Sport | 16:00 / 08.11.2018
19102
15 daqiqa o‘qiladi

Manchesterdagi ahmoqona penalti va «MYu»ning Turindagi qahramonligi. YeChLda tur yakunlari

Chempionlar ligasida 4-tur uchrashuvlari yakunlandi. Jamoalardan biri - «Barselona» muddatidan oldin keyingi bosqich masalasini hal qilib ham qo‘ydi. Yana bir qator jamoalar bu turda pley-off uchun yana bir qadam tashlashdi. Shuningdek, bu mavsumda nimchorak finalda o‘ynashdan umid uzgan jamoalar ham ma'lum bo‘lib qoldi. «Tribuna» chorshanba oqshomida o‘tkazilgan uchrashuvlar tahlilini keltiradi.

Manchesterning chiroyli g‘alabasini xunuk qilgan Sterling

F guruhi
«Manchester Siti» – «Shaxtyor» – 6:0 (Silva, 13. Gabriel Jyezus, 24, penalti, 72, penalti, 90+2. Sterling, 48. Marez, 84)

Safardagi o‘yinda bo‘lgani kabi bu o‘yin arafasida ham «shaharliklar»ning asosiy yetakchisi Kevin de Bryuyne jarohat tufayli safdan chiqqandi, «konchilar» safida esa jamoa sardori Tayson safga qaytdi. Umuman olganda, bu vaziyat hech narsaga ta'sir ko‘rsatmadi, Xosep Gvardiola shogirdlari ilk daqiqalardanoq o‘yinni o‘z qo‘llariga olishdi. Birinchi xavfli hujumdayoq Mahrezning qulay pasini David Silva golga aylantirdi. «Siti» futbolchisi o‘z faoliyati davomida ilk marta YeChLdagi qatorasiga uch o‘yinda gol urdi.

Bu o‘yin bosh hakam Viktor Kashshaining qo‘pol xatosi bilan yodda qoladigan bo‘ldi. U «Shaxtyor» himoyachisi Matviyenko Sterlingga tegmagan vaziyatda uni qo‘pollik qilganlikda ayblab, penalti belgiladi. Holbuki, bu vaziyatda angliyalik futbolchi gazonga qoqilib yiqilgandi. Ammo u hakamga penalti bo‘lmaganini aytishni o‘ziga ep bilmadi. 11-metrlik nuqtaga yaqinlashgan Gabriyel Jyezus sovuqqonlik bilan harakat qildi.

Tanaffusdan keyin Sterling o‘zini oqlashga harakat qildi - u «Shaxtyor» tarbiyalanuvchisi hisoblanuvchi Zinchenkoning pasidan keyin kuchli va chiroyli zarba bilan Pyatkov darvozasini ishg‘ol qildi.

Keyin esa Jyezus yana bir bor penaltidan gol urdi, Mahrez ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi, o‘yindagi yakuniy hisob Jyezusning hettrigi bilan o‘rnatildi - 6:0. Manchesterliklar amalda keyingi bosqichda.

«Lion»ning yangi trilleri
«Lion» – «Hoffenhaym» – 2:2 (Fekir, 19. Ndombele, 28 – Kramarich, 65. Kaderjabek, 90+2)

«Manchester Siti» maydonidagi g‘alaba (2:1), «Shaxtyor» bilan o‘yindagi matonatli durang (2:2) va «qishloqilar» jamoasi bilan shiddatli bahsdan (3:3) keyin «Lion» yana bir tomoshabop o‘yin namoyish etdi. Bryuno Jyenezo jamoasi guruhning bezagiga aylanmoqda. Bu jamoadan nima kutishingni bilmaysan, lekin faqat qiziq voqealar ro‘y beradi.

Bu safar fransuzlar o‘z muxlislarini hayron qoldirishdi. «Hoffenhaym»ga qarshi javob o‘yinida jamoa ikkita to‘p farqi bilan oldinga chiqib olishdi, Nuxuning chetlatilishidan keyin son bo‘yicha ustunlikka ega bo‘lishdi. G‘alaba uchun yana nima kerak edi? 

