Jahon | 14:24 / 23.11.2018
21675
2 daqiqa o‘qiladi

Peterburgda O‘zbekiston fuqarosi hibsga olindi. U Suriyaga jo‘nab ketmoqchi bo‘lgan

Foto: baltphoto/Valentin Yegorshin

Terrorchilik tashkilot faoliyatida ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rganlikda ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarosi Jasurbek Yo‘ldoshev Sankt-Peterburgning Nevskiy tuman sudi tomonidan 2019 yilning 20 yanvarigacha hibsga olindi.

«Ayblanuvchi va uning himoyachisi tergov so‘rovi qondirilishiga qarshilik ko‘rsatishmadi. U jinoyatga aloqasi borligini inkor etmadi», - deya xabar beradi shahar sudlarining birlashgan matbuot xizmati.

Joriy yilning aprelidan noyabr oyigacha Yo‘ldoshev Telegram va WhatsApp messenjerlarida noma'lum shaxslar bilan yozishib, Suriyaga jo‘nab ketish, u yerda «Kotiba Tavhil val-Jihod» xalqaro terroristik tashkiloti safiga qo‘shilmoqchi bo‘lgan. U bilan gaplashgan shaxs Suriyaga qanday qilib borishni aytgan hamda harbiy ish, jang olib borish taktikasi, qo‘poruvchilik-terrorchilik uslublari, o‘qotar qurol bilan muomala qilish ko‘nikmalariga ega bo‘lish maqsadida mashg‘ulot lageriga yo‘l olishda yordam berishni va'da qilgan.

Terrorchi bo‘lishni maqsad qilgan shaxs hatto 50 ming rubl pul yig‘gan va Moskvaga, so‘ng Ukrainaga borib, u yerdan Suriya Arab Respublikasiga yo‘l olish maqsadida buyumlarini tanishiga 8 ming rublga sotib yuborishni rejalashtirgan.

Lekin uning rejalariga politsiya xalaqit berdi. Mahkama 26 yoshli o‘zbekni Rossiyadan deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

21 noyabr kuni Yo‘ldoshevga nisbatan terroristik tashkilot faoliyatida ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi va unga ayb qo‘yildi. 

Mavzuga oid