Jahon | 00:09 / 11.10.2018
6989
2 daqiqa o‘qiladi

Misrning sobiq prezidenti o‘g‘li qo‘lga olingani ma'lum qilindi

Foto: RIA Novosti / Fayyed El-Geziri

Misr xavfsizlik kuchlari Misrning sobiq prezidenti Muhammad Mursiyning kenja o‘g‘li Abdullohni Qohiraning g‘arbiy qismida qo‘lga olishgan. Bu haqda Mursiyning to‘ng‘ich o‘g‘li Ahmad ma'lum qilgan.

2017 yil oktabrda Mursiyning boshqa bir o‘g‘li Usama Misrning Ash-Sharqiya viloyatida ushlanib, qurol saqlash ayblovi bilan 3 yillik qamoq jazosiga mahkum qilingan. 2017 yil sentabrda Qohira apellyatsiya sudi Abdullohga Qatar foydasiga josuslik qilish ayblovi bilan chiqarilgan umrbod ozodlikdan mahrum qilish hukmini qo‘llab-quvvatlagan. 

Ma'lum qilinishicha, maxsus kuchlar xodimlari Abdulloh o‘z oilasi bilan yashaydigan uyni soat 7.30da qurshab olishgan. Uch zobit uyga kirib, Abdullohni ushlab, o‘zlari bilan olib ketishgan. Ta'kidlanishicha, u hozirda qayerdaligi noma'lum. 

Ma'lum qilinishicha, Muhammad Mursiy va uning “Musulmon birodarlar” harakati bo‘yicha safdoshlari uning prezidentligi vaqtida Misr maxsus xizmatlari va armiyasi faoliyatiga tegishli o‘ta maxfiy hujjatlarni Misr davlatini zaiflashtirish maqsadida Qatar razvedkasiga topshirgan. Mursiy va boshqa sudlanuvchilar o‘z ustlaridan olib borilayotgan sudni tan olmasliklarini va buni Misrning yangi hukumati ishi deb hisoblashlarini aytishgan.

Mursiy hokimiyatdan chetlatilgandan keyin unga nisbatan 5 ta jinoiy ish ochilgan. Jumladan, unga prezident saroyi oldida uning tarafdorlari va dushmanlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar, Qatar va XAMAS foydasiga josuslik qilish, 2011 yildagi ommaviy tartibsizliklar vaqtida turmadan qochish va sudyalarni haqoratlash bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.

Mavzuga oid