22:31 / 23.10.2018
10926

Yaponiyaga eksport mahsulotlarining yangi ro‘yxati tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan doimiy ravishda muzokaralar olib bormoqda. Xususan, Yaponiya davlatining karantin xizmati mutaxassislari bilan o‘tkazilgan muzokaralar jarayonida O‘zbekistondagi eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlarining yangi ro‘yxati tasdiqlandi. Unga ko‘ra, qovun, anor, uzum, sarimsoq, shuningdek, quritilgan, muzlatilgan meva va sabzavotlar kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Yaponiyaga eksport qilinadi.

Kelishuvga ko‘ra, endilikda Yaponiya davlatiga eksport qilinayotgan quritilgan meva va sabzavot mahsulotlariga «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi tomonidan tuproq va karantin zararkunandalaridan xoli ekanligi to‘g‘risidagi fitosanitar sertifikat berilgan bo‘lsa, hech qanday karantin ruxsatnomasi talab etilmaydi.

Kunchiqar mamlakatga O‘zbekiston mutaxassislari eksport qilinadigan meva va sabzavotlar safini ko‘paytirish maqsadida achchiq qalampir, gilos, limon, olma va olxo‘ri mahsulotlarining fitosanitar xavf tahlili haqidagi texnik ma'lumotlarni yuborgan.

Ma'lumot o‘rnida: Dunyoning aksariyat mamlakatlarida import qilinadigan mahsulotlarning xavfsizligini ilmiy o‘rganish uchun fitosanitar xavf tahlili amalga oshiriladi. Fitosanitar xavf tahlili uchun eksport qiluvchi davlat so‘rovnomaga muvofiq (eksport mahsuloti yetishtirish uchun urug‘lar sotib olishdan boshlab) batafsil ma'lumotni taqdim etishi kerak. Mahsulotlarni import qilish bo‘yicha ijobiy xulosani ko‘rib chiqish va taqdim etish jarayoni odatda, 3-4 oydan bir necha yilgacha davom etadi.

Bundan tashqari, Yaponiyaning karantin xizmati tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chegara punktiga olib kirishda, mahsulot mikotoksinlar va aflatoksinlar mavjudligi, pestitsidlarning ruxsat etilgan darajasi Yaponiyada qabul qilingan standartlarga muvofiq tekshiriladi.

Top