Jamiyat | 19:00 / 15.10.2018
17510
5 daqiqa o‘qiladi

Qatag‘on qurbonlari ziyorat qilindi

14 oktabr kuni bir guruh o‘zbek ziyolilari va ijtimoiy tarmoq faollari 1938 yili otilgan jadidlar, millat fidoiylari otilgan va dafn etilgan joylarni ziyorat qilishdi. Tarixchilar, faollar, xususan Anvar Nazir, Botir Hasanov va boshqalar tomonidan tashkil etilgan ushbu ziyorat qatag‘on qurbonlari xoklari dafn etilgan Oqilota qabristonidan boshlandi. Bu yerda shahidlar haqiga Qur'oni karim tilovat qilinib, ular amalga oshirgan xayrli ishlar yodga olindi.

2000 yili ochilgan «Shahidlar xotirasi» maydoni yaqinida qatag‘on qurbonlari otilgan deb taxmin etiladigan eski Alvastiko‘prik o‘rni va yodgorlik majmuasi ko‘zdan kechirilib, o‘zbek xalqini hurlik va erkinlikka undagan, mustabid tuzum yillarida qatag‘onga uchragan fidoiy vatandoshlar xotirlandi.

Facebook / Umida Axmedova

Shundan so‘ng poytaxtdagi «Chig‘atoy» qabristoniga ziyorat uyushtirildi.

Facebook / Anvar Nazir

1938 yilning 4 oktabridan 15 oktabriga qadar Toshkent shahrining hozirgi «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasi atrofida mingdan ortiq o‘zbeklar NKVD xodimlari tomonidan otilgan. Keyinchalik inshootlar qurilishi munosabati bilan shahidlar suyak va xoklari majmua yaqinidagi Oqilota qabristoniga dafn etilgan. 1990 yillar boshida qabristonda shahidlar xotirasi uchun kichik yodgorlik-lavha o‘rnatilgan. Qabristonga dafn etilganlarning shaxsi noma'lum.

Facebook / Anvar Nazir

1937-1939 yillarda O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi «uchlik»lari tomonidan 41 ming nafardan ortiq kishi qamalgan. Shulardan 37 ming nafardan ortig‘i sudlangan, 6920 kishi otib tashlangan.

Facebook / Anvar Nazir

«Shu kunlarda o‘zbek millati yetakchilari sovet diktaturasi tomonidan qatag‘on etilganiga 80 yil bo‘ldi. Ammo bu dahshatli sana haqida jamotchiligimiz hali ham to‘liq ma'lumotga ega emas. Masalan, 80 yil oldin nafaqat eng ilg‘or o‘zbek ziyolilari qatag‘on etildi, qolaversa, o‘zbek millatiga mansub bo‘lgan yetakchi harbiylar, ilk yetakchi o‘zbek ayollari, yetakchi o‘zbek ulamolari ham jismonan yo‘q qilingandi. Sovetlarning asosiy maqsadi bitta edi, o‘zbek millati yetakchilarini, boshqaruvchilarini qirg‘in qilib, millatni sovet mustamlakasi tizimiga to‘liq bo‘ysundirish.

Bu kunlarda biz nafaqat 80 yil oldin bo‘lgan milliy falokatni esga olamiz. 100 yil oldin Turkiston muxtoriyati qulatilgan, sovetlar tomonidan uyushtirilgan terroristik harakatlar, Markaziy Osiyoda katta, qizil, sovet terrorini boshlab bergandi. 100 yil oldin o‘zbeklar terrorni bilishdi, aynan 1918 yilda sovetlar dohiysi Lenin qo‘l qo‘ygan qaror terrorga amal qilish maqsadida qabul qilingan edi. 1933 yili, shu kunlardan 85 yil muqaddam esa o‘zbek dehqonlarini qatag‘on etish jarayoni yakunlandi, 1935 yilga kelib minglab dehqonlar quloq bo‘lib, Sibirga surgun qilindi. Qishloq aholisi pasportdan mahrum etildi. O‘zbekiston aholisining 90 foizi qishloqlarda yashaganini inobatga olsak, o‘tgan asrning 70- yillarigacha o‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi o‘z yurtida pasportsiz yashab kelgan, fuqarolikdan mahrum qilingan edi.

Bu qatag‘onlar ilg‘or, yetakchi o‘zbeklarning boshini edi, Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriy, Elbekni, ilk o‘zbek rejissyori H.Devonov, ilk o‘zbek fotosuratchisi I.Davron, yetakchi ayollardan H.Majidxonova, ilk o‘zbek kimyogari S.Jabbor, ilk o‘zbek tilshunosi G‘.Yunus, harbiylar, olimlar, ma'rifatparvarlar qatag‘onga uchradi. Bu yo‘qotishlar kelajakka, millatning rivojiga katta zarar keltirdi, buni biz haligacha chuqur anglamadik.

Sovet davrida o‘sha kunlari qatl etilganlarning xoklari Toshkentdagi qabristonlardan biriga yashirincha, nomsiz dafn qilindi. Sovet mustamlakasi qulashi bilan bu qabriston nomi oydin bo‘ldi, Toshkent shahridagi Yunusobod tumanida joylashgan Oqilota qabristoni, qadimgi qabriston. Mustaqillik yillarida bu qabristonda yodgorlik o‘rnatildi. Ammo oxirgi yillarda bu qabristonga jamoatchilik, davlat tomonidan tashkillashtirilgan ziyoratlar amalga oshirilmadi. Bu yil esa, birinchi bor tarixda katta guruh Oqilotaga ziyorat qildi. Ziyoratni mahalliy faollar va xorijda istiqomat qilib kelayotgan o‘zbeklar uyushtirishdi. Umid qilamizki, bu ziyorat endi odatga aylanadi va jamoatchilik bu tadbirni keng qo‘llab-quvvatlaydi», deydi tarixchi Anvar Nazir.

Mavzuga oid