O‘zbekiston | 13:16 / 25.09.2018
10482
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «El-yurt umidi» jamg‘armasi tashkil etilmoqda

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida vatandoshlar bilan muloqot va xorijda mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. 

Hujjatda qayd etilishicha, Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi xorijda mutaxassislar tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot bo‘yicha Markaz «El-yurt umidi» jamg‘armasiga o‘zgartirildi.

Belgilanishicha, jamg‘arma O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Iste'dod» jamg‘armasi huquqiy vorisi bo‘ladi.

Jamg‘arma katta ilmiy va amaliy tajribaga ega bo‘lgan, xorijdagi taniqli ilmiy-tadqiqot, ta'lim va tibbiy muassasalar, iqtisodiyotning istiqbolli sohalarida ishlovchi vatandoshlar bilan aloqalar o‘rnatadi. Shuningdek, katta ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlar elektron reyestrini tashkil etadi hamda yuritadi. Bundan tashqari, xorijiy olimlar, o‘qituvchilar, muhandislar va boshqa mutaxassislarni ta'lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalariga jalb etish bo‘yicha tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi. 

Qayd etilishicha, jamg‘armaga Vazirlar Mahkamasi qarori bilan lavozimiga tayinlanuvchi va lavozimidan ozod etiluvchi direktor rahbarlik qiladi. Direktor maqomi, ish haqi va boshqalar bo‘yicha vazirning birinchi o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Ta'kidlanishicha, jamg‘armaning moliyaviy ko‘magi bilan magistratura yoki doktorantura dasturlari bo‘yicha ta'lim olgan stipendiatlar tuzilgan shartnomada belgilab qo‘yilgan muddat davomida oliy ta'lim yoki ilmiy muassasa, shuningdek, vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlarida ishlab berishga majbur bo‘ladi.

Jamg‘arma «O‘zavtosanoat» AJning Toshkent shahri, Mirobod tumani, Amir Temur shoh ko‘chasi, 13-uy (3-qavat)da joylashtiriladi.

Mavzuga oid