Sport | 16:09 / 24.09.2018
2729
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shu hafta OFK Ijroqo‘mi yig‘ilishiga mezbonlik qiladi

Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa

Bugun, 24 sentabr kuni Osiyo Futbol Konfederatsiyasi prezidenti, FIFA vitse-prezidenti shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa Toshkentga tashrif buyuradi.

O‘FA matbuot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, shu yil yozda Rossiyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati vaqtida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse prezidenti Umid Ahmadjonov OFK rahbari bilan uchrashgan. Uchrashuvda tomonlar OFK Ijroqo‘mining navbatdagi yig‘ilishini Toshkentda o‘tkazishga kelishib olishgan.

Qayd etilishicha, qo‘mita majlisi 26 sentabr kuni Toshkent shahridagi «International» mehmonxonasida bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan 24-25 sentabr kunlari FIFA va OFKdan bir qator martabali shaxslar Toshkent shahriga tashrif buyurishadi.

Ma'lum qilinishicha, ayni vaqtda OFK Bosh kotibi Dato Vindsor Jon Pol Toshkentga yetib kelgan. Bugun soat 18:30 da OFK prezidenti shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa ham O‘zbekiston poytaxtiga keladi.

Foto: O‘FA / Chapdan ikkinchi - Dato Vindsor Jon Pol

Aytish joiz, O‘zbekiston OFK Ijroqo‘mi yig‘ilishiga ilk marotaba mezbonlik qilmoqda.

Ma'lumot o‘rnida, OFK Ijroiya qo‘mitasi OFK Kongressining qarorlarini ijro etish uchun mas'ul organ hisoblanadi. Tashkilotning boshqa 15 ga yaqin qo‘mitalari qarorlari ham Ijroqo‘m tasdig‘idan o‘tishi kerak. Qo‘mitaga konfederatsiya prezidenti rahbarlik qiladi. OFKning 5 nafar vitse-prezidenti va 1 nafar bosh kotibi, FIFA kengashining 5 nafar a'zosi va 11 nafar qo‘mita a'zolari ushbu tuzilma tarkibiga kiradi. Ijroiya qo‘mitasining 11 a'zosi orasida O‘FA bosh kotibi Sardor Rahmatullayev ham bor.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid