O‘zbekiston | 12:30 / 21.09.2018
8495
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Mozori Sharif – Hirot temir yo‘l liniyasini loyihalashga kirishdi

Foto: Sputnik

O‘zbekiston Mozori Sharif – Hirot yo‘nalishi bo‘yicha temir yo‘l liniyasini loyihalashga kirishdi. Bu haqda Kun.uz muxbiriga  «O‘zbekiston temir yo‘llari» boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Fazlitdin Sa'dullayev Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan transport forumi doirasida ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihalovchilarda temir yo‘l liniyasi yo‘nalishini tanlashda ayrim savollar paydo bo‘lgan.

«Biz eng qisqa marshrutni tanlashimiz mumkin, ammo keyin bu yo‘ldan foydalanish juda qiyin bo‘ladi. U yer tog‘li hudud bo‘lib, murakkab uchastka sanaladi. Biz kelgusida foydalanishni osonlashtiradigan ko‘rsatkichlarni hisobga olishimiz lozim», – dedi u.

Sa'dullayev loyihalash ishlari qachon yakunlanishiga aniqlik kiritmadi, ammo «O‘zbekiston temir yo‘llari» bu jarayonni uzoqqa cho‘zmasligini bildirdi.

2017 yil dekabrda Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining O‘zbekistonga tashrifi davomida Surxon – Puli Xumri elektr uzatish liniyasini qurish loyihasi O‘zbekiston mutaxassislari tomonidan amalga oshirilishi va Mozori Sharif – Shibirg‘on – Maymana – Hirot temir yo‘li birgalikda barpo etilishiga kelishib olingandi. 

Eslatib o‘tamiz, 20 sentabr kuni Toshkentda «Markaziy Osiyo transport yo‘laklari tizimida: strategik istiqbollar va amalga oshirilmagan imkoniyatlar» mavzuida transport kommunikatsiyalari sohasida birinchi xalqaro konferensiya boshlandi.

Mavzuga oid