Iqtisodiyot | 19:32 / 07.11.2018
42995
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zavtosanoat»: GM Uzbekistan bir kunda 1000ta avtomobil ishlab chiqarmoqda

GM Uzbekistan kompaniyasi mijozlar talabini qondirish va buyurtmalarni o‘z vaqtida yetkazib berish maqsadida bir kunda 1000 dona avtomobil ishlab chiqarmoqda. Kompaniya shu sababli o‘z zavodida 3 smenali ishlashni yo‘lga qo‘ygan. Bu haqda «O‘zavtosanoat» AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Umidjon Salimov yangi savdo platformasi taqdimoti doirasida ma'lum qildi, deb xabar bermoqda KUN.UZ muxbiri.

Uning bildirishicha, shu vaqtgacha xalq orasida talab kuchli bo‘lgan Damas rusumli avtomobil bir yilda 24 ming dona ishlab chiqilgan bo‘lsa, 2019 yildan bir yilda 50 mingdan ortiq Damas xaridorlarga yetkaziladi. 

Shu bilan birga, Salimov avtomobillarni onlayn xarid qilish imkonini beruvchi Uzavtosavdo.uz  platformasi haqida fikrlarini bildirib o‘tar ekan, avtomobillar xaridi uchun 20 mingdan ortiq sun'iy navbatlar hosil qilingani, bir kishining pasporti bilan 2-3-4ta avtosalonda navbatga qo‘yilgani va boshqa shu kabi holatlar bo‘lganini ta'kidladi. 

Onlayn savdo platformasi to‘liq ishga tushirilganidan so‘ng, AJ kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilayotgan barcha avtomobillar bosqichma-bosqich internet resursga qo‘yib boriladi. 

Umidjon Salimov, shuningdek, KUN.UZ muxbirining, nima uchun ilova orqali xarid qilishda to‘langan dastlabki 3 foizlik badal summasi, xaridor fikridan qaytgan taqdirda qaytmasligiga doir savoliga quyidagicha izoh berdi. 

“Biz bu borada ko‘p maslahat qildik. Turli fikrlarni o‘rgandik. Bu raqamni 4, 5, 7 foiz sifatida ham belgilash borasida takliflar bo‘ldi. Biroq, dastlabki to‘lov miqdorini avtomobil tannarxidan 3 foiz qilib belgilashga qaror qildik. Bu summaning qaytarilmasligini shunday izohlash mumkin: qaror negizida savdo jarayonida shaffoflikni hamda avtomobillarni haqiqatdan ham xaridorning o‘zi sotib olishini ta'minlash, bu jarayonga o‘z manfaatlarini ko‘zlagan olibsotarlarni aralashtirmaslik maqsadi yotadi”, - dedi Umidjon Salimov.

Mavzuga oid