Light | 20:24 / 24.10.2018
33752
7 daqiqa o‘qiladi

Hayotingizda zo‘riqishlar kam bo‘lishi uchun voz kechish kerak bo‘lgan odatlar

O‘zgalarning sizdan kutgan istaklarini oqlashga harakat qilasiz va o‘zingizni unutasizmi? Bas qiling, ana o‘shanda hayotingiz biroz yengillashadi.

Hayotni ko‘pincha o‘zimiz murakkablashtiramiz. Natijada zo‘riqish hayotimizning bir qismiga aylanadi. Biroq barini o‘zgartirish mumkin: nimani qanday bajarish mumkin emasligini yodda tuting va zo‘riqish bilan xayrlashing.

Foto: Pixabay

1. Mavhum maqsadlar belgilash

Maqsad vaqt cheklovlari va aniqlikni hisobga olgan holda belgilanmagan bo‘lsa, unga erishib bo‘lmaydi. Nimadir qilyapsiz, ammo uning natijasi ko‘rinmayapti. «Ko‘p pul xohlayman» - muvaffaqiyatsiz maqsadga bir misol. Agar katta maqsadni bir necha kichiklariga ajratib, ustuvorliklarni  belgilasangiz, omadga erishish imkoni bir necha marta ortadi:

«Maqsadim oyiga 5 million so‘m ishlab topish. Unga erishish uchun esa lavozimim ko‘tarilishi lozim. Bunday lavozimga ko‘tarishlari uchun ingliz  tilimni Upper Intermediate darajasiga yetkazishim kerak. Buning uchun menga yarim yil kerak bo‘ladi».

Ana endi orzuingiz aniq, o‘lchangan va ustuvor ko‘rinishga ega bo‘ldi – ingliz tili darajasini yarim yilda bir bosqichga ko‘tarish.

2. Bariga hozir va darhol  ulgurish

«Men uchun hozir nima ahamiyatga ega?» - aynan shu savolga javob berib, hayotingizni ustuvor vazifaga vaqt qoladigan qilib tashkillashtiring.

Tezkor vazifalarni muhimidan ajratishni o‘rganing.

3. O‘zingizni o‘zgalar bilan taqqoslash

Siz va o‘zgalarning maqsadlari, boshlang‘ich mablag‘i, imkoniyatlari va shaxsiy xususiyatlari turlicha. Ko‘pincha o‘zgalar bilan solishtirish o‘zingizga achinishga olib keladi.

Taqqoslashingiz mumkin bo‘lgan yagona inson bu – o‘tmishdagi o‘zingiz. O‘z muvaffaqiyat va mag‘lubiyatlaringizga qarab yo‘nalish belgilang. Xatolarni toping va ular ustida ishlang.

4. Faqat o‘zgalarga ishonish

Agar siz uchun boshqalar bajarishini kutib o‘tirsangiz, buning yakuni yoqimli bo‘lmasligi tayin. Sizga yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor bo‘lgan kishilarning borligi yaxshi. Biroq ba'zida hodisalar sizning foydangizga bo‘lmasligi mumkin.

Qiyinchiliklarni bir o‘zingiz yengib o‘tishingizga to‘g‘ri keladigan vaziyatlarga tayyor  turing.

Foto: Pixabay

5. O‘zgalarning istaklarini oqlash uchun yashash

Yaqinlar orzularini amalga oshirishga harakat qilib, o‘zingizning maqsadlaringizni unutib qo‘yasiz. Axir siz o‘z hayotingizni yashashni istaysiz. Shunday emasmi?

6. O‘zgalarni o‘zgartirishga harakat qilish

O‘zgalarga o‘zlari istagandek yashash imkoniyatini bering. Ularni o‘zingizga moslashtirishga harakat qilmang. Ehtimol, bunga muvaffaq bo‘larsiz, biroq u sizga xursandchilik olib kelmaydi.

7. His-tuyg‘ularni ichda saqlash

Salbiy hislar to‘planadi va zo‘riqishga olib keladi. Ertami, kechmi ular tashqariga chiqadi. Odamlarga sizni xavotirga solayotgan narsa haqida darhol ayting. Agar zarur bo‘lsa, ruhshunosga murojaat qiling. Bu –normal holat.O‘z tuyg‘ularingizdan uyalmang.

8. Muammolarni hal qilmaslik

Muammolarni to‘plamay, qadam-baqadam, birma-bir bartaraf etish osonroq.

9. Doimiy ravishda aybdorlik hissini tuyish

Kech qolsangiz, va'dangizni bajarmasangiz noqulay holatga tushasiz.

Biroq ayrim holatlarda aybdorlik hissi tashqaridan yuqtiriladi: «Sen menga yordam bermading. Ishonchimni oqlamading». Bu kishi uchun boshqarish usuli, siz uchun esa – zo‘riqish manbai.

10. Doim «ha» deyish

Chiroyli rad etish ham san'at. Biroq uni ham o‘zlashtirish lozim. Aks holda irodasiz xodimga aylanib qolasiz.

11. Mayda narsalar sabab xavotirlanish

Ayrim kishilar mayda narsalarga katta e'tibor qaratishadi. Bu esa zo‘riqishning qo‘shimcha manbai. Agar muhimni ikkinchi darajalidan  farqlashga o‘rganilsa, bu odatni bartaraf etish mumkin.

12. Tartibli odam bo‘lmaslik

Bu kun tartibiga ham, stoldagi tartibsizlikka ham birdek tegishli. Doimiy ravishda cheksiz xaosda yashash oson emas. Shuning uchun o‘zingizni tartibli bo‘lishga  o‘rgating.

13. O‘z-o‘ziga ishonmaslik

O‘z-o‘ziga ishonmaslik va komplekslar – ko‘plab salbiy holatlarning sababi. Jumladan, zo‘riqishning ham.

14. Yangiliklarni tomosha qilish va o‘qishga o‘ta kirishib ketish

Salbiy ma'lumotlarni filtrlay olmaysiz. Shaxsiy muammolaringizga global darajadagilari ham qo‘shiladi. Bu esa zo‘riqishdan xalos bo‘lishga yordam bermaydi.

15. Xobbi haqida unutish

Xobbi zo‘riqishdan chalg‘ishda yordam beradi. O‘zingiz yoqtirgan ish bilan band bo‘lganingizda huzur-halovatga ega bo‘lasiz.

Foto: Pixabay

16. Juda ko‘p vazifani o‘z bo‘yniga olish

Imkoniyatlaringizga ortiqcha baho bermaslikka harakat qiling. Har bir kishining o‘z chegarasi bo‘ladi. Siz o‘z chegaralaringizni his qilishni o‘rganing.

17. Doimiy ravishda kech qolish

Nafaqat o‘zgalarni uyaltirasiz, balki o‘zingizni ham zo‘riqishning qo‘shimcha porsiyasi bilan siylaysiz. Vijdoningiz qiynaladi. Ayrim ishlarni ertangi kunga qoldirishga to‘g‘ri keladi.

Belgilangan vaqtda yetib kelish uchun rejalarga sinchkovlik bilan ahamiyat bering.

18. Hordiq haqida unutish

Dam olish – muhim. Aks holda, hissiy yonish sodir bo‘ladi. Barcha tezkor ishlarni yakunlagach, noutbukni yoping va tanaffus  qiling. Dam olish kunlarini hordiqqa bag‘ishlash uchun barcha ishlarni hafta davomida yakunlang.

19. O‘tmishni o‘ylab achinish

O‘tgan ishga achinmang. Endi hech narsani o‘zgartira olmaysiz. Kelajakda aynan shunday xatolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun xulosalar chiqarishingiz mumkin.

Mavzuga oid