O‘zbekiston | 01:01 / 27.10.2018
25378
2 daqiqa o‘qiladi

Chustda ovqatdan guruhli zaharlanish qayd etilmagan - Namangan viloyat DSENM

Illyustrativ foto

Bir necha kun avval internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Chust tumanida odamlarning ommaviy zaharlanishga duchor bo‘lgani, hattoki bir kishining hayotdan ko‘z yumgani haqdagi xabarlar tarqalgan edi.

Namangan viloyat davlat sanitariya epidimologiya nazorati markazining (DSENM) Kun.uz’ga rasman ma'lum qilishicha, tarqatilgan bu xabarlar asossiz.

2018 yilning 21 sentabridan 21 oktabrigacha Chust tuman tibbiyot birlashmasiga noma'lum sababga ko‘ra tana haroratining ko‘tarilishi, qorinda o‘tkir og‘riq, ko‘ngil aynishi, qayt qilish hamda ichning biroz ketishi shikoyatlari bilan jami 25 kishi murojaat qilgan.

Ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh mutaxassislari, Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti bo‘lim mudiri, virusologiya ilmiy tekshirish instituti rahbariyati va xodimlaridan, shuningdek, sohaga daxldor boshqa mutaxassislardan iborat ishchi guruh Chust tumaniga tashrif buyurib, konsilium o‘tkazgan.

Konsilium xulosasiga ko‘ra, bemorlarga «Infektsion o‘tkir mezodinit (iyersenioz etiologiyali) dastlabki tashxisi qo‘yilgan.

Holatdan kelib chiqib, epidemik nuqtai nazardan tuman dehqon bozori hududidagi oziq-ovqat va ovqatlanish obektlaridan, ochiq suv havzalari va vodoprovod tarmog‘idan laboratoriya tahlillari o‘tkazish uchun namunalar olingan hamda viloyat DSENMda tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Laboratoriya tahlillarining yakuniy natijalariga ko‘ra, olingan namunalarda ovqatdan zaharlanishga olib keluvchi qo‘zg‘atuvchilar umuman aniqlanmagan.

Namangan viloyat DSENM xulosasiga ko‘ra, bemorlar va ularning yaqinlaridan so‘rab surishtirilganida bemorlarning bir oiladan, bir yashash xonadonidan ekanligi va bir xil mahsulotlarni iste'mol qilganligi — guruhlilik holatlari aniqlanmagan. Bemorlarda kasallikning kelib chiqishi bir-biriga bog‘liq emas. Mazkur holatda ovqatdan guruhli zaharlanish qayd etilmagan.

Mavzuga oid