Maydon egalarida bu savolga javob topilmadi, shundan keyin «Hoffenhaym» hisobni qisqartirdi. Qo‘shimcha daqiqalarda esa Kaderjbekning goli evaziga nemislar Liondan ochko olib qaytadigan bo‘ldi. Ikki hafta muqaddam ham jamoasini qutqargan Joelinton bu safar golli pas muallifi bo‘ldi.

Solari bosh murabbiy bo‘ladimi?

G guruhi 
«Viktoriya» Plzen – «Real» – 0:5 (Benzema, 20, 37. Kazemiro, 23. Beyl, 40. Kroos, 67)

«Qirollik klubida» bosh murabbiy vazifasini «vaqtincha bajaruvchi» sifatida uchinchi o‘yinda jamoani maydonga boshlab kelgan Santyago Solari ishonchni oqlamoqda. Avvaliga Ispaniya Kubogida, keyin La Ligada ilk o‘yinlarida zafar quchgan jamoa YeChLdagi ilk o‘yinida yirik hisobdagi g‘alabaga erishdi. Uni endi Zinedin Zidanning yo‘li davomchisi sifatida ko‘ra boshlashdi. Argentinalik mutaxassis bir jihatdan Zidanni ortda qoldirgan: u debyutdagi qatorasiga 3 o‘yinda «quruq» g‘alabaga erishdi, bu klub tarixida 1957 yildan buyon kuzatilmagan hodisadir.

Bu o‘yinda Karim Benzema ochildi, u xuddi Messidek harakat qilib, raqibning uch himoyachisini ortda qoldirdi va to‘pni darvozabonning oyoqlari orasidan o‘tkazdi. Uning «Real» safidagi yubiley - 200-goli jamoadoshlarini ruhlantirib yubordi va chexlar darvozasi yana 4 marta ishg‘ol etildi. Tanaffus arafasida to‘rtinchi gol o‘tkazilganda mezbonlar bosh murabbiyi Pavel Vrba zaxira o‘rindig‘i ortiga yashirinishga majbur bo‘ldi. Uning jamoasi himoyasi qismlarga ajratilib tashlangandi. Madridliklar uchta golni havodagi uzatmalar orqali urishdi. 

Beylning goli esa tahqiromuz bo‘ldi. Unga assistentlik qilgan Benzema Madrid klubi afsonalari qatoriga kirdi. U endi Ugo Sanches, Ferents Pushkash, Karlos Santilyana, Alfredo Di Stefano, Raul va Krishtianu Ronaldu qatorida klub uchun 200dan ortiq gol urgan futbolchiga aylandi. O‘yin oxirida uning o‘rniga maydonga tushirilgan Vinisius Junior esa Kroosga golli uzatma berdi.

TsSKA (Rossiya) – «Roma» (Italiya) – 1:2 (0:1) 
Gollar: Manolas, 4 (0:1). Sigurdsson, 50 (1:1). Pellegrini, 59 (1:2). 
Armiyachilar o‘yin boshidayoq asosiy futbolchilaridan biri Mario Fernandesni yo‘qotdi va mag‘lubiyatga uchradi.

«Roma» o‘yin boshidayoq tashabbusni qo‘lga oldi, Jyeko Florentsining pasini darvoza tomon yo‘lladi, to‘p yo‘liga chiqib kelgan Nababkin uni maydon tashqarisiga chiqarib yubormoqchi edi, ammo unga ega chiqqan Konstantinos Manolas Akinfeyevni dog‘da qoldirdi. Ammo 12-daqiqada TsSKA uchun yanada dahshatliroq voqea ro‘y berdi, asli braziliyalik, Rossiya fuqaroligini olgan Mario Fernandes Aleksandr Kolarov bilan to‘qnashuvdan keyin hushini yo‘qotdi, uni maydondan olib chiqib ketishdi.

Birinchi bo‘limning ikkinchi qismi va ikkinchi bo‘limning boshi mezbonlar ustunligida kechdi. Bu ustunlik gol olib keldi - Sigurdsson Robin Olsenning yaqin burchagini aniq nishonga oldi. Ammo bo‘lim davomida uchrashuv bosh hakami Junayt Chaqir Klyuvertga qo‘pollik qilgani uchun moskvaliklarning boshqa bir islandiyalik futbolchisi Magnussonni maydondan chetlatdi. Sondagi ustunlikdan «Roma» unumli foydalandi. Pellegrini ofsayd chegarasida harakatlanib, Jyekodan pas qabul qilib olgan holda Akinfeyev darvozasiga yana bir gol urdi. Endi TsSKA guruhda 4 ochko bilan uchinchi o‘rinda qolmoqda.

