Jahon | 21:30 / 25.09.2018
12273
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQSh boshqalarga yashashni o‘rgatmasligiga va'da berdi

AQSh prezidenti Donald Tramp BMT Bosh Assambleyasidagi chiqishi davomida ma'lum qildiki, rasmiy Vashington boshqa mamlakatlarga «qanday yashashni o‘rgatmaydi».

«AQSh sizga qanday yashashni, qanday ish qilishni yoki qanday urush olib borishni o‘rgatmaydi. Biz shunchaki o‘z suverenitetingizni hurmat qilishingizni so‘raymiz», degan u.

Shu bilan birgalikda, Amerika rahbari Qo‘shma Shtatlar hamisha o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda harakatlanishini ma'lum qilgan.

«Mening ma'muriyatim namoyish etib berganidek, Amerika hamisha o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda ish tutadi», degan u.

«Biz o‘zimizni aldashlariga, biznikilarni qurbon qilishlariga yo‘l qo‘ymaymiz. Amerika hamisha o‘z fuqarolarini himoya qiladi», deya qayd etgan Tramp.

Shu bilan birga u AQSh globalizm g‘oyasini inkor etishini bildirgan.

«Biz globalizm ideologiyasini inkor etamiz va vatanparvarlik ideologiyasini qabul qilamiz», — degan Tramp.

U shuningdek, dunyoni sotsializmga qarshi turishga chaqirgan.

«Sotsializm yoki kommunizm hamisha azob, axloqsizlik va tushkunlik keltirgan. Barcha mamlakatlar birgalikda sotsializmga qarshi turmog‘i kerak.

Biz Venesuelada insonlarning fojiali qismatiga guvoh bo‘lmoqdamiz. 2 milliondan ortiq kishi sotsialist Nikolas Maduro rejimidan qochmoqda.

Yaqindagina Venesuela badavlat mamlakat edi. Bugungi kunda esa sotsializm millatni halokatga olib keldi, neft zaxiralariga ega bu mamlakat xalqi qashshoqlikka mahkum bo‘ldi», degan Tramp.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid