Jahon | 20:07 / 12.10.2018
13091
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya sudi amerikalik pastor Bransonni ozod qildi

Foto: AFP/ Stringer

Turkiyaning Izmir sudi 2016 yil davlat to‘ntaruviga urinishga aloqadorlikda ayblangan amerikalik pastor Endryu Bransonni 3 yil bir oy 15 kunlik qamoq jazosiga mahkum qilib, uni uy qamog‘idan ozod etdi. Bu haqda NTV telekanali ma'lum qildi.  

Ta'kidlanishicha, sud Branson hibsda ushlab turilgan vaqtni hisobga olib, undan barcha ehtiyot choralarini, jumladan mamlakatni tark etish taqiqlovini bekor qilgan.  

Foto: NTV

Bransonning o‘zi esa so‘nggi so‘zida “Men aybdormasman, Turkiyani yaxshi ko‘raman va oqlanishni istayman”, deb aytgan. Avvalroq sud Branson advokatlarining uni uy qamog‘idan ozod qilish haqidagi apellyatsiyasini 3 marta rad etgandi.

Oxirgi vaqtda Vashington va Anqara o‘rtasidagi munosabatlar jumladan Bransonning hibsga olinishi sababli yomonlashgan. AQSh moliya vazirligi avgust boshida Bransonning hibsga olinishi bo‘yicha Turkiya adliya vaziri Abdulhamit Gul va ichki ishlar vaziri Sulaymon Soyluni “inson huquqlarini jiddiy buzishlarda” ayblab, ularga qarshi sanksiyalar kiritgan.

Avvalroq Turkiya va AQSh o‘rtasida Branson bo‘yicha maxfiy kelishuvga kelingani ma'lum qilingandi. Unga ko‘ra, Turkiya Bransonni ozod qiladi, AQSh esa buning evaziga Turkiyaga iqtisodiy bosimni zaiflashtiradi.

Mavzuga oid