KJCh. Nimchorakfinal
«Manchester Siti» – «Al Hilol» 3:4
Gollar: Silva 9, Holand 55, Foden 104 — Leonardo 46, 112 (dubl), Malkom 52, Kulibali 94.
«Manchester Siti»: Ederson, Ayt Nuri, Gvardiol (Ake, 53), Ruben Diash, Mateus Nunes (Akanji, 53), Reynders (Sherki, 91), Gundo‘g‘an (Rodri, 53, Foden, 100), Bernardu Silva, Doku, Holand (Marmush, 91). Savio.
«Al Hilol»: Bunu, Lodi, Ruben Nevesh, Kulibali, Al-Arbi (Al-Bulayhiy, 88), Ad-Dovsariy (Al-Juvayr, 106). Kanno (Ladjami, 83), Milinkovich-Savich, Joau Kanselu (Al-Yami, 88). Markus Leonardu (Al-Ghannam, 116), Malkom (Kayo Sezar, 64)
Ogohlantirishlar: Gvardiol (27), Mateus Nunes (39), Akanji (105) – Markus Leonardu (113).

«Manchester Siti» va «Al-Hilol» klublar o‘rtasidagi jahon chempionati 1/8 finalida quvnoq spektakl qo‘yib berishdi. Bu jamoalarning Orlandoda kechgan o‘yini – pley-offning (balki butun turnirning) epik voqeasiga aylandi. Jamoalar o‘yinni ekstra-taymlarga o‘tkazishdi, u yerda esa kutilmaganda saudiyaliklarning qo‘li baland keldi.

Holbuki birinchi bo‘limga qarab umuman teng kurash haqida aytib bo‘lmasdi. «Manchester Siti» butun 45 daqiqa davomida «Al-Hilol» himoyachilarining ko‘zini ochirmadi. Pep Gvardiola shogirdlari kutilgan gollar ko‘rsatkichi bo‘yicha 2,08 xG natijasiga erishdi, saudiyaliklar esa darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan birorta zarba yo‘llay olmadi va kamtarona 0,3 xG ko‘rsatkichini qayd etishdi. «Siti» yuzaga keltirgan vaziyatlarni sanashga ikki qo‘ldagi barmoqlar ham yetarli bo‘lmaydi. 9-daqiqada inglizlar haqli ravishda hisobni ochishdi: Rayan Ayt-Nuri va Teyani Reynders chiroyli kombinatsiya uyushtirishdi, jazoirlik futbolchi raqib jarima maydoniga kirib bordi. Zarba va rikoshetdan keyin to‘p Bernardu Silvaga kelib tushdi, u esa to‘pni osonlik bilan Yassin Bunu qo‘riqlayotgan darvozaga kiritib yubordi.

Shu bilan birga, «Manchester Siti»ning goli bahslarga sabab bo‘ldi. «Al-Hilol» futbolchilari bosh hakam Xesus Valensuelaga e’tiroz bildira ketdi. Bunga sabab bor edi: hujum vaqtida to‘p Ayt-Nurining qo‘liga tekkandi.

Ammo VAR’dagi yordamchilari bilan maslahatlashgan hakam Rayan qasddan qo‘l bilan o‘ynamagan deb topdi. Vaziyatni tekshirish 3-4 daqiqa vaqt oldi. To‘p maydon markaziga olib kelinib, bosh hakam o‘yinni davom ettirish uchun hushtak chaldi, ammo «Al-Hilol» futbolchilari ekranda vaziyat takrorini ko‘rib, yana hakam bilan bahsga kirishishdi. Foydasi bo‘lmadi: arbitr butun stadionga qoidabuzarlik bo‘lmagani va gol bekor qilinmasligini e’lon qildi. Uni yuz foiz haq deb bo‘lmaydi va bu qaror hali yana muhokama qilinishi tayin.