Jahon | 10:16 / 26.10.2018
10830
2 daqiqa o‘qiladi

Yirik shaharlar aholisi salomatligiga bosh xavf ma'lum bo‘ldi

Foto: REUTERS

Tropiklar va jamoat salomatligi Shveytsariya instituti olimlari shahardagi shovqinning yuqoriligi yurak-tomir kasalliklari xavfini sezilarli oshirishi haqidagi xulosaga kelishdi. Aniqlanishicha, yirik shaharlarda yuqori darajadagi shovqin sog‘liqqa havoning ifloslanganligidan ko‘proq ta'sir qilar ekan.

Olimlar buni aniqlash uchun Shveytsariyada 2000 yildan 2008 yilgacha qayd qilingan 19,2 mingta o‘limni tahlil qilishgan. Natijada yurak xurujlari xavfi havoning ifloslanganligi darajasi har 10 mikrogramm mayda zarraga oshganda 5,2 foizga oshar ekan. Biroq shovqin ta'siri bo‘lmasa, ushbu xavf 2-3,4 foizgacha kamayar ekan. Shu tariqa, olimlar shovqin inson organizmiga havoning ifloslanganligidan ko‘proq zarar keltirishi haqidagi xulosaga kelishgan.

Bundan avvalroq shvetsiyalik olimlar havo haroratining nol darajadan past bo‘lishi yurak xuruji xavfini oshiruvchi omil bo‘lishi mumkinligi haqidagi xulosaga kelishgani ma'lum qilingandi. Olimlar buni yurak xurujlari sovuq havoda 10 foizga ko‘proq yuz bergani bilan tushuntirishgan. Bunga esa sovuq havoda tomirlar torayishi, buning oqibatida esa yurakka kamroq kislorod yetib borishi sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, sovuq havoda tez-tez gripp bo‘lish va shamollash ham yurak xurujlari xavfini oshirar ekan. 

Mavzuga oid