Levandovskining yubileyi va «Ayaks»ning irodali durangi

Ye guruhi
«Bavariya» – AYeK – 2:0 (Levandovski, 31, penalti, 71)
Niko Kovachning Myunxendagi kelajagi bo‘yicha munozaralar davom etayotgani jamoa navbatdagi g‘alabasini qo‘lga kiritishiga xalal bermadi. AYeK bu turdan keyin Moskvaning «Lokomotiv» klubi kabi guruh bosqichi omadsiziga aylandi. Birinchi bo‘limda mezbonlar hujumchisi Robert Levandovski penaltidan gol urib, hisobni ochdi. Bu uning «Bavariya» safidagi yubiley - 100-goli bo‘ldi. Yakunda polshalik futbolchi dublni rasmiylashtirdi. Aytish kerakki, «Bavariya» yakshanba kuni Dortmundning «Borussiya»ga qarshi dueli arafasida yorqin o‘yin ko‘rsata olmadi.

«Benfika» – «Ayaks» – 1:1 (Jonas, 29 – Tadich, 61)
Lissabonliklar bu o‘yinga ikki mag‘lubiyatdan keyin g‘alabaga erishish maqsadida tushishgandi. Umuman, jamoa «Eshtadiu Da Luj» stadionida YeChL o‘yinlarida anchadan buyon g‘alaba qozona olmayapti. O‘tgan mavsumda «MYu», «Bazel» va TsSKA, bu mavsumda esa «Bavariya» bu maydondan ochko olib qaytgan. Bu o‘yingacha 6 uchrashuvdan iborat g‘alabali seriya qayd etayotgan «Ayaks» bu uchrashuvlarda gol ham o‘tkazmagandi. Ammo o‘yinning birinchi bo‘limida darvozabon Onan to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi va Jonas hisobni ochdi. Amsterdamliklar jamoasining «quruq» seriyasi 654 daqiqa davom etdi.

Lekin bu epizod «burgutlar»ning muammolarini hal qilib qo‘ya olmasdi. «Ayaks» tanaffusga qadar ham hisobni tenglashtirishga yaqin keldi. Ammo bir necha qulay vaziyatlarda xato zarbalar berildi. Faqat ikkinchi bo‘limda Tadich yakkama-yakka holatda darvozabonni aldab o‘tib, to‘pni darvozaga yo‘lladi. Dushan YeChLda serbiyalik futbolchilarning 100-goliga mualliflik qildi. Uning goli «Ayaks»ni pley-offga yanada yaqinlashtirdi.

O‘yin oxirida mehmonlar jamoasi futbolchilari Onanni quchoqlay boshlashdi, u oxirgi soniyalarda jamoani muqarrar goldan qutqarib qolgandi.

Ronaldu gol urdi, «Yuventus» yutqazdi

N guruhi
«Yuventus» (Italiya) - «Manchester Yunayted» (Angliya) - 1:2 (0:0)
Gollar: Krishtianu Ronaldu, 65 (1:0). Mata, 86 (1:1). Bonuchchi, 90 - avtogol (1:2).
«Yuventus»: SHCHensni, De Shilo (Barzali, 83), Bonuchchi, Kellini, Sandru, Kuadrado (Mandjukich, 90+2), Pyanich, Xedira (Matyuidi, 61), Bentankur, Dibala, Krishtianu Ronaldu.
«Manchester Yunayted»: de Xea, Yang, Lindelef, Smolling, Shou, Matich, Errera (Mata, 79), Pogba, Lingard (Reshford, 70), Sanches (Fellaini, 79), Marsiyal.
Ogohlantirishlar: Matich, 12. Sandro, 55. Errera, 75. Dibala, 75. Marsyal, 90+5.
Hakam: Xatsegan (Ruminiya).

