Jahon | 21:38 / 27.09.2018
4945
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni Qatar bilan hamkorlik qilishdan bosh tortishini tasdiqladi

BMT Bosh assambleyasi maydonlarida Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr qirollikning Qatar bilan biror-bir ish olib borishni istamayotganini tasdiqladi. Qatarga 2017 yilda terrorchilikni qo‘llab-quvvatlash ayblovi bilan blokada e'lon qilingandi.  

Al-Jubayr xalqaro munosabatlar kengashi yig‘ilishida o‘nlab yillardan beri terrorchilik guruhlari yetakchilarini o‘zida qabul qilayotgan Qatarning o‘zini tutishini nomaqbul deb atagan.

Jumladan, vazir “Al-Qoida” yetakchilaridan biri Saudiya Arabistoniga Qatar pasporti bilan kirganini eslab o‘tgan.

“Bu munosabatlarning tarangligi emas, biz shunchaki ular bilan biror-bir aloqaga ega bo‘lishni istamayapmiz. Qatar 1990-yillarning o‘rtalaridan terrorchi va ekstremistlarni qo‘llab-quvvatlab keladi, ularning yetakchilarini qabul qilib, ularga teraktlarini oqlash uchun televideniye orqali murojaat qilish imkonini beradi, bu esa nomaqbuldir”, deb aytgan al-Jubayr.

Uning aytishicha, Qatar Fors ko‘rfazida muammolar yuzaga keltirish va vaziyatni barqarorsizlashtirish maqsadida arab davlatlarida terrorchilik guruhlarini qo‘llab-quvvatlab keladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid