O‘zbekiston | 00:56 / 05.10.2018
8217
3 daqiqa o‘qiladi

"Ipak yo‘lida turizm" ko‘rgazmasida asosiy e'tibor nimaga qaratilgan?

3-5 oktabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan "Ipak yo‘lida turizm" xalqaro ko‘rgazmasida ikki omilga katta e'tibor qaratilgan - infratuzilmani yo‘lga qo‘yish va xizmatlarni taqdim etish. KUN.UZ muxbiri Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Marketing tadqiqotlari boshqaruvi va milliy turistik mahsulot targ‘iboti bo‘limi rahbari Behruz Hamzayev bergan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

"Toshkent Xalqaro Turizm yarmarkasi aslida an'anaga aylangan, lekin bu yilgi "Ipak yo‘lida turizm" ko‘rgazmamiz o‘tgan yildagilardan farqli. Birinchisi - bu ko‘rgazmaning yigirmanchi marta o‘tkazilishi, ya'ni yubiley sana. Ikkinchisi, shu yilning boshida Prezidentimiz tashabbusi bilan turizmni davlat taraqqiyotining lokomativiga aylantirish maqsadida bu yo‘nalishda ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda. 

BMTning butunjahon turizmni rivojlantirish tashkilotining Yevropa mintaqaviy direktori o‘rinbosari Kristofer Ibsen aytganidek, bugungi kunda turizm jahon YaIMdagi ulushi bo‘yicha uchinchi o‘rinda, hatto avtomobil ishlab chiqarishdan oldingi o‘rinlarda turadi. Bu nimadan dalolat beradi? 

Ishlab chiqarishga xomashyo yetkazib berish kerak. Masalan, kiyim-kechak ishlab chiqarish uchun paxta yetkazib berish zarur, mashina ishlab chiqarish uchun - temir. Turizm esa shunday sohaki, unda servis asosiy omildir. Unda xomashyo yo‘q. Bizning xomashyomiz ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolgan tarixiy yodgorliklarimiz, qadimiy shaharlarimizdir. Eng asosiysi - xizmatlarni to‘g‘ri taqdim etish va infratuzilmani yo‘lga qo‘yish. Shu bois bu yilgi ko‘rgazmada shu ikki omilga alohida e'tibor qaratilgan", - deydi Behruz Hamzayev. 

Milliy pavilon

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yilgi ko‘rgazmaga xorijliklarning ham qiziqishi katta. Shu bois "Ipak yo‘lida turizm" ko‘rgazmasi biryo‘la ikki panel - Milliy pavilon va Xalqaro pavilonda o‘tkazilmoqda. Milliy pavilonda O‘zbekistonning barcha hududlari o‘zining turistik salohiyatini namoyish etmoqda. Xalqaro pavilonda esa xorijlik mehmonlar bilan ichki va tashqi turizmni rivojlantirishga doir masalalar muhokamasi bo‘lib o‘tmoqda.

Xalqaro pavilon
Xalqaro pavilon
Xalqaro pavilon
Xalqaro pavilon

"To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarni inobatga olgan holda, bizda HostedBuyers nomli tashabbus bor. Bu yerga yirik turkompaniyalar va mediakompaniyalar vakillarini taklif qilganmiz. Xalqaro pavilonning bir qismini muzokaralar olib boriluvchi va imzolanuvchi xonalar uchun ajratganmiz. Demak, Toshkent Xalqaro Turizm ko‘rgazmasi shunchaki oddiy ko‘rgazma emas, balki amaliy natija keltiruvchi tadbirdir", - deya qo‘shimcha qildi mutaxassis. 

Mavzuga oid