O‘zbekiston | 14:44 / 01.11.2018
5236
5 daqiqa o‘qiladi

Biznes yo‘llarni obodonlashtirishda davlatga ko‘maklashadi

Tadbirkorlar trassalarni yo‘l harakatini monitoring qiluvchi integratsiyalangan tizimlar bilan jihozlash, ular bo‘ylab avtomobillar vaqtincha saqlanadigan joylarni, haydovchi va yo‘lovchilar dam oladigan joylarni, mashinalarga xizmat ko‘rsatish va ta'mirlash servis markazlarini qurish bilan shug‘ullanadilar, deb yozmoqda Norma.    
 
QHTBT portalida IIV tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining «2018–2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokama qilinmoqda.
 
Loyiha asosida – yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish va zamonaviy yo‘l infratuzilmasini barpo etish. Investorlar va tadbirkorlik sub'yektlariga quyidagilarni taqdim etish taklifi ilgari surilmoqda:

• yangi yo‘l infratuzilmasi obektlarini barpo etish bo‘yicha investitsiyaviy majburiyatlarni qabul qilgan holda magistral yo‘llar uchastkalarini – 30 yilgacha bo‘lgan muddatga;
• yo‘l harakatini monitoring qiluvchi integratsiyalangan tizimlar hamda shaxsni va transport vositasining davlat ro‘yxat raqamini aniqlovchi intellektual videokameralarni joriy etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun yer uchastkalarini – 10 yilgacha bo‘lgan muddatga;
• avtomobil yo‘llari bo‘ylab parkovka avtomatlari va avtomototransport vositalarini joylashtirganlik uchun haq to‘lash qoidalari buzilganligi holatlarini qayd etuvchi axborot tizimlari bilan jihozlangan pullik to‘xtash joylarini tashkil etish uchun yer uchastkalarini – 10 yilgacha bo‘lgan muddatga;
• mahalliy davlat hokimiyati organlari yurituvida bo‘lgan, sh.j. bozorlar va savdo komplekslari hududlariga tutash yerlarda joylashgan avtomototransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylarini (bundan keyin – avtoturargohlar), ular negizida avtomototransport vositalarini joylashtirganlik uchun haq to‘lash qoidalari buzilganligi holatlarini qayd etuvchi axborot tizimlari bilan jihozlangan zamonaviy pullik avtoturargohlarni tashkil etish uchun – 10 yilgacha bo‘lgan muddatga;
• avtomobil yo‘llari bo‘ylab hududlarni obodonlashtirish majburiyatlarini qabul qilgan holda yo‘l infratuzilmasi obektlarini, xususan, haydovchilar va yo‘lovchilar dam oladigan joylar, kempinglar, motellar, transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta'mirlash, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari va boshqalarni qurish uchun yer uchastkalarini – 10 yilgacha bo‘lgan muddatga.
 
Sanab o‘tilgan loyihalarda ishtirok etadigan tadbirkorlarni 2022 yil 1 yanvargacha quyidagilarni to‘lashdan ozod qilish taklif etilmoqda:

• QQSdan – O‘zbekiston norezidentlari bajaradigan ishlar (xizmatlar) uchun;
• bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno) – belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan, olib kelinadigan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, dasturiy ta'minot, qurilish va boshqa materiallar uchun.
 
O‘rnatilgan intellektual videokameralar yordamida aniqlangan YHQ buzilishi holatlari uchun jarimalar summalarini quyidagi tarzda taqsimlamoqchilar:

• kamida 20%i – Davlat byudjyetiga;
• 20%i – yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga maqsadli yo‘naltirgan holda mahalliy byudjyetlarga;
• 30%i –  IIVning byudjyetdan tashqari jamg‘armasiga;
• ko‘pi bilan 30%i – yo‘l harakati intensivligini va intellektual videokameralarning funksional imkoniyatlarini hisobga olgan holda xususiy sherikning schyotiga.
 
Pullik to‘xtash joylari va pullik avtoturargohlardan foydalanishdan tushgan tushumlar summasi esa, agar loyiha o‘zgartirishsiz qabul qilinsa, quyidagilarga yo‘naltiriladi:

•  ko‘pi bilan 30%i – yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga maqsadli yo‘naltirgan holda mahalliy byudjyetga;
•  kamida 70%i – tutash hududda avtomototransport vositalarining ko‘pligini hamda parkovkalovchi avtomatlar va axborot tizimlarining funksional imkoniyatlarini hisobga olgan holda xususiy sherikning schyotiga.  
 
Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma (bitim) muddati tugagach, o‘rnatilgan yo‘l harakatini monitoring qiluvchi integratsiyalangan tizimlar va intellektual videokameralar IIV balansiga topshirilishi taklif qilinmoqda. Xususiy sherik bilan bitim tuzish orqali ularga kelgusida texnik yordam ko‘rsatilishi ta'minlanadi. Yo‘l infratuzilmasi obektlarini esa tadbirkorlik sub'yekti tasarrufiga berish ko‘zlanmoqda.  
 
Loyiha rad etilishi, o‘zgartirilishi yoki unga qo‘shimcha kiritilishi mumkin.
 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid