Jahon | 20:18 / 03.10.2018
33163
9 daqiqa o‘qiladi

Nima uchun Lotin Amerikasi dunyodagi eng xavfli joy bo‘lib qolmoqda

Shu kunlarda Meksika hukumati port shahar va turistik markaz bo‘lgan Akapulkoda keskin choralarga o‘tdi. U yerda jinoyat olami bilan aloqadorlikda gumonlangan butun mahalliy politsiya qurolsizlantirildi. Bir nechta ofitser hibsga olindi. Xodimlar tekshiruvdan o‘tadi. Ularning vazifasini esa hozircha shtat politsiyasi va harbiylar bajarib turadigan bo‘ldi.

Bunday holat birinchi bor yuz berishi emas. Keyingi bir necha yil ichida Gerrero shtatida bunday holat bir necha shaharlarda sodir bo‘ldi. Shtat poytaxti Chilpasingoda o‘smirlarni o‘g‘irlash va o‘ldirishda gumon qilinib barcha politsiyachilar ishdan bo‘shatildi. Yana bir shaharda soxta politsiyachilar aniqlandi – ular bo‘limlarda ishlagan, politsiya libosida yurishgan, qurolli bo‘lgan, ammo politsiyada rasman qayd etilmagan. 

Politsiyaning jinoyat olami bilan aloqadorligi nafaqat Meksikada, balki mintaqaning boshqa mamlakatlarida ham keng tarqalgan muammodir. Maoshning pastligi va kriminal guruhlarning ta'siri (agarda pora ish bermasa, tahdidlarga o‘tiladi) korrupsiya uchun sharoit yaratadi.

Bir necha yil avval Gerrero shtatida 40dan ortiq talaba yo‘qolib qoldi – surishtiruvlardan ma'lum bo‘lishicha, ular politsiya tomonidan o‘g‘irlanib, jinoiy to‘dalardan biriga topshirilgan va o‘ldirilgan. Yana bir taxminga ko‘ra, ularni adashib raqobatchi guruh a'zolari deb o‘ylashgan. Boshqa taxminga ko‘ra esa, ular talabalar namoyishining oldini olish uchun mahalliy mer buyrug‘i bilan o‘ldirilgan.

Akapulko qotilliklar eng yuqori darajadagi shahar hisoblanadi (o‘tgan yili 100 ming kishiga 107 qotillik to‘g‘ri kelgan), matbuot shaharni «Meksikaning qotilliklar bo‘yicha poytaxti» deb atagan. Bu yerda jinoiy guruhlar narkotrafikni nazorat qilish uchun kurash olib borishadi. Guruhlar hattoki ruhoniylardan ham yig‘im undirishadi.

Vaziyat

Lotin Amerikasida dunyo aholisining 8%ga yaqini istiqomat qiladi. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, jahonda sodir etiladigan qotilliklarning qariyb uchdan bir qismi ushbu mintaqaga to‘g‘ri keladi. Birgina Braziliyada 2016 yilda 60 mingdan ortiq ana shunday jinoyatlar qayd etilgan (Xitoyda 8,5 mingga yaqin, butun Yevropa Ittifoqida esa 5 mingga yaqin). Qotillik darajasi keyingi o‘n yilliklarda o‘sgan. 2000 yildan 2017 yilgacha mintaqada 2,5 mlnga yaqin kishi o‘ldirilgan – bu shu davr ichida Afg‘oniston, Suriya va Iroqdagi harbiy to‘qnashuvlarda halok bo‘lganlar sonidan ko‘p. 

Buning sabablari ma'lum - xalqaro narkotrafik, kartellar urushi, politsiya va sudlarning samarasizligi, qurolga erishishning osonligi. Boshqa sabablar sifatida bandlik bilan muvofiq kelmaydigan tezkor urbanizatsiya va yuqori darajadagi iqtisodiy tengsizlikni keltirib o‘tish mumkin. 

Ilgari Meksikada hukumat jinoiy guruhlar bilan kelishuv evaziga tartibni saqlab turardi – hukumat AQShga yo‘nalgan narkotrafikka xalaqit bermas, buning evaziga pora, zo‘ravonlik qilmaslik haqidagi va'da va daromadning bir qismini mahalliy obektlarga investitsiya qilinishiga ega bo‘lardi, deydi jinoyatchilik bo‘yicha tadqiqotchi Eduardo Gerrero. Ammo demokratlashtirish va erkin saylovlar bu tizimni buzdi.

«Hukumat samarali ishlovchi politsiya tuzish haqida qayg‘urmadi. Shuning uchun kelishuvlar ishlamay qo‘ygach, ular nima qilishni bilmay qolishdi», deydi u.

Salbiy ta'siri

Amerika taraqqiyot bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, jinoyatchilik bilan bog‘liq sarf-xarajatlar mintaqa YaIMning 3%ga yaqinini tashkil etadi. Jahon banki ekspertlarining fikriga ko‘ra, agar Lotin Amerikasida jinoyatchilik darajasi jahon ko‘rsatkichlari bilan teng bo‘lganida edi, jon boshiga daromad 25%ga oshgan bo‘lardi. Jinoyatchilik investitsiya va turizmga to‘siq bo‘lmoqda, mehnat samaradorligini pasaytirmoqda, xavfsizlik xarajatlari oshishiga sabab bo‘lmoqda. Lotin Amerikasi yuk tashish uchun eng xavfli mintaqalardan hisoblanadi – Braziliyada yirik jinoiy guruhlar yuk mashinalari tunaydi, Meksikada poyezdlarga uyushtiriladigan hujumlarda yuzlab odamlar ishtirok etadi.

Akapulkoda bir necha yil ichida 2 mingga yaqin kompaniya yopildi – bunga jinoyatchilik sabab bo‘lgan. Mahalliy tadbirkor Laura Kabalo reket sababli o‘nga yaqin do‘konini yopishga majbur bo‘lganini aytgan (jinoyatchilar undan oyiga 800 dollardan pul talab qilishgan). Pul to‘lashni rad etgan tanishlari o‘ldirilgan.

Lekin gap faqat bundagina emas. Yuqori darajadagi jinoyatchilik davlat asoslarini qo‘porib tashlamoqda. Bir necha yil avval o‘tkazilgan ijtimoiy tadqiqotlar jinoyatchilik odamlarning davlatga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta'sir qilayotganini ko‘rsatdi. Bu shuningdek, politsiya va sudga ishonchning yo‘qolishiga olib kelmoqda – Braziliya va Meksikada o‘tkazilgan so‘rovlarda qatnashganlarning yarmidan ko‘pi politsiyaga murojaat qilishni «vaqtni behuda sarflash» deb hisoblashini bildirgan.

Buning natijasida odamlar boshqalarga, jumladan jinoiy guruhlarga murojaat qilishmoqda. Va ularning ta'siri kuchaymoqda. 2000-yillar boshlaridagi ma'lumotlarga ko‘ra, Kolumbiyada xususiy qo‘riqlash tizimlaridagi xodimlar soni milliy armiya sonidan, Gvatemalada esa politsiyachilar sonidan oshib ketgan. Politsiyaga umid qilish o‘rniga olomonning o‘zi sud qilish holatlari ko‘paygan. Braziliyadagi shaharlardan birida surishtiruvning o‘rtacha muddati bir yarim yilni tashkil etgan, ishlarning to‘rtdan bir qismi muddati tugaganligi tufayli yopilgan, gumondorlarning 7%i esa sudgacha qurbonning qarindoshlari tomonidan o‘ldirilgan. Jinoiy guruhlar «ijtimoiy barqarorlik» manbai deb hisoblangan. Daromadining bir qismini xayriya uchun sarflashga tayyor bo‘lgan ularning rahbarlari esa hurmatga sazovor bo‘lgan.

Choralar

Jinoyatchilikka qarshi kurashda qat'iy choralarni ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlaydi. Ammo amaliyotda bu doim ham samarali bo‘lmasligi ma'lum bo‘ldi. Bunga Akapulko misol bo‘ladi. Ilgari u aka-uka Leyvalar boshchiligidagi kartel ta'sirida bo‘lib, shahar AQShga giyohvand moddalar o‘tkaziluvchi punkt vazifasini bajargan. Ammo bu yerda xotirjamlik hukm surgan.

«Aka-uka Leyvalar giyohvand modda sotishardi, ammo bizga tegishmasdi», – deydi shu yerlik kishilardan biri.

2000-yillar o‘rtalarida Meksika hukumati AQSh qo‘llab-quvvatlovi ostida kartellarga qarshi urush e'lon qildi. Ularning xo‘jayinlarini ovlash boshlandi. 2009 yilda kartel boshliqlaridan biri Arturo Beltran Leyva bir yarim soatlik jangdan so‘ng o‘ldirildi. Uning o‘limi kartelning tarqalib ketishiga sabab bo‘ldi, ammo buning oqibatida shahar bir-biri bilan raqobatlashadigan o‘nlab guruhlar makoniga aylandi. Ular o‘g‘irlik va tovlamachilikni ham avj oldirishdi.

Jinoyatchilikka qarshi kurashish uchun ijtimoiy dasturlardan tortib yarim rasmiy kelishuvlargacha turli choralar qo‘llanildi. Ikki yil ilgari braziliyalik kriminolog Ignasio Kano 90dan ortiq ana shunday dasturlar bo‘lganini sanab chiqdi. Ularning ayrimlari mahalliy miqyosda samara bergan. Ular orasida San Pauludagi departamentlardan birida alkogol sotishni cheklash bor. Tahlillardan ma'lum bo‘lishicha, u yerdagi aksariyat qotilliklar jinoiy to‘dalar ishi bo‘lmagan – qotilliklar barlar oldida va ichkilikdan keyingi janjallar oqibatida sodir bo‘lgan. Barcha barlarning tungi vaqtda ishlashi taqiqlangan. Ikki yil ichida qotilliklar 100 ming kishiga 102tadan 34taga tushgan.

Tadqiqot muallifining yozishicha, aksariyat dasturlar natijalari baholanmagan. Ayrimlari haqida haligacha bahslashib kelinadi. Ular orasida 2010 yil boshlarida Salvador hukumatining jinoyat olami boshliqlari bilan kelishuvi ham bor. O‘shanda qamoqda o‘tirgan jinoyat olami rahbarlariga qulay sharoitlar yaratib berish taklif qilingan. Buning evaziga ularning guruhlari a'zolari zo‘ravonlikni kamaytirishi lozim edi. Bu qotilliklarning kamayishiga olib keldi. Biroq bu uzoqqa cho‘zilmadi, qotilliklar yana oshib bordi va hattoki oldingi ko‘rsatkichni ham ortda qoldirdi. 

Choralarning samarali bo‘lishi iqtisodiy vaziyatning yaxshilanishiga ham bog‘liq. Ayrimlar o‘tgan asrning o‘rtalarida qotillik darajasi yuqori bo‘lgan Singapurni misol qilib keltiradi. Hozirda bu davlatda jinoyatchilik darajasi past. Singapurda jinoyatchilikka qarshi kurash iqtisodiy o‘sish va ishsizlikka barham berish bilan birga olib borilgan.  

Mavzuga oid