O‘zbekiston | 00:14 / 02.11.2018
5721
4 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta'lim: Aziz Abduhakimov xalqaro ekspert Jamil Salmiy bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov oliy ta'lim sohasidagi xalqaro ekspert Jamil Salmiy bilan uchrashdi. Uning mamlakatimizga tashrifi davomida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Jizzax viloyat hokimligi rahbariyati, poytaxt va mintaqalardagi oliygohlar rektorlari bilan uchrashuvlar tashkil etildi, deya xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik formatlari, shu jumladan O‘zbekistondagi oliy ta'lim tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqishga xalqaro ekspertlarni jalb qilish imkoni muhokama qilindi.

Foto: Kamil Yenikeyev

Muzokaralar davomida Jamil Salmiyga O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida oliy ta'lim qamrovini kengaytirish, shakl va yo‘nalishlarini diversifikatsiyalash bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar, shuningdek ta'lim tizimini tubdan takomillashtirishga doir qabul qilingan qarorlar haqida ma'lumotlar berildi. Xususan, uchrashuvda O‘zbekiston hududida xorijiy oliy ta'lim dargohlarining faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taqdim etilayotgan imkoniyatlar – 2023 yilga qadar barcha turdagi soliqlar va majburiy to‘lovlardan ozod qilish, qo‘shimcha litsenziyalash jarayonlarisiz TOP-1000 reytingiga kiruvchi xorijiy OTMlar filiallarini yaratish kabi imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.

Foto: Kamil Yenikeyev

Shuningdek, suhbat davomida mehmon O‘zbekistonda boshlangan  ta'lim tizimini mintaqaviy ta'lim xabiga aylantirishga oid tizimli ishlar, 2019 yilda 13 yangi oliy ta'lim muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, 8 xorijiy OTM filiali va 22 qo‘shma fakultetlar ochilishidan xabardor qilindi.

Yevropa, Osiyo va Lotin Amerikasining qator universitetlari xalqaro kuzatuv qo‘mitalari a'zosi hisoblangan Jamil Salmiy, o‘z navbatida, Toshkentda Janubiy Koreya OTMlari – Yoju, Sijon va Puchon, AQShning Vebster, Latviyaning ISMA oliygohlari hamda Fransiya Moda akademiyasi filiallari ochilishi kabi tizimda erishilayotgan yutuqlarni alohida qayd etdi.

Foto: Kamil Yenikeyev

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston tomondan oliy ta'lim sohasida, shu jumladan respublikada flagman universitet faoliyatini tashkillashtirish bo‘yicha uzoq muddatli o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish taklif qilindi.

Ma'lumot uchun: Jamil Salmiy oliy ta'lim sohasida xalqaro ekspert hisoblanib, qator mamlakatlar hukumatlari, universitetlari, xalqaro va mintaqaviy banklar hamda agentliklarga konsultatsion xizmatlarini taqdim etadi. Salmiy 2012 yilga qadar Jahon bankining oliy ta'lim masalalari bo‘yicha koordinatori lavozimini egallagan. U Jahon bankining oliy ta'lim siyosatiga oid birinchi hujjatini yozgan, shuningdek u 2002 yilgi Jahon banki oliy ta'lim strategiyasi muallifi hamdir, strategiya “Bilimlar jamiyatini qurish: oliy ta'lim uchun yangi chaqiriqlar” deb nomlangan. Oxirgi 20 yilda Jamil Salmiy 80 dan ortiq mamlakatdagi universitetlar va davlat boshqaruvlari rahbariyatlariga oliy ta'lim tizimini isloh qilish va strategik rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatlar bergan.

Mavzuga oid