Jahon | 19:58 / 30.10.2018
18797
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada tibbiy xodim 100 bemorni o‘ldirganligini tan oldi    

Foto: AFP/GETTY

Germaniyada sobiq tibbiy xodim Nils Xegel ikki shifoxonada 100 kishini qasddan o‘ldirganligini tan oldi.

Ayblov tomonining ta'kidlashicha, Oldenburg shifoxonasida kamida 36 kishi va Delmenxorst shifoxonasida 64 kishi Xegel qurbonlariga aylangan. Xegel navbatdagi sud jarayoni boshlangandan keyin sudyaning “unga qo‘yilayotgan ayblovlar bo‘yicha roziligi-yo‘qligi” haqidagi savoliga tasdiqlov javobini bergan. 

Jinoiy ish materiallarida ta'kidlanishicha, tibbiy xodim bemorlarga o‘limga olib keluvchi miqdorda dorilar kiritgan, biroq oxirgi lahzada ularni hayotga qaytarish imkonini qoldirgan. Biroq barcha hollarda ham bemorlarni hayotga qaytarishning iloji bo‘lmagan. U hamkasblari ko‘z o‘ngida go‘yoki bemorlarni hayotga qaytargandek ko‘rinmoqchi bo‘lgan.

Tergovchilarning fikricha, Xegel bu qilmishini manmanlik, zerikish va hamkasblari oldida o‘zini ko‘rsatish maqsadida sodir etgan. 

Xegelning qurbonlari 36 yoshdan 94 yoshgacha kishilar bo‘lgan, u ularni biror-bir jihatlarga qarab tanlamagan. 

Xegelga nisbatan joriy tergov boshlanishigacha u ko‘p yil davomida qamoqda ushlab turilgan. U 2005 yilda Delmenxorstdagi shifoxonada bemorga belgilanmagan dorini kiritgandan keyin qo‘lga olingan. 2008 yilda qotillik sodir etishga urinish ayblovi bilan 7 yillik qamoq jazosiga mahkum qilingan. 

Unga nisbatan ikkinchi sud jarayoni 2014 yilda Xegel nazoratida bo‘lganda o‘lganlarning oilalari talabi bilan boshlangan. U 2015 yilda 5 kishini o‘ldirishda aybdor deb topilib, qo‘shimcha 15 yilga qamalgan.

Tergovning taxminicha, tibbiy xodim qo‘lidan o‘lganlar 200 kishigacha yetishi mumkin. Biroq OAVning ta'kidlashicha, buni isbotlash uchun barcha dalillarni yig‘ish ko‘plab o‘lganlarning jasadi krematsiya qilingani sababli mushkul bo‘ladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid