Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ektor Kuper: Ertangi o‘yinda terma jamoada debyutantlarni ko‘rishingiz mumkin
Bugun “Bunyodkor” stadioni anjumanlar zalida O‘zbekiston – KXDR o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Uning birinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Ektor Kuper va himoyachi Anzur Ismoilov ishtirok etdi.
Kirish qismida Ektor Kuper quyidagilarni ta'kidlab o‘tdi.

- Oldimizdagi ikki o‘rtoqlik uchrashuvlari navbatdagi sinov jarayoni bo‘ladi. Terma jamoani shakllantirishda davom etamiz. Suriya va Eronga qarshi o‘yinlar bilan solishtirganda o‘zgarishlar bo‘ldimi, o‘yinchilarda o‘sish bormi, shu masalalarga e'tibor qaratamiz.
Men sinov degan gapni ko‘p takrorlayapman. Bu hammaga ham yoqmasligi mumkin. Ammo o‘rtoqlik o‘yinlaridan ko‘zlangan asosiy maqsad – o‘yinchilarni sinab ko‘rish va shu orqali jamoa o‘yinini Osiyo kubogigacha shakllantirish.
Ertangi o‘yinda oldin terma jamoada o‘ynamagan yangi o‘yinchilarni ko‘rishingiz mumkin. Ularning terma jamoaga qanday ko‘nikib ketishini kuzatib boramiz. Bundan tashqari, taktik jihatdan ham o‘yinimizda biroz o‘zgarish bo‘ladi. Shuning uchun navbatdagi bahslar yana bir marta o‘yinimizni ko‘rib, tahlil qilib olish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ladi.
Shundan so‘ng Anzur Ismoilov o‘yin oldi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Terma jamoada kayfiyat juda ham yaxshi. Jamoaga olimpiya terma jamoasi a'zolari ham qo‘shildi. Murabbiyning taktik ko‘rsatmalarini bajarishga harakat qilamiz.
- Faqat ikki darvozabon (O‘tkir Yusupov va Roman Abdulov) terma jamoadan birinchi marta chaqiruv oldi. Terma jamoa safida yangi nomlar haqida gapirganingizda, darvozabonlarni nazarda tutdingizmi?
- Birinchi marta chaqiruv olgan o‘yinchilarni emas, terma jamoada doimiy ravishda o‘ynamagan, 2-3 uchrashuvda maydonga tushgan, masalan Javohir Siddiqov kabi futbolchilarni nazarda tutgan edim.
- Ertaga Shimoliy Koreyaga qarshi hujumkor o‘yin ko‘ramizmi?
- Ertaga hujumkor o‘yin ko‘rsatamiz, deb ayta olmayman. Ertaga o‘zim xohlayotgan, men futbolchilar kutayotgan o‘yinni ko‘rmoqchiman. Hujumkormi yoki himoyaviy – buning farqi yo‘q, avvalo mening uslubim natija olib kelishi kerak.
Ko‘pchilik jurnalistlar va muxlislarga himoyaviy o‘yin yoqmaydi, bunday uslubdagi o‘yinni juda yomon ko‘rishadi. Men istagan vaqtimda hujumkor o‘yin ko‘rsatishim mumkin, lekin bu bizga natija olib kelmasa, foydasi yo‘q.
Bundan tashqari, hujum qilishni xohlaydigan har qanday jamoa avvalo himoyalanishni ham bilishi kerak.
- “Lokomotiv”dan Shuhrat Muhammadiyev va “Paxtakor”dan Farrux Sayfiyev terma jamoaga jalb etilmadi. Bu nima bilan bog‘liq? Ular yaxshi o‘yin ko‘rsatishayotgan edi.
- Har doim ham hammaga yoqish oson emas. Kimgadir bu, yana kimgadir boshqa o‘yinchi yoqadi. Murabbiy tarkib bo‘yicha tanlovi masalasida norozilar doim topiladi. Lekin bosh murabbiy futbolchilarni chaqirishi bo‘yicha tushuntirish berishga majbur emas. Shuni tushunib olish zarur.
- O‘tgan safargi yig‘inga chaqirilgan hujum chizig‘idagi besh futbolchidan uch nafari bu safar ham tarkibda. Ikki nafari chaqirilmadi. Nega yangi hujumchilarni sinab ko‘rmayapsiz?
- O‘yinchining bir yig‘inga jalb etilib, ikkinchisiga chaqirilmasligi bu uning qoniqarsiz holatda ekanini anglatmaydi. O‘rtoqlik o‘yinlaridan maqsad barcha o‘yinchilarni qamrab olish.
Masalan, Anzur Ismoilovni misol qilib olsak. U klubida juda yaxshi o‘ynayotgan bo‘lishi mumkin, lekin terma jamoadagi bosh murabbiy so‘rayotgan o‘yin uslubiga mos tushmasligi mumkin. Buni ham unutmaslik kerak. Murabbiy futbolchining nafaqat klubdagi holati, balki termada qanday o‘ynay olishiga ham alohida e'tibor beradi.
Agar murabbiy yig‘inga 40-45 nafar futbolchini qamrab olish imkoni bo‘lganida, barcha nomzodlarni chaqirish mumkin bo‘lardi. Ammo o‘yinchilar soni cheklangan. Bir yig‘inga ma'lum futbolchilarni chaqirsak, keyingisiga boshqalarni sinab ko‘rishimiz mumkin. Bu keyingi safar chaqiruv olmagan o‘yinchilarning holati talabga javob bermasligini anglatmaydi.
Sentyabr va oktabr oyidagi yig‘inlarga chaqirilgan futbolchilar Osiyo kubogiga boradigan tarkibning asosini tashkil etadi, demagan bo‘lardim. Noyabrdagi yig‘inimizga jalb etiladigan o‘yinchilar Osiyo kubogiga olib ketiladigan tarkibning asosi bo‘ladi, deb qisman aytishim mumkin.
Mavzuga oid
19:24 / 09.06.2026
O‘zbekiston va Senegal vakillari AQShda qattiq tekshiruvdan o‘tkazildi
02:23 / 09.06.2026
O‘zbekiston so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib, Niderlandiyaga mag‘lub bo‘ldi
19:11 / 08.06.2026
O‘zbekiston va Niderlandiya milliy jamoalari bir kunda ikkita o‘yin o‘tkazadi
22:26 / 03.06.2026