Fan-texnika | 11:54 / 29.09.2018
51536
5 daqiqa o‘qiladi

Uyda qanday qilib Wi-Fi yaxshi ishlashini ta'minlash mumkin

Wi-Fi sifati va tezligi routerga, uning uyda joylashgan o‘rniga hamda xalal beruvchi omillarga bog‘liq. Uyda Wi-Fi orqali internet tarmog‘iga ulanishni istaganlar quyidagi jihatlarga e'tibor berishlari kerak bo‘ladi.

Foto: TJournal

1. Router tanlash

Ulanish tezligi va sifatiga ta'sir ko‘rsatadigan birinchi narsa – bu routerning texnik xususiyatlari.  

Diapazonlar

Har bir to‘lqin o‘z chastotasiga ega bo‘lib, Wi-Fi ham ma'lum bir chastota yoki o‘z diapazoni orqali tarqaladigan radioto‘lqindir.

Zamonaviy routerlar ikkita: 2,4 va 5 GGts diapazonda ishlaydi. 2,4 GGts diapazonidan 2000 yildan beri  foydalaniladi. U ancha keng tarqalgan diapazon hisoblanadi. 5 GGts — yangi diapazon bo‘lib, uning ulanish tezligi kattaroq.
Router tanlashda qo‘shnilar qaysi diapazondan foydalanishayotganini tekshirib ko‘rish kerak. Agar qo‘shnilar 2,4 GGts diapazondan foydalanayotgan bo‘lsa, 5 GGts diapazonga o‘tish Wi-Fi ishlash tezligini sezilarli darajada oshiradi.

Standartlar (IEEE 802.11 a/b/g/n/ac/ad)

Ulanish tezligiga diapazondan tashqari, router foydalanadigan protokol ham ta'sir ko‘rsatadi. Bu ishlash standartlari bo‘lib, u tezlik, qamrov hududi, chastota xususiyatlarini o‘z ichiga oladi.

a/b/g standartlari eskirgan hisoblanadi. Ularning maksimal o‘tkazish tezligi atigi  54 MBit/s. n standarti keng tarqalgan, ammo uning ishlash tezligi cheklangan. Zamonaviy ac va ad standartlari eng katta tezlikni beradi. 

Protsessor va operativ xotira

Protsessor chastotasi routerning ma'lumotlarni qanchalik tez qayta ishlashi va uzatishini anglatadi. Chastota qanchalik baland bo‘lsa, ulanish tezligi shunchalik katta bo‘ladi.

Router orqali har kuni gigabaytlab axborot o‘tadi va uning xotirasi qanchalik katta bo‘lsa, u shunchalik yaxshi bo‘ladi.

Antenna soni va turlari 

Aksariyat routerlarda antenna quvvati detsibellarda (dBi) o‘lchanadi., 5 dBi quvvatga ega antennalar uzatadigan Wi-Fi bitta qavatda yaxshi ishlaydi. Ikkita qavatni Wi-Fi bilan qamrab olish uchun 2 dBi quvvatli antennalardan foydalaniladi.  

Agarda routerga bir vaqtning o‘zida bir nechta qurilma ulanadigan bo‘lsa antennalar soni tarmoq tezligiga ta'sir ko‘rsatadi. Antenna qancha ko‘p bo‘lsa, har bir qurilma to‘lqinni shunchalik yaxshi qabul qiladi.  

2. Qulay joy topish

Ulanish sifatiga router va qabul qiluvchi qurilma orasidagi masofa, signal yo‘lidagi turli xalal beruvchi omillar ta'sir qiladi.  

Routerning joylashishi 

Har bir router 30 metrdan 70 metrgacha bo‘lgan qamrov hududiga ega. Signal yo‘lida to‘siq va xalal beruvchi omillar qanchalik kam bo‘lsa, tezlik shunchalik baland va sifatli bo‘ladi. Shuning uchun routerni divanlar, stollar va boshqa buyumlardan balandroqda joylashtirish kerak.

Butun xonadon maydonini qamrab olish uchun routerni markazga joylashtirgan ma'qul. Wi-Fi qabul qiladigan qurilmalar unga yaqinroqda bo‘lishi kerak.

Router antennalari xonadon poliga perpendikulyar holatda turishi kerak —90 daraja burchak ostida bo‘lmagan antennadan chiqqan signal tomga yoki polga yo‘llanadi.

Xalal beruvchi omillar

2,4 GGts diapazonda Wi-Fi-routerlardan tashqari simsiz klaviaturalar, sichqonchalar, Bluetooth-qurilmalar, mikroto‘lqinli pechlar, simsiz dinamiklar ishlaydi. Bularning barchasi to‘lqinga xalal beradi va ulanish tezligi va sifatini pasaytiradi.

Bundan tashqari, router va qurilma orasidagi to‘siqlar, devorlar ham ulanish sifatiga ta'sir qiladi.  

3. Xavfsizlik

Tarmoq xavfsizligini ta'minlash va unga ulanuvchilar sonini cheklash uchun Wi-Fi tarmog‘ini parol bilan himoyalash lozim. Tanlangan shifrlash uslubi ulanish tezligiga ta'sir qiladi. Zamonaviy routerlar to‘rtta shifrlash uslubiga ega: WEP, WPA, WPA2 ili WPA2 PSK.

Eng yaxshi shifrlash uslubi WPA2 PSK hisoblanadi. Eskirgan WEP uslubi ulanish tezligini keskin kamaytiradi.

Yuqoridagilardan shunday xulosa qilish mumkin:

IEEE 802.11 ac standartiga ega ikkita diapazonli router tanlash kerak.

Router va qabul qiluvchi qurilma orasida to‘siq bo‘lmagan qulay joy tanlash lozim.

Parolni WPA2 PSK shifrlash uslubidan foydalanib kiritish kerak.

Mavzuga oid