Jamiyat | 12:10 / 22.11.2018
7592
4 daqiqa o‘qiladi

OAV «jar soladi»mi yoki ommaning xavotirini eshittiradimi?

Ommaviy axborot vositalarining asosiy vazifalaridan biri – davlat tashkilotlari bilan xalq o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tashdir. Zero, bu ikkisining o‘rtasida jar paydo bo‘lishi aksar muammolarning onasi bo‘lib, OAV mazkur vaziyatda o‘ta muhim bo‘lgan o‘sha – ikki tarafni bog‘lovchi ko‘prik rolini, asosan keng jamoatchilik ovozini tor doiralarga eshittirish vazifasini bajaradi. Aynan shu – omma xavotirlarini o‘z vaqtida sezib, payqab, ularni yuzaga chiqarish iqtidori, iste'dodi muayyan ommaviy axborot vositasining saviya darajasini va ijtimoiy foydasi miqdorini belgilaydi.

Bundan ma'lum bo‘ladiki, mazkur – xavotirlarni o‘z vaqtida sezib, ovoza qilish vazifasini bajaruvchi OAVning faoliyati, xususan davlat tashkilotlari uchun koni foyda, zero, omma fikridan bexabar qolib, pirovardida muammolar girdobiga o‘ralashib qolmaslikka ularga yordam beradi.

O‘tgan haftada bir qator nashrlarda, jumladan Kun.uz saytida «soya»da qolib kelayotgan ustachilik, mardikorchilik, kirakashlik, uy xizmatlari va shunga o‘xshash faoliyat turlariga patent joriy etish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi. Ma'lum sabablarga ko‘ra, bu kabi yangiliklar keng ommada xavotir paydo qiladigan bo‘lib qolgani hech kimga sir emas, zero voqeligimizda dastlab yaxshi niyat ila boshlangan ba'zi tashabbuslar keyinchalik ko‘plab oddiy fuqarolar hayotiga o‘ng‘aysizlik keltirganining guvohimiz. O‘z yurtida tirikchilik qilib yurgan mardikorlarni u yoqdan bu yoqqa quvish, chekka viloyatlarda yuz bergan, kirakashlarga qarshi vaqti-vaqti bilan uyushtiriladigan reydlar va hokazo holatlar umumiy manzaramizni doim xira qilib kelgan real holatlardir – xayoliy emas.

Demak bunga o‘xshash – vazirlik va idoralarning tashabbuslari ortidan ommada yuzaga keladigan xavotirlar voqeligimizning bir jihati bo‘lib, mazkur xavotir va savollarni oshkor qilish hamda ularning har biriga o‘z o‘rnida bosiqlik bilan kompetent javob berish lozim. Javoblar esa doim ham berilmayapti. Xususan, Kun.uz sayti e'lon qilgan maqolada qo‘yilgan bir nechta savol havodan vujudga kelgani yo‘q, bu savollar hayot taqozo etib turgan savollardir.

Yig‘ilishlardan birida O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev OAVdan norozilik bildirdi: «...ayrim axborot manbalari davlat mardikorlarga ham soliq solmoqchi, deb jar soldi», – dedi u.

Yuqorida so‘z yuritganimiz – OAVning bevosita vazifalari va dunyoda umumqabul qilingan OAV ta'rifotidan kelib chiqib aytish lozimki, «jar soldi» iborasi bu vaziyatda OAVning bevosita qilishi kerak bo‘lgan – xavotirlarni oshkor qilishdek ishiga salbiy rang berishga o‘xshab qolgan.

OAVning ahamiyatini to‘g‘ri anglamoq va to‘g‘ri talqin qilmoq zamon talabidir. Noto‘g‘ri talqin esa islohotlar yo‘liga g‘ov bo‘ladi.

Shokir Sharipov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid