Jamiyat | 16:30 / 26.09.2018
2788
7 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar ittifoqi eng kuchli yosh ijodkorlarni taqdirladi

25 sentabr kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi «Yoshlar press-klubi»da «Yoshlar tarbiyasiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadigan qisqa metrajli filmlar va videoroliklar», «Izhor» milliy ruhdagi she'r va hikoyalar, «Yosh qo‘shiq ijrochilari» Respublika tanlovlari g‘oliblarini tantanali taqdirlash hamda «Yoshlar kutubxonasi» loyihasining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

«Izhor» tanlovida 10 nafar g‘olib!

«Izhor» miliy ruhdagi she'rlar va hikoyalar tanloviga 35 yoshgacha bo‘lgan ijodkorlarning 400ga yaqin she'r va hikoyalari taqdim etildi. Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, 10 nafar ishtirokchi g‘olib deb topildi va ular munosib taqdirlanishdi.

Nazm yo‘nalishida 1-o‘ringa Termiz Davlat universiteti talabasi Nargiza Odinayeva, 2-o‘ringa Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on Sanoat va transport kasb-hunar kolleji talabasi Gulshoda Husniddinova va «Xalq irodasi» gazetasi muxbiri Mohira Habibullayeva, 3-o‘ringa erkin ijodkor Ravshan Husan hamda Nukus shahri 20-sonli umumta'lim maktabi 9-sinf o‘quvchisi Ulbo‘sin Abdugaliyeva munosib deb topildi.

Nasr yo‘nalishida 1-o‘rin Alisher Navoiy Nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi xodimi Javlon Jovliyevga, 2-o‘rin Bayram Ali Qo‘ldoshevga, 3-o‘rin Sirdaryo viloyati Boyovut tumani 9-umumta'lim maktabi o‘qituvchisi Gulnoza Mamarasulova, Farg‘ona politexnika instituti talabasi Asliddin To‘lanov va Navoiy Davlat Pedagogika instituti talabasi Nilufar Obidovaga nasib etdi.

«Choy» filmi e'tirofga loyiq!

«Yoshlar tarbiyasiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadigan qisqa metrajli filmlar va videoroliklar» tanlovida esa 30 yoshgacha bo‘lgan 130 nafardan ortiq professional va havaskor yoshlar taqdim etgan ijtimoiy rolik, qisqa metrajli film va adabiy-badiiy ssenariylar ko‘rib chiqildi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, 8 nafar professional va havaskor ijodkorlar g‘olib deb topildi. Qisqa metrajli filmlar yo‘nalishi bo‘yicha:

1-o‘rinni Shokir Xoliqovning «Choy» filmi;

2-o‘rinni Mars O‘rinbosarovning «Saboq» filmi;

3-o‘rinni Ravshan Nurmuhammedovning «Ustoz» filmi qo‘lga kiritdi.

«Choy» nomli qisqa metrajli filmda o‘zbek xalqining milliy qadriyatlari aks ettirilgan bo‘lib, aravachadagi boboning chanqog‘ini qondirish uchun uzoqda turgan choyga intilishi va endi unga yetdim deganda suv izlayotgan bolakayga o‘z choyini ilinib, uning chanqog‘ini qondirganidan mamnuniyati mohirona tasvirlangan.

Ijtimoiy roliklar (professional) bo‘yicha Ravshan Nurmuhammedovning «Yosh tadbirkor» roligi, Ijtimoiy roliklar (havaskor) bo‘yicha Nurmuhammed Jumag‘ulovning «Kelajak egasining iltimosi» roligi g‘olib bo‘ldi.

Stsenariylar (professional) yo‘nalishida esa Muhammadxon Yusupovning «O‘zbekoy» nomli ssenariysi 1-o‘ringa, Otabek Yo‘ldoshevning «Kichkina» nomli ssenariysi 2-o‘ringa, Azizbek Qurbonovning «Muallim» nomli ssenariysi 3-o‘ringa munosib ko‘rildi.

Mazkur tanlov endi har yili o‘tkazilib, yosh iste'dod sohiblari ijodini qo‘llab-quvvatlash bilan birga ularning loyihalari asosida yaratilgan filmlar mahalliy va nufuzli xalqaro kinofestivallarga tavsiya qilib boriladi.

Tanlab olingan eng yaxshi ssenariylar asosida qisqa metrajli film va ijtimoiy ahamiyatga ega roliklarni tasvirga olish xarajatlari «O‘zbekkino» milliy agentligi tomonidan moliyalashtirilishi belgilandi.

– Tanlov yoshlar ma'naviy tarbiyasiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadigan qisqa metrajli filmlar va ijtimoiy ahamiyatga ega roliklar ishlab chiqarish, milliy kinematografiyani jamiyatning ijtimoiy-madaniy hayotidagi rolini oshirish, milliy kino san'ati qadriyatlarini asrash va rivojlantirish maqsadida tashkil etildi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxanova.

«Yoshlar kutubxonasi» uchun 10 milliard so‘m ajratilgan

Bundan tashqari, tadbir doirasida yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, ta'lim muassasalarining badiiy kitoblarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Yoshlar kutubxonasi» loyihasi taqdimoti namoyish etildi.

Loyiha doirasida 2018-2019 yillarda chop etiladigan 200 nomdagi kitoblar ro‘yxati O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi, Matbuot va axborot agentligi, Xalq ta'limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirliklari tavsiyasi asosida shakllantirildi.

Ayni damda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi 37 nomdagi jahon va o‘zbek adabiyotidagi nodir asarlarni nashr ettirdi. 2018 yil oxiriga qadar har bir ta'lim muassasa kutubxonasiga 100 nomdagi badiiy kitoblar yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida 200 nomdagi kitoblar kamida 10 ming nusxadan chop etilib, respublikadagi barcha maktab, kollej, akademik litsey va oliy ta'lim muassasalari kutubxonalariga bepul tarqatilishi belgilangan. Ma'lumot o‘rnida aytish mumkinki, joriy yilda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan mazkur loyiha uchun 10 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

«Yosh qo‘shiq ijrochilari» g‘oliblariga pul mukofoti topshirildi

Tadbir davomida «Yosh qo‘shiq ijrochilari» festivali g‘oliblari ham taqdirlandilar. Mazkur festival 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida mumtoz, estrada, akademik (opera), baxshichilik yo‘nalishlarida o‘tkazildi.

Tanlovning mahalliy saralash bosqichlariga 250 ming nafar yosh qamrab olindi. «Yosh qo‘shiq ijrochilari» festivalining Gran-Pri sohibi Kamila Amirovaga Prezident sovrini ya'ni 5 mln so‘m miqdordagi pul mukofoti topshirildi.

— Bundan oldin ham «Yulduzcha», «Kamalak yulduzlari» kabi bir qator tanlovlarda qatnashib g‘olib bo‘lganman. Ammo bu galgi yutuq – Prezident sovrini kutilmagan va hech qachon unutilmas sovg‘a bo‘ldi. Men bu rag‘batga munosib bo‘lish uchun yanada ijodiy parvozga shaylanaman. Xalqaro tanlovlarda ham oliy o‘rinlarni qo‘lga kiritib, yurtimiz sha'nini himoya qilaman, – deydi Kamila Amirova.

Shuningdek, tadbir doirasida «Yosh kitobxon» tanlovining ekspertlar guruhi a'zolari ham rag‘batlantirildi. Qisqa metrajli film va roliklar namoyishi, «Yosh qo‘shiq ijrochilari» tanlovi g‘oliblarining chiqishlari ishtirokchilar tomonidan munosib kutib olindi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid