Sport | 12:05 / 13.11.2018
10029
2 daqiqa o‘qiladi

UYeFA Chempionlar ligasi o‘yinlarini dam olish kunlariga ko‘chirishga tayyor

Foto: RIA Novosti

UYeFA yevrokubok o‘yinlari vaqtlariga o‘zgartirish kiritishi mumkin. AS nashri ma'lumotiga ko‘ra, Chempionlar ligasi uchrashuvlari kelgusida hozirgidek seshanba va chorshanba kunlari emas, balki shanba-yakshanba kunlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilishi ehtimoli bor.

Manbaning keltirishicha, seshanba va chorshanba kunlarida yevrokuboklar o‘yinlari o‘rniga terma jamoalar bahslarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilishi varianti ham ko‘rib chiqilmoqda.

UYeFA bunday qarorga kelishi qit'aning eng nufuzli 16 klubi tomonidan alohida turnir - Superliga musobaqasi tashkil etilishi mumkinligi bilan bog‘liqligi, bu mutasaddilarning yangi turnir yaratilishiga nisbatan ko‘rayotgan chorasi ekani aytilmoqda.

Qayd etilishicha, ko‘hna qit'aning eng nufuzli chempionatlari UYeFAning bu rejasidan norozi. Ular – Angliya Premer-ligasi, Ispaniya La Ligasi, Germaniya Bundesligasi va Italiya A Seriyasi – yangi taqvimga rozi bo‘lmasliklari borasida kelishuv imzolashgan va uni Yevropa futboli bosh tashkilotiga yuborishgan.

Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi boshidan buyon Yevropa Superligasi haqida xabarlar avj ola boshladi. Garchi barcha rasmiy shaxslar buni inkor etayotgan bo‘lsa-da, Football Leaks tomonidan oshkor qilingan yopiq tijoriy turnir Chempionlar ligasi nufuziga katta putur yetkazishi ehtimoli manfaatdor tomonlarning xavotiriga sabab bo‘lmoqda.

Mavzuga oid