Sport | 15:50 / 03.10.2018
23971
8 daqiqa o‘qiladi

«Alifbe». O‘zbek futbolidagi yollanma professionallar haqida

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov «Futbol Ekspress» gazetasiga intervyu berar ekan, Superliga haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

«Superliganing bu formati kelasi yili ham shu tarzda qoladi deb aytolmayman. Biz boshqa variantlarni ham ko‘rib chiqamiz. Ayni paytda chempionatimizda 12ta jamoa ishtirok etayapti. Lekin futbol millionlar o‘yini ekanligini unutmasligimiz kerak. O‘zbekistonda esa futbolni juda sevishardi. Shuning uchun, uning har bir viloyatida, shahrida albatta futbol bo‘lishi kerak. Birgina Toshkentning o‘zidan uchta jamoaning nima keragi bor? Masalan, men Andijon xalqi o‘z jamoasini Superligada ko‘rishini xohlayman. Chunki ular bunga munosib. Yoki Samarqandni olaylik. Samarqandda ham albatta futbol bo‘lishi kerak. Shu bois, biz chempionat formatini qayta ko‘rib chiqamiz va buni muhokama qilamiz. Futboldan butun xalqimiz bahramand bo‘lishi kerak. Chunki biz O‘zbekiston futbolini yuksaklarga ko‘tarish uchun mehnat qilayapmiz. Shuning uchun chempionatimiz tizimi borasida hammasini yaxshilab o‘ylab ko‘rganimizdan keyin, qaror chiqaramiz», - deydi Ahmadjonov.

Bir tomondan, juda to‘g‘ri gaplar. Xalqning, bir futbol muxlisining dilidagi gaplar. Ammo...

Avvalo, Superliga nima, Professional Futbol Ligasi qanaqa tashkilot, mazmunan bu tushunchalarning ma'nosi haqida biroz fikr bildirib qo‘yish kerak shekilli.

Tasavvur qiling, bir guruh do‘stlar bilan stadionga futbol o‘ynab turasizlar. Vaqt o‘tib, futbol o‘ynovchilar va jamoalar ko‘payib ketdi. Qachon, kim bilan qanday o‘ynalishi, maydonga tushish navbati kimda ekani haqidagi bahslar avj oldi. Har safar hamma to‘planib olib, bunday masalalarning hal qilinishi murakkablashib ketdi. Shunda chetdan odam yollaysiz.

«Biz ham futbol o‘ynab, ham ochkolarni hisoblash, hakam topish, ular bilan kelishish, sovrinlar joriy qilish bilan shug‘ullansak, qiyinlashib ketyapti. Shuning uchun biz siz(lar)ga jamoalar pul yig‘ib beramiz. Siz bu pulga musobaqani tashkillashtirib, taqvim tuzib, hakamlarni belgilab, turnir jadvalini tuzib borasizlar. Turnir halol va xolis, tartib bilan o‘tishini ta'minlab berasizlar», – deb aytiladi ularga.

Shu tariqa, Professional Futbol Ligasi paydo bo‘ladi. Tushunib turganingizdek, bu yerda futbol jamoalarniki, Liga esa, ularning vaqtini tejash, xolislikni ta'minlash maqsadida, ulardan olingan pul evaziga yollanma tashkilotchi vazifasini bajaradi.

Vaziyat bu bosqichdan ham o‘tib rivojlanishi mumkin. Masalan, Yevropada o‘sha Yollanma tashkilotchilar, masalan APL klublarga aytadi: «O‘yinlar qiziq bo‘lyapti. Tomoshabinlar sizlarni televizorda ko‘rmoqchi. Men kelishdim, shu o‘yinlaringni televizorda ham ko‘rsatsak, ular bizga katta pul berar ekan. Rozi bo‘lsanglar, shu kelishuvni amalga oshiramiz va shu daromadni o‘zlaringga taqsimlab beramiz».

Bu Liganing ham professionallashuvi deb ataladi. Ya'ni endi, klublar Ligaga badal puli to‘lash o‘rniga, ko‘rsatayotgan o‘yinlari, shu Liga (tashkilotchi) bilan kelishganliklari hisobiga pul ola boshlaydi. Ammo mazmunan hech narsa o‘zgarmaydi, futbol baribir klublarniki. Ular istashsa, boshqa tashkilotchi bilan ham shartnoma qilib, ketib qolishlari mumkin. Shuning uchun tashkilotchi klublarni rozi qilishga intiladi. Har qanday qaror, har qanday o‘zgarish klublarning roziligi bilan amalga oshiriladi. Tashkilot kimnidir jazolashi, kimnidir turnirdan chetlatib yuborishi ham mumkin – lekin bunga asos bo‘lib, aynan o‘sha klublar o‘rtasida avvaldan kelishib qo‘yilgan qoidalarning amalda bo‘lishini ta'minlash kerakligi xizmat qiladi.

