Jamiyat | 20:40 / 25.09.2018
4510
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zagrokimyohimoya” chigirtkalarga qarshi kurashishda BMT bilan hamkorlik qiladi

“O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyatida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) vakili, professor Aleksandr Lachininskiy bilan O‘zbekistonda zararli chigirtkalarga qarshi kurash ishlarini tashkillashtirish va o‘tkazishni yanada rivojlantirishda hamkorlik qilish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi.

Aleksandr Lachininskiy o‘simlikshunoslik va o‘simliklarni himoya qilish bo‘limi  chigirtkalarga qarshi kurashish ofitseri, Butunjahon chigirtkalarni o‘rganish jamiyati prezidenti hisoblanadi.

Uchrashuvda “O‘zagrokimyohimoya” AJ boshqaruv raisi Olimjon Isayev, O‘simliklarni himoya qilish ilmiy tadqiqot instituti “Chigirtkalarni o‘rganish laboratoriyasi” mudiri, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor Furqat G‘afforov va boshqa mutaxassislar ishtirok etdi. 

Uchrashuvda O‘zbekiston hududida zararli chigirtkalarning tarqalish holati, joylarda ularga qarshi kurashish tadbirlarini o‘z vaqtida va samarali o‘tkazish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa Qoraqalpog‘iston Respublikasining Orolbo‘yi mintaqasida to‘da hosil qilib zarar yetkazadigan osiyo chigirtkasining katta maydonlarga tarqalish xavfi mavjudligi tufayli kelgusida FAO tomonidan soha mutaxassislari malakasini oshirish, chigirtkalarga qarshi kurash ishlariga zamonaviy texnologiya va texnikalarni joriy etish bo‘yicha texnik yordam ko‘rsatishga, ASDC texnologiyasi maxsus dasturlari yordamida zararli chigirtkalarni tarqalishini bashorat qilish tizimini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi. FAO eksperti

Orolbo‘yi mintaqasiga borib vaziyat bilan tanishishi jarayonida zarur takliflarni berishi ta'kidlandi.

Shuningdek, uchrashuvda JICA tomonidan moliyalashtiriladigan 7 mln. AQSh dollari miqdoridagi loyiha tasdiqlanish arafasida turganligi hamda ushbu loyiha doirasida O‘zbekiston

Respublikasiga jami 550 ming AQSh dollarlik  zamonaviy texnika va texnologiyalar, jumladan 10ta “Toyota Xaylyuks” rusumli avtomashina, 5 ta “Mikroneyr UMO” va boshqalar yetkazib berilishi haqida kelishib olindi. 

Tomonlar kelgusida o‘simliklarni himoya qilish sohasida hamda zararli chigirtkalarga qarshi kurashda hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldilar.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid