Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Atletiko» «Barselona»ga qarshi, Angliyada London derbisi. Hafta o‘yinlari anonsi
Yevropa ichki chempionatlari muxlislari uchun xushxabar. Endi to kelasi yilning martigacha hech qanday tanaffus bo‘lmaydi va endi qanaqadir tushunarsiz Millatlar Ligasi yoki o‘rtoqlik o‘yinlari o‘rniga, to‘rt oydan ortiq vaqt mobaynida, uzluksiz ravishda klublar futbolidan bahra olamiz.
Marafon yomon boshlanmayapti - «Atletiko» «Barselona»ni yengishga yana bir urinib ko‘radi. Bu uikendda shuningdek London derbisi, Italiyada esa, nolinchi yillar boshidagi ikki top-klub eski o‘rniga qaytish uchun o‘zaro to‘qnashadi. Maroqli dam oling.
LION - SeNT-ETeN (24 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

Bugungi futbol muxlislari uchun «Sent-Eten» u qadar nomdor ko‘rinmasligi mumkin, lekin ushbu jamoa Fransiyada eng ko‘p chempion bo‘lgan jamoa sanaladi - 10 marta. «Lion» esa, «PSJ» kabi 7 marta bosh sovrinni qo‘lga kiritgan.
Liga 1 chempionatida chempionlik masalasi haqida biror shubhaga borish ham befoyda. Parij klubi mavsum boshidan buyon ochko yo‘qotgani yo‘q, allaqachon 13 ochkolik farq bilan birinchi o‘rinda bormoqda. Ammo aynan bu o‘yinga alohida e'tibor qaratilishining sababi, birinchidan, o‘yin juma kuni, ya'ni Yevropa klublar futbolini sog‘inib, har qanday o‘yin bo‘lsa ham ko‘raveraman, degan muxlislar uchun. Ikkinchidan, jamoalar jadvalda yonma-yon borishmoqda va har ikkisi ham bu yil Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini beradigan o‘rinlar uchun asosiy da'vogar bo‘lib turibdi.
«Lion» oxirgi olti o‘yinda, «Sent-Eten» esa, so‘nggi 4 o‘yinda mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotganini e'tiborga olsak, tanaffusgacha jamoalar juda yaxshi formada bo‘lgan. Bu holat hozir ham saqlanib qolinganmi, ushbu o‘yin bu savolga ham javob berishi aniq.
O‘zaro o‘yinlarga kelsak, ushbu stadionda «Sent-Eten» ancha dadil harakat qilishini ta'kidlash kerak. Lionda o‘tgan so‘nggi 6 o‘yinning atigi 2 tasida mezbonlar g‘alaba qozongan, xolos. Shu yilning fevralida bo‘lib o‘tgan bahsda Debyushining 90-daqiqada urgan goli hisobni tenglashtirgan va bevosita o‘yinni kuzatgan 58 ming muxlis ustidan sovuq suv quyib yuborgandi. Umuman, so‘nggi yillarda «Lion» turnir jadvalida muntazam ravishda raqibidan yuqorida turgan bo‘lsa-da, so‘nggi 18 o‘yinning yarmida «Sent-Eten» ochko olishning uddasidan chiqqan.
«Lion»ni uch kun o‘tib, yana bir muhim o‘yin kutib turibdi. Chempionlar Ligasi bahsida «Manchester Siti» mehmon bo‘ladi. Bu omil ham «Sent-Eten» foydasiga xizmat qilishi mumkin.
UOTFORD - LIVeRPUL (24 noyabr, 20:00)

Mavsumni qatorasiga 4 g‘alaba bilan boshlab, qaysidir pallada hatto turnir jadvalini boshqarib ham turgan Xaver Grasia shogirdlarida keyingi oylarda yaxshigina pasayish kuzatilmoqda. Oxirgi sakkiz o‘yinda atigi ikki g‘alaba. Ba'zilar esa, «Uotford»ni «yangi Lester» deb ham atay boshlagandi. Rostanam, jamoa tarkibidagi ba'zi tajribali futbolchilar, ko‘rsatilayotgan o‘yin sifati hatto «Lester»dan ham kuchliroq salohiyatni namoyish qilayotgandi. Ammo bunday jamoalar uchun odatiy bo‘lgan holat - beqarorlik ko‘zga tashlanmoqda. Manchester klublari va «Arsenal» g‘alaba qozonishning uddasidan chiqa olmagan «Vulverhempton» o‘z maydonida o‘rtamiyona klublarga yutqazdi. Xususan, bir hafta oldin «Bormunt» bu jamoa maydonidan 4:0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytdi. Ertaga «Liverpul» qarshisida qanday jamoa saf tortadi, o‘yin boshlanmaguncha hatto Grasianing o‘zi ham bilmasa kerak.
O‘yin uslubi borasida «Uotford» «Liverpul»ga yaxshigina qarshilik ko‘rsata oladigandek - yuqori pressing, to‘pni nazorat qilish va juda xavfli standart vaziyatlar Klopp jamoasiga muammo tug‘dirishi mumkin bo‘lgan jihatlardir. Ammo o‘z navbatida, «Liverpul» haqiqatan ham chempioncha o‘ynayotganini, ayniqsa, yopiq va zerikarli o‘yinlarda ham keraklicha to‘p kiritib, ochkosini olayotganini e'tirof etish qiyin. Ochiq bahsda esa, «Liverpul»ga Yevropada ham teng keladigan jamoalar kam.
Aniq faktorlarga to‘xtalsak, «Liverpul»ga xalaqit beradigan uch jihatni tilga olish kerak. Birinchisi, o‘yin «Uotford» maydonida bo‘lib o‘tadi. Jamoa APLga qaytganidan beri, bu yerda bo‘lib o‘tgan uch o‘yinda «Liverpul» atigi bir marta g‘alaba qozongan, xolos. Ikkinchisi, terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffus - «Liverpul»ning deyarli butun tarkibi turli qit'alarga sochilib, turli o‘yinlarda maydonga tushishgan bo‘lsa, «Uotford» safidagi biror futbolchi ham terma jamoaga jalb qilinmadi. Uchinchisi, «Liverpul»ni keyingi haftada «PSJ»ga qarshi o‘ta muhim o‘yin kutib turibdi. Belgraddagi kutilmagan mag‘lubiyat tufayli, keyingi bosqich vazifasini o‘zi uchun maksimal ravishda qiyinlashtirib qo‘ygan «Liverpul» Parijdagi bahs haqida ham qayg‘urishi kerak bo‘ladi.
Tarkiblar borasida, mehmonlarda Jordan Hendersonning qaytishi hali ham aniq emas, «Uotford»da esa Yanmaat mashg‘ulotlarni boshladi. Prodl, Kleverli va Qobul kabi futbolchilar hali ham jarohatini davolamoqda.
MANCheSTeR YuNAYTeD - KRISTAL PELAS (24 noyabr, 20:00)

Albatta, «Manchester Yunayted» ikki oy oldingi kabi o‘ta murakkab holatda emas, Joze Mourinoning iste'fosi, Zidan yoki Konte haqidagi «xabarlar» ham kamaydi. Ammo so‘nggi o‘yinlar faqat jamoadagi muhit ijobiy tomonga o‘zgarganini ko‘rsatadi xolos - «Bornmut» va «Yuventus»ga qarshi o‘yinlarda irodali g‘alabalar qo‘lga kiritilgan bo‘lsa-da, bu o‘yinlar mutlaqo boshqacha yakunlanishi ham mumkin edi. Jamoada o‘yinni tashkil qilish borasida muammolar hali yechilmagandek. To‘g‘ri, «Manchester Siti»ga qarshi «Etihad»da tashkiliy o‘yin ko‘rsatishning o‘zi ilojsiz, demak, «Kristal Pelas» «Yunayted»ning aynan pozitsion o‘yin borasidagi o‘zgarishlarini namoyish etib berishi mumkin. Agar «Old Trafford»dagi so‘nggi o‘yin - «Everton»ga qarshi bo‘lgani kabi salohiyat yana namoyish etilsa, bemalol, «Yunayted»ni hali hisobdan chiqarmay turish kerakligini haqida xulosa bersak bo‘ladi.
Aytish mumkinki, bu safargi tanaffus «Manchester Yunayted»ni u qadar qiynab qo‘ymadi, aksincha, yordam berdi. Ikki hafta oldin kichik jarohat olgan Pogba, Marsiyal, Lukaku, Fellayni kabi futbolchilar terma jamoalardan chetda qolishdi va o‘yingacha tiklanib ulgurishdi ham. Matich ham dam oldi, Dalot tiklandi, xullas, tanaffus jamoa tarkibini yanada to‘liqroq holatga kelishida qo‘l keldi.
Raqib - «Kristal Pelas». Bu afisha beixtiyor Erik Kantona davriga qaytaradi. Fransiyalik hujumchi raqib muxlislaridan biriga «karate» usulida sakrab qolganini hamma ko‘rgan. O‘sha jabrlanuvchi aynan «Kristal Pelas»ga muxlislik qilardi. Londonliklarning «MYu»ga qarshi statistikasi u qadar yaxshi emas, bugungi APL jamoalari ichida so‘nggi yillarda eng qulay raqib desa ham bo‘ladi - 12 o‘yinda atigi 1 g‘alaba va 1 durang. Ammo «burgutlar» doimo raqibga yetarlicha qarshilik ko‘rsatib kelishgan. Masalan, ikki yil oldingi kubok finalini eslash mumkin. O‘shanda «MYu» bir kishi kam bo‘lib qolib, faqat qo‘shimcha vaqtlardagina g‘alaba golini urgandi.
Yana kichik intrigalar ham bor. Masalan, Uilfrid Zaa o‘zi tarbiya topgan stadionda yana bir bor mehmon bo‘ladi. Yoki Fellaynining soch turmagi. Belgiyalik yarim himoyachi nihoyat o‘zining mashhur «savati»dan qutuldi va endi muxlislarga boshqacha ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Qizig‘i, Marvon «Old Trafford»dagi debyut o‘yinini aynan «Kristal Pelas»ga qarshi o‘tkazgandi.
TOTTeNHEM - CheLSI (24 noyabr, 22:30)

Har qanday ssenariy va har qanday yakun topishi mumkin bo‘lgan odatiy London derbisi. Masalan, o‘tgan mavsumda har ikki o‘yinda ham mehmonlar g‘alaba qozonishgan. Undan oldingi yili faqat mezbonlar, undan ham oldin esa, ikkala o‘yin durang bilan tugagan. Ha, orada «Chelsi» ikki marta raqibini Angliya kubogidan chiqarib ham yuborgan ekan. So‘nggi 20 o‘yinning atigi uchtasi «Tottenhem»ning g‘alabasi bilan tugagani, go‘yoki «Chelsi»ning yaqqol ustunligidan deb bilinmasin, mana shu uch g‘alaba so‘nggi uch yilda qo‘lga kiritilganiga ham e'tibor berilsin.
«Tottenhem» top-o‘yinlarda, xususan, «Liverpul»ga ham, «Manchester Siti»ga ham o‘z maydonida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, o‘ziga xos ravishda, boshqa o‘yinlarda yo‘qotishlarsiz bormoqda. Natijada, masofa u qadar uzoq emas, Pochettino jamoasini Sarri jamoasidan atigi 1 ochko ajratib turibdi, xolos. Bu farq yo‘qqa chiqishi uchun «Chelsi»ning mag‘lubiyatsiz seriyasiga barham berilishi shart bo‘ladi.
Tarkiblar borasida «Tottenhem»ning ahvoli anchagina og‘ir. Markaziy himoyachilar Sanches va Vertongen hali ham safga qaytishgani yo‘q. Har ikki qanotda ham yetishmovchilik bor - Tripe va Rouz katta ehtimol bilan bu o‘yinni ham o‘tkazib yuborishadi. Shuningdek, markazda Musa Dembelening o‘rni bilinsa kerak. Mehmonlar tarkibida Mateo Kovachich mushaklardan jarohat olgan va maydonga tushishi so‘roq ostida.
Darvoqe, keyingi haftada «Tottenhem»ni yana bir muhim to‘qnashuv kutib turibdi. «Uembli»da «Inter»ga qarshi kechadigan o‘yin YeChL keyingi bosqichiga chiqish imkoniyatini saqlab turish uchun hayot va mamot jangiga aylanadi.
ATLeTIKO - BARSeLONA (25 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45)

Bu safargi La Liga biroz boshqacha o‘tyapti. Ba'zi pallalarda dunyoning eng mukammal futbolini namoyish etayotgandek ko‘ringan «Barselona» tez-tez muammolarga ham uchrayapti va allaqachon 5 o‘yinda ochko yo‘qotib ulgurdi. 12 o‘yinning teng yarmida g‘alaba qozona olmagan «Atletiko» boshqa yillarda bo‘lganida, allaqachon peshqadamning «changida qolib ketgan bo‘lardi», hozir esa, oradagi farq 1 ochkoni tashkil qilyapti, xolos. Hatto, tarixidagi eng yomon startlardan birini amalga oshirgan «Real» ham u qadar uzoqda emas, 4 ochkolik farq bilan ta'qib qilmoqda.
Bu turishda yoki «Barselona» endi paydo bo‘ladigan qanaqadir o‘ta barqaror raqobatchisini oldinga o‘tkazib yuboradi, yoki hozircha tushunarsiz rotatsiyalar bir kun Valverdening g‘oyalarini maydonga ko‘chirib, jamoa rostan ham Yevropada tengsizga aylanadi. Ammo hozircha, Vidal nega sotib olingan, Dembelening o‘rni qayerda, Artur qay darajada muhim - bunday savollar mavhum qolmoqda.
«Atletiko» hamon o‘sha - 12 o‘yinda atigi 8 gol o‘tkazildi. Dortmundda qabul qilingan sharmandali mag‘lubiyatga jamoa o‘z vaqtida reaksiya berdi - so‘nggi besh o‘yinda to‘rt g‘alaba. Turnir jadvalida uchinchi o‘rin, bu o‘yindagi g‘alaba madridriklarni hatto 1-o‘ringa olib chiqishi ham mumkin. Lekin...
Agar «Atletiko»ning «Barselona» ustidan La Ligadagi so‘nggi g‘alabasini eslashga harakat qilsak... Aytib bera qolay, mezbonlar safida ikki goldan birini Diyego Forlan urgan. «Barselona»ning yagona golini esa Zlatan Ibrahimovich David de Xea darvozasiga kiritgan. U paytlarda Messida atigi bitta «Oltin to‘p» bor edi, Gvardiola hali ketmagandi. Xullas, 2010 yilning fevrali. Shundan keyin «Atletiko» yana ikki marta g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, bu g‘alabalar Chempionlar Ligasi doirasidagi o‘yinlarda kuzatilgan, Ispaniya chempionatida emas.
Mehmonlar tarkibida Ivan Rakitich maydonga tusha olmasligi, Koutino esa, aksincha, safga qaytishi mumkin. Mezbonlarga tanaffus qo‘l keldi, Simeone jamoasi tarkibida katta qaytish kutilmoqda. Juda ko‘p yetakchi futbolchilar jarohatlaridan forig‘ bo‘lib, mashg‘ulotlarga qaytishgan. Kosta, Godin, Koke, Lukas Ernandes, Savich va Lemar - bularning bari yana safda, ammo qaysi biri muhim o‘yinga butunlay tayyor ekani ertaga aniq bo‘ladi.
LATsIO - MILAN (25 noyabr, 22:00)

«Milan» hali ham eng yuqori o‘rinlar uchun da'vogarlik qila olmasa-da, asta-sekin poydevor qilinmoqda. Buni biz natijalardagi barqarorlikdan sezishimiz mumkin - «Inter» yoki «Yuventus» kabi raqiblarga qarshi salohiyat yetarli bo‘lmasa-da, kuchsizroq raqiblarga qarshi o‘yinlarda muntazam ravishda ochko olindi. «Milan» A Seriyadagi mana shunday o‘tkinchi o‘yinlarning beshtasida qatorasiga g‘alabaga erishdi. Va endi yana top-raqib.
Qizig‘i, «Latsio»ga ham xuddi shunday ta'rif mos tushadi, faqat rimliklar ancha yillardan beri shunday jamoa bo‘lib kelmoqda. «Latsio» ushbu mavsumda 4 marta mag‘lubiyatga uchradi - «Yuventus», «Inter», «Napoli» va «Roma»dan. Qolgan 8 o‘yinning 7tasida rimliklar g‘alabaga erishdi. Demak, bu o‘yinda «Milan» ham, «Latsio» ham balki mavsumdagi o‘zining ilk jiddiy g‘alabasini qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega.
Turnir jadvalidagi holat ham yaqin. «Latsio» 22 ochko bilan 4-o‘rinda bo‘lsa, «Milan» atigi bir ochko kam jamg‘argan xolos.
Agar jarohatlangan futbolchilar haqida fikr yuritish lozim bo‘lsa, «Milan»ga havas qilish tugul, «Latsio» biroz xijolat ham tortishi kerak. Romanoli, Kalabriya, Boneventura, Chalxono‘g‘li, Shtrinich, Bigliya, Musakkio, Kaldara - bularning bari safdan chiqqan milanliklar va eng yomoni, ularning yarmidan ko‘pi kelasi yilgacha jamoaga yordam bera olmaydi. Faqat Kalabriya mashg‘ulotlarga kirishdi va balki maydonga tushishi mumkin. Ikki frontda jang qilish «Milan»ni mana shunday og‘ir sharoitga tushirib qo‘ydi. Rimliklar tarkibida yo‘qotish nisbatan yo‘q, faqat Sergey Milinkovich-Savichning jamoa o‘yinida muhim ahamiyat kasb etishini e'tiborga olsak, bu ham jiddiy muammo.
BOShQA O‘YINLAR
24 noyabr. «Eybar» - «ReAL» (17:00), «BAVARIYa» - «Fortuna» (19:30), «Maynts» - «BORUSSIYa» D (19:30), «Vest Hem» - «MANCheSTeR SITI» (20:00), «PSJ» - «Tuluza» (21:00), «YuVeNTUS» - SPAL (22:00), «INTeR» - «Frozinone» (25 noyabrga o‘tar kechasi, 00:30)
25 noyabr. «NAPOLI» - «Kevo» (19:00), «Bornmut» - «ARSeNAL» (21:00).
Mavzuga oid
20:37 / 16.05.2026
Levandovski «Barselona»ni tark etishini e’lon qildi
02:34 / 11.05.2026
"Barselona" "Real" bilan o‘yinda Ispaniya chempioniga aylandi. Bunaqasi ilk bor ro‘y berdi
20:32 / 10.05.2026
“Barselona” bosh murabbiyining otasi “El Klasiko” kunida vafot etdi
07:06 / 06.05.2026