O‘zbekiston | 17:00 / 08.11.2018
12912
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya O‘zbekistonga KXShT parlament assambleyasida kuzatuvchi maqomini taklif etdi

O‘zbekiston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining (KXShT) parlament assambleyasi yig‘ilishlarida kuzatuvchi davlat sifatida qatnashishi mumkin. Rossiya davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin O‘zbekiston Oliy Majlisi senati raisi Nig‘matillo Yo‘ldoshevga ana shunday taklif bilan murojaat qildi, deb yozmoqda Rossiyskaya gazeta.

Foto: duma.gov.ru

Volodinning so‘zlariga ko‘ra, agarda respublika delegatsiyasi assambleya yig‘ilishlarida ishtirok etsa, bu davlat dumasi tomonidan olqishlanadi. Bu O‘zbekiston uchun yaxshi imkoniyat bo‘ladi, chunki KXShT parlament assambleyasi kelgusida O‘zbekiston uchun dolzarb bo‘lgan qonunchilik yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilishni rejalashtirgan.

Bular xavfsizlik, narkotrafikka qarshi kurashish sohalari bilan bog‘liq, deya aniqlik kiritdi Volodin. 

KXShT haqida

Foto: RIA Novosti / Mixail Voskresenskiy

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga 1992 yil 15 mayda Toshkentda asos solingan. O‘shanda Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan. 1993 yil 9 sentyabrda Gruziya, 24 sentyabrda Ozarboyjon va 31 dekabrda Belorussiya  shartnomani imzolagan.

Shartnoma 1994 yil 20 apreldan kuchga kirgan. Shartnoma 5 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, uzaytirilishi ko‘zda tutilgandi. 1999 yil 2 aprelda Armaniston, Belorussiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston prezidentlari shartnomani yana besh yil muddatga uzaytirish to‘g‘risidagi protokolni imzoladi, ammo Ozarboyjon, Gruziya va O‘zbekiston shartnomani uzaytirishni istamadi va tashkilotdan chiqib ketdi.

2006 yil 16 avgustda O‘zbekiston KXShT tarkibiga qaytadan kirdi. 2012 yil 28 iyunda esa Toshkent KXShTga a'zoligini to‘xtatib turishini bildirdi.

KXShTning maqsadi shartnomaga a'zo davlatlarning hududiy-iqtisodiy makonini har qanday tashqi siyosiy tajovuzlardan hamda yirik miqyosdagi tabiiy ofatlardan birgalikda armiya va boshqa yordamchi bo‘linmalar yordamida himoya qilish hisoblanadi.  KXShT yagona harbiy-siyosiy ittifoq sifatida jangovar operatsiyalarda hech qachon ishtirok etmagan.

KXShT pozitsiyalarini kuchaytirish uchun Markaziy Osiyo mintaqasida tezkor harakatlanuvchi kollektiv kuchlar islohoti o‘tkazilmoqda. Bu kuchlar o‘nta batalondan iborat: uchta batalon Rossiyaga, ikkitasi Qozog‘istonga tegishli, qolgan davlatlar bittadan batalonga ega. Kollektiv kuchlar shaxsiy tarkibining soni 4 ming kishiga yaqin bo‘lib, uning 10ta samolyot va 14ta vertolyoti Rossiyaning Qirg‘izistondagi aviabazasida joylashtirilgan.

Mavzuga oid