Jamiyat | 00:28 / 26.10.2018
9889
4 daqiqa o‘qiladi

Odamlar yaxshiligi zoye ketmadi - Ildar Hindistonga uchib ketdi

Qarindoshlar yoki do‘st-birodarlar orasida mehr-oqibat bo‘lishi quvonarli, albatta. Ammo xalqning jipsligini ko‘rsak beixtiyor qalb junbushga keladi. KUN.UZ tahririyati tomonidan o‘tkazilgan va “Ildar saratonning dahshatli turidan azob chekmoqda, ammo uni davolasa bo‘ladi” sarlavhasi ostida maqola e'lon qilingan edi.

Ildarga ko‘plab insonlar ko‘magi bilan dastlabki operatsiya uchun yetarli mablag‘ yig‘ildi. Bemor va uning tug‘ishgan jigari Hindiston tomon yo‘l olishdi. Oilaga oq yo‘l tilash maqsadida ijodiy guruh bilan aeroport tomon yo‘l oldik.


facebook

- Bugun xalqimizning birdamligiga yana bir bor guvoh bo‘ldim. Ildarning operatsiyasi uchun kerakli mablag‘ni yig‘ishga ijtimoiy tarmoq blogerlari, jurnalistlar, hukumat vakillari birgalikda harakat qilishdi. Operatsiya uchun 14 ming dollar atrofida pul yig‘ildi. Bu mablag‘ dastlabki bosqich uchun yetadi, - deydi oilaning do‘sti Zarema Ilyasova.

Shundan so‘ng, mablag‘ yig‘ilishida bel bog‘lab faollik ko‘rsatgan blogerlardan fikr olmoqchi bo‘ldik. Ularning nomidan vakil sifatida Akida Xanumni suhbatga chorladik. 

- Birovning dardiga sherik bo‘lib, unga madad berish o‘zbek xalqiga xos fazilat. Bugun yurtdoshlarimizning ko‘mak berganligi natijasida oila Dehli tomon uchib ketmoqda. Bunda ko‘pchilikning mehnati singgan. Xorijda yurgan hamyurtlarimiz musofirligiga qaramay pul jo‘natishdi. Yaxshi insonlar ko‘p ekan. Endi operatsiya va uning natijalarini kutamiz. Oila uchun duoda bo‘laylik. Ildar bilan sog‘-omon ko‘rishish nasib etsin, - deydi bloger ayol.

- Men, ochig‘i, nima deyishni ham bilmayman. Bugun odamlarning ko‘magi bilan o‘g‘lim davolangani uchib ketmoqda. Avvalgi safar qayg‘udan yig‘lagandim, endi xursandchiligimdan yig‘lamoqdaman. Hammangizga ming rahmat. Hamisha qo‘limiz duoda, - deydi ko‘z yoshlari shashqator bo‘lgan ona.

Safarga otlanayotgan bemorning opasi bilan ham suhbatlashdik. U kishining aytishiga ko‘ra, Dehliga samolyotda qo‘nganlaridan so‘ng, BLK nomli gospitalga joylashishadi. Darrov muolaja jarayonlari boshlanadi va 2-3 kundan so‘ng jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi. Shundan so‘ng, natijaga qarab muolaja davom etadi.

Qo‘li ochiq va saxiy xalqimiz Ildarni qiyin kunlarda yolg‘izlatib qo‘ymadi. U operatsiya zudlik bilan qilinishi zarur ekanligi sabab uchib ketdi. Operatsiyadan keyingi xarajatlar uchun qo‘lida mablag‘i qolmagan bo‘lsa-da, Ollohga tavakkal qildi. Ildarga ko‘mak berishda bardavom bo‘laylik, musofir yurtlarda yakkalatib qo‘ymaylik. Yaxshilik qilishda saxiy bo‘laylik va yaxshi niyatda boshlangan xayrli ishni yakuniga yetkazaylik.

Onasi Saviya Nigmatulinaning plastik karta raqami:

8600 0423 2792 2414 (Agrobank)

Ukasi Ildus Nigmatulinning Rossiyadagi plastik karta raqami:

4276 6200 1020 6468 (Sberbank)

Telefon raqam:

+998909815733 (singlisi Nigmatulina Alfiya)

Bahodir Ahmedov tayyorladi

Баҳодир Аҳмедов
Tayyorlagan Баҳодир Аҳмедов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid