Jahon | 21:00 / 06.11.2018
12893
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda yo‘lbarsni traktorda yanchib tashlaganlar jazolanishi mumkin 

Foto: Aijaz Rahi / AP

Hindistonlik dehqonlar hamqishloqlariga hujum qilgan yo‘lbarsni topib, uni ayovsiz o‘ldirishdi. Bu haqda The Times of India nashri xabar bermoqda.

Uttar-Pradesh shtatidagi Chaltua qishlog‘ida yashovchi 50 yoshli erkak yo‘lbarslar qo‘riqxonasiga ichkarilab ketganda unga yo‘lbars hujum qilgan. Erkak qochishga muvaffaq bo‘lgan, biroq keyinroq olingan jarohatlardan shifoxonada jon bergan. 

Ertasi kuni bundan darg‘azab bo‘lgan bir necha kishi qo‘riqxona qo‘riqchilarini do‘pposlab, ulardan traktorni olib qo‘yib, unda yo‘lbarsni qidirishga tushgan. Ular yo‘lbarsni topishgach qurshab olib, traktorda bosib tashlashgan, so‘ngra jon berguncha kaltaklashgan.

O‘rmonlar boshqarmasida ta'kidlanishicha, yo‘lbars qo‘riqxonani hech qachon tark etmagan va insonga uning hududiga kirgandagina hujum qilgan. Shu sababli mutasaddi idoralar yo‘lbarsni o‘ldirganlarni javobgarlikka tortmoqchi.

Shu munosabat bilan yo‘lbarsni o‘ldirishda gumon qilinayotgan 6 kishi ustidan politsiyaga shikoyat qilingan. Shuningdek, to‘qnashuvning oldini olmagan qo‘riqxonaning 6 xodimi ham jazolanishi mumkin.

Chaltua qishlog‘i qo‘riqxona hududida joylashgan bo‘lib, rahbariyat qishloqni boshqa joyga bir necha bor ko‘chirmoqchi bo‘lgan, ammo qishloq aholisi barcha takliflarni rad etib keladi. 

3 noyabrda Hindistonning Maxarashtra shtatida 14 kishini o‘ldirgan yo‘lbars otib tashlangani ma'lum qilingandi. Uni bir necha oy eng yaxshi merganlar va 200 reynjyer qidirgan. 

Mavzuga oid