O‘zbekiston | 14:24 / 10.10.2018
39698
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yana bir avtosalon direktori ishdan bo‘shatildi

Foto: xumo-avtosavdo.uz

«O‘zavtosanoat» AJ dilerlik markazlari tomonidan amalga oshirilayotgan qoidabuzarliklarni aniqlash borasidagi amaliy harakatlarni davom ettirmoqda. 

«ToshkentAvtosavdo» MChJga amalga oshirilgan ko‘chma tekshiruv chog‘ida tizimli ravishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi va buning natijasida ushbu korxonaga yangi boshqaruv raisi Dilshodbek Bakiyev tayinlandi.

Dilerlik korxonasida mavjud hujjatlar o‘rganilganda, 2018 yilning avgust-sentabr oylarida sotilgan avtomobillar bo‘yicha tuzilgan noqonuniy hujjatlar mavjudligi, sotilgan avtomobillar bo‘yicha to‘lov rejasida qoidabuzarliklar, avtomobillarni sotish bo‘yicha tizimli ishlar ta'minlanmaganligi, o‘tkazilayotgan aksiyalarning qoidalariga qat'iy amal qilinmaganlik, mijozlarga avtomobil xarid qilish bo‘yicha to‘g‘ri ma'lumot taqdim etilmaganlik hamda call-markaz mavjud emasligi kabi holatlar aniqlandi.

Shuningdek shartnomalarni rasmiylashtirishda bir qator qoidabuzarliklar, xususan, avtosalon muhri, mijozlar imzosi, pasport nusxalari hamda to‘lov amalga oshirilganligi haqidagi hujjatlarning yo‘qligi namoyon bo‘ldi. 37 dona avtomobil yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnoma xaridorlar ishtirokisiz tuzilganligi ma'lum bo‘ldi. Shuningdek avtomobillarni sotishda ilova qilingan hujjatlarda mijozlarning imzolari soxtalashtirilganligi ehtimoli tekshirilmoqda.

Avvalroq «Soft Locus» XK direktori lavozimida faoliyat yuritgan «ToshkentAvtosavdo»ning yangi rahbari zimmasiga avtosalon ishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish hamda oldiga qo‘yilgan vazifalarni vijdonan bajarish kabi mas'uliyat yuklandi, deyiladi kompaniya xabarida.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval GM Uzbekistan’ning Xorazmdagi filialida qator rahbar xodimlar ishdan olingandi.

Mavzuga oid