Buloqboshilik fermer ko‘chaga ham xo‘jayin(mi?)
Muammoning katta-kichigi yo‘q. Fuqarolar o‘z dardlarini mahalliy mutasaddilarga aytib javob ololmaganida, muammoga chora topa olmagach, umid bilan matbuotga arzini aytishga jazm qiladi.
Quyidagi, murojaatni o‘rgangani borganimizda, ko‘cha ahli, “Toshkentdan muammomizni o‘rgangani kelishingizga ishonib-ishonmay turgandik”, deya qarshi oldi. Darhaqiqat, kichik muammo. Lekin, uning zamirida odamlarning bugungi kungi jarayonga bo‘lgan ishonchi yotibdi.
Andijonning Buloqboshi tumanidagi Navoiy mahallasi, “Qayrag‘ochariq” ko‘chasida yashovchi aholining mahalliy fermer bilan aloqasi buzilib ketgan. Ko‘chaning bir tomoni “Shirmonbuloq faxri” fermer xo‘jaligiga tutashgan ekan. Har kuni odamlar foydalanadigan, ayniqsa yosh bolalar maktabga qatnaydigan ko‘cha aftodahol. Aholi ikki yildan beri mahalliy hokimiyatga ko‘chani ta'mirlash bo‘yicha ko‘p bora murojaat qilishiga qaramay, qishda loy, yozda tuproq yo‘l haqida o‘ylanadigan odam yo‘q.
2017- yil 10 yanvar kuni tuman hokimligi tumanda ko‘chalarni ta'mirlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgani va kelgusida Dasturga qo‘shilishi haqida javob xati ham bergan ekan.
Buning ustiga, fermer xo‘jaligi ko‘chadagi ariqni traktor bilan kovlab, undan chiqqan axlatni yo‘l qismiga tashlashni boshlaydi. Eniga olti metr bo‘lgan ko‘cha loy-balchiqqa aralashib ketdi. Aholi norozi bo‘lishiga fermerning pinagini ham buzmay: “Yo‘l meniki, solig‘ini men to‘layapman. Xohlagan joyingga bor!”, deya javob beribdi. MFY raisi M. Jalilov boshchiligidagi oqsoqollar fermer Muborak Ismoilovaga - “Yo‘l fermer xo‘jaligiga qaramaydi”, deya aytib, uni tartibga solmoqchi bo‘lishgani ham besamar ketdi.
Fermer ayol shu ko‘chada yashovchi Bahodir Sulaymonov va Surmaxon Mamasoliyevalarni behurmat qiladigan so‘zlar bilan haqorat qilgan. Aholi, “Nahotki, yo‘llar fermer tasarrufida bo‘lsa?” deya hayron. “Opa”ning ko‘chaga xo‘jayin bo‘lib, aybini aytganni beparda so‘zlar bilan haqorat qilishi oxir-oqibat odamlarning sabr-kosasini to‘ldiribdi.
Fermer xo‘jaligi maydonlari mana shu ariqdan suv ichadi. Lekin u loy va balchiqni o‘zining dala tomoniga olishi ham mumkin edi. Unda ikki metr yerdan yutqazadi. Ko‘cha tomonga olib, aholiga noqulaylik tug‘dirmaslik uchun o‘sha kunni o‘zida, yoki ozgina loyi qotgach, ikki-uch kunda traktorga yuklab olib ketsa, muammo ham bo‘lmasdi. Biroq u ko‘cha o‘ziniki ekanligini va ko‘chadagi balchiqni xohlagan paytida olishini aytdi.
Unga, ko‘chada yashovchilarni qiynalayotganini, ko‘ngli og‘riganini qizig‘i yo‘q edi. Aholining ko‘cha yurib bo‘lmas darajaga kelganligidan, fermerning qonunlarga bo‘ysunmasligidan norozi bo‘lgani qoldi xolos.
Biz “Qayrag‘ochariq” ko‘chasiga tuman kadastr bo‘limi mutasaddisi Nizomjon Qodirov va hudud profilaktika inspektori bilan birga bordik. Kadastr vakili aholi va xo‘jalik rahbariga ko‘cha fermer xo‘jaligi tasarrufida emasligini tushuntirdi. Lekin, shunda ham fermer ko‘chadagi qotib qolgan balchiqni olmasligini aytdi. O‘sha joyga yetib kelgan tuman mutasaddilari bizga ko‘chadagi balchiq bugundan qolmay olinishini aytdilar.
Mutasaddilarga tuman hokimligi, IIB janjalli holatni tahlil qilishga ertaroq kirishganida bunday salbiy muammo chiqmasligini aytib, “Nuroniy” jamg‘armasi, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi aholini ommaviy ishlarga jalb qilish bilangina shug‘ullanmay, balki aholi o‘rtasidagi mana shunday holatlarga e'tibor qaratishsa yaxshi bo‘lishini bildirdik.
“Qayrag‘ochariq”qa 27 oktabr kuni ertalab borgandik. Shu kunning o‘zida aholi vakillari qo‘ng‘iroq qilib ko‘chada tozalash ishlari boshlanganini aytishdi.
Yuqorida aytganimizdek, ko‘cha fermer tomonidan emas, balki mutasaddilar tomonidan tozalangan...
O‘z muxbirimiz
Mavzuga oid
22:45 / 19.11.2024
Madaniy meros agentligi Andijondagi Bobur haykalini ko‘chirish bo‘yicha tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi
21:20 / 19.11.2024
Qishloq xo‘jaligi kooperativlari haqidagi uzoq kutilgan qonun imzolandi. Sohada nima o‘zgaradi?
10:40 / 19.11.2024
Andijonda Bobur haykalini ko‘chirib, o‘rniga savdo majmuasi, ko‘ngilochar markazlar qurish rejalashtirilmoqda
21:10 / 18.11.2024