Jahon | 21:41 / 24.11.2018
11999
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikaliklar chegirmalar kunida 23 mlrd dollar sarflashdi

Amerikaliklar bu yilgi “qora juma” deb ataluvchi chegirmalar kunida 23 milliard dollar sarflashdi, bu o‘tgan yilgiga nisbatan to‘qqiz foizga ko‘proq, deb xabar berdi Mastercard to‘lov tizimi. 

AQSh milliy chakana savdo federatsiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, bu yilgi chegirmalar kunida arzonlashtirilgan mahsulotlarni sotib olish uchun 116 million nafar amerikalik kurashga kirishgan.

Noyabr oyining oxirgi jumasida o‘tkaziladigan “qora juma” an'anasi qanday paydo bo‘lgan? 1924 yilda Nyu-Yorkdagi Macy's magazinlar tarmog‘i Shukrona kuni munosabati bilan Santa-Klaus ishtirokida parad uyushtirgan. Parad vaqtida savdo hajmi oshganligi qayd etilgan va shundan so‘ng bu parad har yili o‘tkaziladigan bo‘lgan.

Keyinchalik ko‘plab magazinlar mijozlarni jalb etish uchun Shukrona kunining ertasiga katta chegirmalarni taklif eta boshlagan.  

“Qora juma” atamasi esa 1960-yillarda Filadelfiya shahridagi politsiya departamentida paydo bo‘lgan. Politsiyachilar o‘sha kuni odam va transport gavjumligi bois zo‘riqib ishlashgani uchun bu kunni “qora juma” deb nomlashgan.

Mavzuga oid