Masalan, bir jamoa g‘irrom ish qilsa, tashkilotchi uni jazolaydi. Bu holat tashkilotning kuch sohibi ekani, boshliq ekani, turnirning egasi ekanini anglatmaydi. Tashkilot klublarning kelishuvi asosida yuzaga kelgan qoidalarning bajarilishini ta'minlayotganini, ya'ni klublarga yaxshi xizmat qilayotganini anglatadi xolos.   

Endi amaliyotga ko‘chamiz. Professional Futbol Ligasi mamlakatimizdagi futbol klublari uchun xuddi shunday yollangan tashkilot bo‘lishi kerak. PFL har bir klubdan 2018 yil uchun 500 million so‘mdan, jami 6 milliard so‘m pul yig‘ib olgan. Shu pul evaziga, PFL chempionat formatini belgilaydi, taqvim tuzadi, hakamlarni tayyorlaydi, o‘qitadi, belgilaydi, o‘yinlarning o‘tishini ta'minlaydi, turnir jadvalini hisob-kitob qilib boradi, sovrindorlarni aniqlaydi va hokazo.

Hali keyingi bosqichga, ya'ni PFL o‘zi katta daromad qilib, klublarga taqsimlash darajasiga kelmadi, balki klublar PFLdan xuddi shu rivojlanishni talab qilishga haqlidir. Lekin hozirda Liga o‘zini yollanma tashkilotchi emas, futbolning egasidan tutishi, hech qanday asossiz u jamoani haydab, bunisini qo‘shishi qaysi mantiqqa sig‘adi?

«Toshkentdan uch jamoa ko‘plik qiladi», «Andijon yo Samarqanddan ham jamoa bo‘lishi kerak» qabilidagi fikrlar masalan menda ham bor. Nukusda ham, Termizda ham Superliga jamoasi bo‘lishini, futbol geografiyasi imkon qadar kengroq bo‘lishini istayman. Toshkentda stadionni to‘ldira olmaydigan «superklublar» ba'zida meni ham xafa qiladi, to‘g‘ri. Lekin bu fikrlar muammoni bir buyruq bilan hal qiladigan insonlar tarafidan shunchaki orzu yoki umid sifatida emas, qandaydir harakatlar uchun asos sifatida keltirilsa, noto‘g‘ri emasmi?

Samarqandga katta futbol kerak bo‘lsa, Pro Ligada g‘olib chiqib, Superligaga chiqsin. Andijon Superligaga munosib bo‘lishi uchun O‘FA vitse-prezidentining shunday deb hisoblashi kifoya qilmaydi. Toshkentda uchta jamoa ko‘p bo‘lsa, ulardan biri so‘nggi o‘rinni olishi sharti bajarilishi kerak. Formatni o‘zgartiramiz deb, hech kimdan so‘ramay, 4 klubni ligadan haydash, «qiziq bo‘lmayapti» deb mavsumning o‘rtasida «oltin ochkolar»ni yo‘qotishga urinish «yollanma tashkilot» uchun ko‘plik qilmaydimi? (Badal pul olish tugul, har yili klublarga yuz million funtdan tarqatadigan APL ham eng kichik masalalarni ham ovozga qo‘yish orqali hal qiladiku?)    

Umid Ahmadjonovning bir fikriga qo‘shilaman. Futbol xalq uchun. Umuman, hamma narsa xalq uchun. Menimcha, xalq uchun deyish biroz yetarli emas, to‘g‘rirog‘i – xalqniki. Hamma narsa xalqniki. Yollanma tashkilotlar xalqdan olingan pul evaziga xalqqa xizmat qiladi, xalqning yaxshi yashashi uchun umumiy qoidalarni ishlab chiqadi, hayotning o‘sha qoidalar asosida o‘tishini ta'minlaydi. Barcha xalqqa xizmat qiladi.

Ammo qachonki, yollanma tashkilotlar o‘zini xalqning ham, qoidalarning ham egasidek tutsa...

Har qancha to‘g‘ri gapirilmasin, qarsakka arzimaydi...

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid