Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yanukovich Moskvada shifoxonaga yotqizildi. U sudda so‘nggi so‘zini aytolmaydi
Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovich juma kuni Moskva shahridagi Sklifosovskiy nomidagi ilmiy tadqiqot instituti shifoxonasiga yotqizilgan. «KP» nashrining yozishicha, u umurtqasi va tizzasidan jarohatlangan. Klinikadagilar esa Yanukovich vrach ko‘rigidan o‘tkazilganidan so‘ng unga javob berilganini ta'kidlashmoqda.
«KP» nashrining yozishicha, Yanukovich shifoxonaga qimirlatmasdan keltirilgan. «360» telekanalining xabar berishicha, tez yordam klinikasiga keltirilgan bemorning pasport ma'lumotlari Ukrainaning sobiq yetakchisiniki bilan to‘liq mos keladi. U shifoxonada bir soat ko‘rikdan o‘tkazilgan va tizza paylariga qon to‘planishi tashxisi qo‘yilgan.
«KP» ma'lumotlariga ko‘ra, shifokorlar siyosatchining umurtqa pog‘onasida ham jarohat topishgan. Taxmin qilinishicha, u tennis o‘ynay turib jarohatlangan. Yanukovich keltirilgan shifoxona bloki tashrifchilar uchun yopilgan, so‘ngra u jonlantirish bo‘limiga o‘tkazilib, keyinroq xususiy klinikaga yuborilgan.
Shifoxonaga tushib qolgani bois Viktor Yanukovich dushanba kuni Kiyev shahrining Obolon rayoni sudida davlatga xiyonat qilish ishi bo‘yicha so‘nggi so‘zini aytish uchun qatnasholmaydi. Bu haqda TASS muxbiriga uning advokati Aleksandr Goroshinskiy xabar bergan.
«Odam shifoxonaga yotqizilganda sudda ishtirok etolmaydi», — degan u himoyachilar Yanukovich sudda so‘nggi so‘zni aytib olishi uchun sud majlisini keyinroqqa qoldirish masalasini ko‘tarishlarini qo‘shimcha qilgan.
Viktor Yanukovich 2002–2005 va 2006–2007 yillarda Ukraina bosh vaziri bo‘lgan. Leonid Kuchma o‘z lavozimini tark etgach, ilk marta 2004 yilda prezidentlik uchun kurashib ko‘rgan. Ukraina MSKning dastlabki ma'lumotlariga ko‘ra, u raqibi Viktor Yushchenkoni ortda qoldirgan, biroq ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng uchinchi tur o‘tkazilgan va unda Yanukovich yutqazgan.
Biroq, 2010 yilda Yanukovich prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘lishning uddasidan chiqadi. 2014 yilda Kiyevda bo‘lib o‘tgan Yevromaydon namoyishlari va keyin davom etgan siyosiy inqiroz natijasida lavozimini tark etadi. 2014 yilning 23 fevralida u Qrim orqali Rossiyaga qochib o‘tadi. Rossiya hududidan turib u «Ukraina aholisini himoya qilish, mamlakatda qonuniylik, tinchlik, huquq-tartibot, barqarorlikni tiklash uchun Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlaridan foydalanish»ni so‘rab Vladimir Putinga murojaat qiladi.
Ukrainada Yanukovich davlatga xiyonat, Ukraina davlat chegarasi va hududini o‘zgartirish maqsadida qasddan g‘arazli xatti-harakatlar, tajovuzkor urush olib borishda yordam berishda ayblanmoqda. Qoralovchilar uning uchun suddan 15 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini so‘rashgan.
Mavzuga oid
15:52 / 21.01.2026
Ukrainada Yanukovichga yerni egallab olish ishi bo‘yicha yana 15 yil berildi
22:42 / 03.12.2025
Ukraina sobiq bosh vaziri Nikolay Azarov sirtdan 15 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
07:28 / 13.09.2025
YeI sudi Yanukovichga Yevroittifoq sanksiyalarini bekor qilishda rad javobi berdi
21:37 / 21.05.2025