdir.
Ma'lumki, ota-onalardan undiriladigan aliment miqdori qarzdorning oylik ish haqi yoki boshqa daromadiga nisbatan hissada belgilanadi.
Ammo amaliyotda shunday vaziyatlar paydo bo‘ladiki, aliment miqdorini ota yoki onaning daromadiga nisbatan hissada undirish imkoni bo‘lmaydi, qiyinchilik tug‘diradi yoki taraflardan birining manfaatlarini jiddiy tarzda buzadi.
Bunday hollarda sud Oila kodeksining 102-moddasi ikkinchi qismiga asoslanib, aliment miqdorini qat'iy pul summasida belgilashi mumkin. Bu vaziyat, odatda, aliment to‘lovchi muntazam bo‘lmagan, o‘zgaruvchan ish haqi yoki daromad oladigan yoki daromadining bir qismi natura shaklida beriladigan yoxud rasman belgilangan ish haqi yoki daromad olmaydigan holatlar mavjud bo‘lganda kelib chiqadi.
Aliment undirish to‘g‘risidagi talablarni ko‘rish amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, mazkur masalani tartibga soluvchi qonunchilikni, shu jumladan, Fuqarolik protsessual kodeksi nomalarini qo‘llashda ham muayyan noaniqliklar mavjud.
Chunonchi, Fuqarolik protsessual kodeksining 180-moddasiga muvofiq sud buyrug‘i u berilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan so‘ng qonuniy kuchga kiradi. Mazkur kodeksning 181-moddasiga ko‘ra, agar shu muddat ichida qarzdor arz qilingan talablarga nisbatan e'tiroz bildirsa, sudya sud buyrug‘ini bekor qiladi va undiruvchiga aliment undirish to‘g‘risidagi talabini da'vo ishini yuritish tartibida taqdim etish lozimligini tushuntiradi.
Biroq Fuqarolik protsessual kodeksining 18-bobida prokuror sud buyrug‘i ustidan protest kirita oladimi, agar kirita olsa, qancha muddatda va uni qanoatlantirish oqibatlari qanday bo‘ladi, degan savollarga javob beradigan norma mavjud emas.
Qonundagi yana bir noaniqlik shundan iboratki, aliment undirishga oid bir masalada qabul qilingan sud hujjatini ijroga qaratish vaqtini huquqiy tartibga solish bo‘yicha, ish yuritish shaklidan kelib chiqib, ikki xil yondashuv mavjud. Ya'ni Fuqarolik protsessual kodeksining 177, 180, 181-moddalari mazmuniga ko‘ra, sud buyrug‘i faqat u qonuniy kuchga kirgandan so‘ng ijroga qaratilishi mumkin bo‘lsa, Fuqarolik protsessual kodeksining 266-moddasi 1-bandiga muvofiq sudning aliment undirish to‘g‘risida da'vo ishini yuritish tartibida qabul qilingan hal qiluv qarori u qonuniy kuchga kirganidan qat'i nazar, darhol ijroga qaratiladi.
Shuningdek, davlat bojini undirish masalasida Fuqarolik protsessual kodeksining buyruq tartibida ish yuritishni tartibga soluvchi normalari va soliq qonunchiligi normalari orasida ham nomutanosiblik bor. Xususan, Fuqarolik protsessual kodeksining 176-moddasi birinchi qismi 4-bandiga ko‘ra, agar sud buyrug‘i berish to‘g‘risidagi ariza bo‘yicha davlat boji to‘lanmagan bo‘lsa, sudya uni qaytarishi lozim. Qonunning ushbu normasida aliment undirish to‘g‘risidagi talablar uchun istisnolar nazarda tutilmagan.
Ayni paytda Soliq kodeksining 329-moddasi 3-bandiga ko‘ra, aliment undirish to‘g‘risidagi da'volar bo‘yicha da'vogarlar davlat bojini to‘lashdan ozod etilgan.
Shunday qilib, huquq to‘g‘risida nizoning mavjudligi sud buyrug‘i berish to‘g‘risidagi arizani qabul qilishni rad etish uchun asos bo‘ladi va bu holat buyruq tartibida ish yuritishning huquqiy xususiyatini inobatga olganda, to‘g‘ri hisoblanadi. Biroq ayni paytda huquqqa oid nizo bo‘lmagan hollarda ham undiruvchi aliment undirish to‘g‘risida sudga da'vo bilan murojaat qilishi mumkinmi, degan masalada sud amaliyotida bir xil yondashuv mavjud emas.
Aslida, sud buyrug‘i tartibida ish yuritish vaqtida, aksariyat hollarda, shunday vaziyat yuzaga keladiki, bunda aliment miqdori va usulini to‘g‘ri belgilashga oid masalalarni aniqlash uchun qarzdorning sud majlisida qatnashishi zarur bo‘lib qoladi. Fikrimizcha, bu har bir fuqaroning sub'yektiv huquqi hisoblanadi va aliment undirish masalasida qaysi tartibda ish yuritish maqsadga muvofiqligi yoki qulayligi xususida uning o‘zi bir qarorga kelishga haqli.
N.Akbarova,
fuqarolik ishlari bo‘yicha
Zangiota tumanlararo sudining sudyasi
Mavzuga oid
18:42 / 05.06.2026
Navoiyda alimentdan qarzdor ota tandir ichidan topildi
20:26 / 10.05.2026
Rasmiy daromadga ega bo‘lmaganlar uchun aliment hisoblashda qo‘llaniladigan miqdorlar oshdi
08:12 / 04.05.2026
Aliment to‘lamaslik uchun xotini va qizini o‘ldirgan shaxs 19 yilga qamaldi
08:33 / 24.04.2026