Jahon | 20:47 / 05.11.2018
5535
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada firibgarlarga qarshi kurashish uchun "aqlli" bankomat ishlab chiqildi

Yaponiyaning Hitachi-Omron Terminal Solutions kompaniyasi mamlakatdagi birinchi sun'iy intellektli bankomatni ishlab chiqardi, u firibgarlarga qarshi kurashishda yordam berishi ko‘zda tutilgan. Kyodo agentligi shu haqida xabar berdi. 

Qurilma bir necha kamera bilan ta'minlangan bo‘lib, ular tasvirga olish bilan birga foydalanuvchilarning tashqi ko‘rinishi va xulq-atvorini tahlil qiladi. Masalan, agar mijoz operatsiyani amalga oshirish vaqtida telefonda gaplasha boshlasa, tizim avtomatik ravishda tranzaksiyani uzib qo‘yadi va ekranda shu haqidagi xabar paydo bo‘ladi. 

Qora ko‘zoynak, niqob va tashqi ko‘rinishni to‘suvchi boshqa predmetlarga ega kishilar bankomatga yaqinlashgan taqdirda ham shunday holat kuzatiladi. Ular operatsiyani amalga oshirishlari uchun dastlab bu aksessuarlarni yechishlari kerak bo‘ladi, aks holda buning iloji bo‘lmaydi. Apparat shuningdek o‘zi mustaqil o‘rgana va qaror qabul qila oladi. 

Kompaniya mazkur texnologiyasini takomillashtirishni va 2019 yilda bunday bankomatlarni tijorat maqsadlarida ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Uning real muhitdagi birinchi sinovlari Ayti markaziy prefekturasida o‘tkazildi. Sinovlar muvaffaqiyatli o‘tdi. 

Yaponiya hukumati va politsiyasining faol sa'y-harakatlariga qaramay, mamlakatda aldov va tovlamachilik bilan bog‘liq jinoyatlar tez-tez uchrab turibdi. Birgina shu yilning birinchi yarmida fuqarolarning firibgarlardan ko‘rgan moliyaviy yo‘qotishlari 1 milliard iyen (9,5 million dollar)dan ortiqni tashkil qildi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid