O‘QISh

O‘qish mahoratini rivojlantirish, grammatika va til qurilishini anglash, so‘zlarni yodda saqlash, ularning ifoda hamda talaffuzini o‘rganish muhim ahmiyatga ega. Bu ko‘nikmani egallash uchun quyidagi usullardan foydalanishingiz mumkin.

1) Inglizcha kitob, jurnal, gazeta o‘qing

Xorijiy til o‘rganishning oltin qoidasi – ko‘p o‘qishdir. Unutmang: bu ko‘nikmaga ega bo‘lmay turib, og‘zaki va yozma sinovlarda yetarli darajada muvaffaqiyatga erisha olmaysiz. Modomiki, til o‘rganish masalasida qat’iy fikrda ekansiz, internetdan o‘zingizni qiziqtirgan mavzudagi biron kitob, jurnal, gazetani topib, muntazam o‘qib boring. 

Sizga yordamchi:

  • onlinenewspapers.com
  • gutenberg.org

2) Qo‘l telefoningiz va kompyuteringizning tilini inglizchaga o‘tkazing

Telefoningiz, kompyuteringiz dasturini inglizchaga o‘zgartirish, bajaradigan amalingizni ma’lum bir so‘z bilan bog‘lash va buni har kuni bajarish so‘z boyligingizni orttiradi. Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlar tilini ham o‘zgartirish yangi bilimlar o‘rganishingizda yordam beradi.

3) Mobil ilovalardan foydalaning

Mobil jihozlar va ilovalar ingliz tilini o‘rganish istagida bo‘lganlar uchun cheksiz imkondir. Texnika taraqqiyoti yashin tezligida ildamlab borayotgan bir vaqtda bu imkondan foydalanish tamoman sizning ixtiyoringizda. O‘qishdan yoki ishdan uyga qaytar ekansiz, telefonga yuklangan bir qancha bepul ilovalar yordamida so‘z yodlashingiz o‘qish va anglash ko‘nikmangizni orttiradi.

Sizga yordamchi:

  • learnenglishbritishcouncil.org
  • duolingo.com
  • busuu.com

YoZISh

Inglizcha yozish o‘zlashtirilishi eng qiyin malakalardan biridir. Odatda, xorijiy oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan abituriyentlardan esse, motivatsion maktub yozish talab qilinadi. Yozish davomida qisqa ifodalar o‘rniga bog‘lovchilar va yordamchi jumlalarni qo‘llash, fikrni kengaytirilgan holda ifodalay olish juda muhimdir.

4) Blog yozing

Bugungi kunda blog yozish, fikrlar, qiziqishlar, biror mavzu yuzasidan mulohazalarni bildirish keng tarqalgan. O‘zingiz uchun inglizcha bir blog oching. Boshida qiynalishingiz tabiiy, ammo xotirangizdagi so‘zlarni «uyg‘otish» uchun bu usul juda katta yordam beradi.