17:29 / 27.09.2018
13815

Nig‘matilla Yo‘ldoshev senatorlarni tashabbus ko‘rsatmaganligi uchun tanqid qildi

Foto: KUN.UZ

27 sentabr kuni boshlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining XVI yalpi majlisida Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev parlament yuqori palatasi a'zolarini tashabbus ko‘rsatmaganligi uchun tanqid qildi.  

«Faoliyatdagi kamchiliklar salbiy oqibatlarga olib kelayotganini afsus bilan tan olishimizga to‘g‘ri keladi. Biz ayrim senatorlarning hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etish borasidagi tashabbuskorligini sezmayapmiz. Joriy yilda aksariyat qo‘mitalar a'zolari muhim masalalarni muhokamaga kiritish bo‘yicha birorta taklif bilan chiqmaganini qanday izohlash mumkin?», – dedi Yo‘ldoshev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, senatorlar senatorlik so‘rovidan samarali foydalanishmayapti. Yo‘ldoshev hududlarda bir-ikki senatorgina faollik ko‘rsatayotganini yetarli deb hisoblamasligini bildirdi.

«Birgina Xorazm viloyatining uchta tumanida 11 mingta, Buxoro viloyatining bitta tumanida 9 mingdan ortiq muammo aniqlangan. Bu muammolarning yechimi bo‘yicha deputat yoki senator tashabbus ko‘rsatmasa, oddiy odamlar nima ham qilishi mumkin?», – dedi Senat raisi.

Yo‘ldoshev yuqori palata a'zolari ko‘pincha yalpi majlislarda mas'ul rahbarlarning hisobotlarini eshitish bilangina cheklanib qolayotgani, qo‘mitalar esa qarorlarning bajarilishi ustidan nazorat o‘rnatmaganini tanqid qildi. 

«Biz haligacha ish yuritishning eski uslublaridan voz kechmadik. Oqibatda odamlar bir masala yuzasidan qayta-qayta murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda», –  ta'kidladi u.

Top