Jahon | 11:54 / 27.09.2018
10032
2 daqiqa o‘qiladi

XVJ Ukrainaga to‘rtta shart qo‘ydi

Foto: Yuri Gripas / Reuters

Ukraina Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) bilan yangi, qisqa hamkorlik dasturi - stand-by bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Moliyaviy tashkilot davlatga yangi kredit olish uchun to‘rtta shart qo‘ydi. Bu mahalliy «Iqtisodiy haqiqat» nashri o‘z manbalariga tayangan holda xabar bermoqda.

Nashrning ta'kidlashicha, XVJ missiyasining 6-19 sentabr kunlari davomida Ukrainada bo‘lishi vaqtida dastur haqida bir qarorga kelinmagan, ammo munozaralar davom etmoqda.

Manbalarning bildirishicha, Ukraina tomoni gaz narxini ko‘tarish masalasini kredit beruvchi bilan muvofiqlashtirib oldi - mamlakatda yoqilg‘ining narxi 23 foizga o‘sishi kerak. Bu XVJ oldindan ham aytgan birinchi shart.

Ikkinchisi korrupsiyaga qarshi islohotlarga aloqador. Jamg‘arma Korrupsiyaga qarshi kurash milliy byurosi foydasiga turli organlar o‘rtasida elektron deklaratsiyalarni tekshirish bo‘yicha funksiyalarni qayta taqsimlashni tavsiya qildi.

Uchinchi shart byudjyet bilan bog‘liq. Gazeta ma'lumotlariga ko‘ra, XVJ mamlakat rasmiylaridan moliyaviy rejani qabul qilishni talab etmoqda, ammo u hali ham tasdiqlanmadi.

Nihoyat, to‘rtinchi shart - bu davlat fiskal xizmatini isloh qilish.

Dastur 5-6 milliard dollar transhni nazarda tutadi va 12-15 oyga mo‘ljallangan. Ushbu kredit tizimi 1952 yildan beri faoliyat ko‘rsatadi, u inqiroz holatlarini bartaraf etishda yordam beradi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qaysi mamlakatlarda tez orada valyuta inqirozi yuz berishi mumkinligi oshkor etilgandi. 

Mavzuga oid