O‘zbekiston | 20:34 / 24.09.2018
22320
3 daqiqa o‘qiladi

Ochiq dengizda 49 kun: Indoneziyalik yigitning boshidan kechirganlari

Foto: Facebook /Crispin Ali Basah

Indoneziyalik 19 yashar o‘smir yigit 49 kun ochiq dengizda qolib ketdi. Bunga sabab uning baliq tutishga mo‘ljallangan kulbali qayig‘ini shamol qirg‘oqdan ancha olisga olib ketgani bo‘ldi.

Aldi Novel Adilang 16 yoshidan beri baliqchilik qiladi. U baliq tutib sotishda oilasiga yordam beradi. Uning qiladigan ishi baliqlarni chalg‘itish uchun olov yoqilgan lampani tutib turish bo‘lgan. Shunda baliqlar kulbali qayiqdagi to‘rga tushavergan. Bu an'anaviy usul Indoneziyada baliq tutishda ancha ommalashgan.

Suzuvchi kulba qirg‘oqdan 125 km uzoqlikda joylashgan. Yigitchaga haftada bir marta suv, oziq-ovqat olib kelib turishgan va yangi tutilgan baliqlarni olib ketishgan. Odatda bunday kulbalar oddiy arqon bilan mustahkamlangan. 

Joriy yilning iyul oyi o‘rtalarida kuchli shamol qayiqni bola bilan qo‘shib juda uzoqqa olib ketadi. Adilangda yeb-ichish uchun oziq-ovqat zaxirasi kam qolgan edi. U biror bir kema uni ko‘rib qolishi va qutqarishlaridan umidini uzmadi. 

Yigitcha baliq tutdi, kulba bunyod bo‘lgan yog‘ochlardan olov yoqib, baliqlarni pishirdi. Dengiz suvini tuzi kamroq bo‘lishi uchun kiyimlari orqali sizdirib ichdi.

Shunday qilib oradan xavfli sarguzashtning 49 kuni o‘tdi. Bu orada uning yonidan 10 ta kema suzib o‘tdi, ammo hech kim unga e'tibor qaratmadi. Oxir-oqibat Panama bayrog‘i ostida suzib yurgan kema uni o‘z bortiga chiqardi.

Kema kapitani Guamning qirg‘oq qo‘riqlov xizmati bilan bog‘landi va bo‘lgan voqeani so‘zlab berdi. Oxiri shunday qarorga kelindi: kema Yaponiya tomon yo‘nalishini o‘zgartirgach, yigitning vatanidagi konsullikdan vakil kelib, uni olib ketadigan bo‘ldi. Aldi uyiga 8 sentabrda qaytdi. Ayni damda u o‘zini yaxshi his qilmoqda.

Mavzuga oid