«Yuve»ning mag‘lubiyatsiz seriyasi
Bu ikki jamoaning Turindagi oxirgi uchrashuvi 2003 yilning fevralida YeChL guruh bosqichi doirasida kechgan va o‘sha o‘yin mehmonlarning yirik hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlangan (3:0). Bu safargi o‘yinda Manchester jamoasi g‘alaba qozonish orqali faqat guruhdagi ikkinchi o‘rinni mustahkamlashi mumkin, ammo bu g‘alabaga erishishning o‘zi bo‘lmaydi. «Yuventus» bu mavsumda hali mag‘lubiyatga uchramadi - 13 g‘alaba va 1 durang. «Yuventus» bugun bu seriyani davom ettirib, pley-off masalasini hal qilishi mumkin bo‘ladi.

Xediraning zarbasi
Turinliklar bu tur ham g‘alaba qozonib, muddatidan avval keyingi bosqich masalasini hal qilish uchun ilk daqiqalardanoq hujumga otlanishdi. Turli nuqtalardan De Xeaning mahorati tekshirib turildi. «MYu» esa qarshi hujumlarda harakat qildi. Vaziyatlardan birida Sanches himoyachilar ortida paydo bo‘lib, Matichga to‘pni uzatdi, ammo bu hujum yakuniga yetmay qoldi. Golga eng yaqin vaziyat mezbonlar tomonidan sodir etildi - Ronaldu o‘ng qanotda yurish qilib, jarima maydoniga uzatma berdi, Xediraning zarbasi darvoza ustunidan qaytdi.

Dibalaning zarbasi
Ikkinchi bo‘limda «MYu» faolroq harakat qildi, ammo xavfli hujumlar baribir mehmonlar darvozasi oldida ro‘y beraverdi. Tanaffusdan keyin Dibala jarima maydoni chizig‘idan zarba berdi, ammo to‘p bu safar darvoza to‘siniga tegdi. «Yuventus»ga o‘z maydonida darvoza ustunlari va to‘sinlari yordam bermadi.

Ronalduning goli

Bunday vaziyatda yana kim barchasini o‘z zimmasiga olishi mumkin. Bonuchchining a'lo darajadagi pasidan keyin portugaliyalik futbolchi to‘p bilan tez harakatlanib, bir kuchli zarba bilan De Xeani ojiz qoldirdi. «Yunayted» darvozasiga urilajak golini nishonlamaslikka va'da bergan Ronaldu o‘zini tiyib tura olmadi va o‘zining muskullarini namoyish etdi.

«MYu»ning javobi
Ronalduning golidan keyin «Yuventus» hisobni bir necha marta oshirishi ham mumkin edi, ammo na Kuardado va na Dibala to‘pni darvoza to‘riga joylay olmadi. «MYu» esa oxirgi daqiqalarda ikki marta jarima zarbasi tepish huquqini qo‘lga kiritdi, birinchisida Mata ajoyib zarba bilan hisobni tenglashtirdi, ikkinchi jarima zarbasi ijro etilganida, to‘p jarima maydoni ichiga tashlab berildi va tartibsizlik vaqtida Aleks Sandro to‘pni o‘z darvozasi to‘riga kiritib yubordi.

«Yuventus» joriy mavsumda ilk marta mag‘lubiyatga uchradi. «MYu» guruhdagi ikkinchi o‘ringa qaytdi. Ushbu guruhda keyingi bosqich masalasi keyingi turlarda hal bo‘ladi.

Valensiya 3 yil kutdi

«Valensiya» – «Yang Boyz» – 3:1 (Santi Mina, 14, 42, Soler, 56 – Assale, 37)
Valensiyaliklar YeChLda nihoyat g‘alabani tantana qilishdi. «Ko‘rshapalaklar» jamoasi nafaqat joriy mavsumda, balki keyingi 3 yildagi ilk g‘alabani qo‘lga kiritishdi. Bungacha jamoa YeChL o‘yinlarida 1115 kunni g‘alabasiz o‘tkazishgandi - 2015 yilning oktabridan buyon. Jamoaga Santi Mina va Soler muvaffaqiyat keltirishdi. Mina shu yilning qishidan buyon «Mestalya»da gol ura olmayotgandi. Endi esa u bir bo‘lim davomida jamoaning eng yaxshi snayperiga aylanib oldi. Unga ikki golda assistentlik qilgan Soler esa ikkinchi bo‘limda uchinchi golni urdi.

Mavzuga oid