O‘zbekiston | 15:50 / 24.11.2018
6468
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda mahallalar faoliyati reyting baholanadi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Toshkent shahar hokimligining “Mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyatini reyting baholash va natijalariga ko‘ra moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom” loyihasi joylashtirildi.

Hujjatga ko‘ra, mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyatini reyting baholash har yili, yiliga bir marta o‘tkaziladi.

Mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyatini reyting baholash qonuniylik, oshkoralik, adolatlilik, tenglik va shaffoflik tamoyillariga asoslanib o‘tkaziladi.

Mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyatini reyting baholash natijasida eng namunali mahalla fuqarolar yig‘ini aniqlanadi va shu mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlari va faollari moddiy rag‘batlantiriladi.

Mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyatini baholash uchun har yili 20 dekabrga qadar namunaviy tarkibda tumanda Mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyatini reytingini baholash bo‘yicha ishchi guruh tuziladi.

Ishchi guruh tarkibi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman kengashi raisi tomonidan tasdiqlanadi.

Ishchi guruh 1 fevralga qadar tumandagi har bir mahalla fuqarolar yig‘iniga chiqib, amalga oshirilgan ishlarni o‘rganadi va Mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyatini baholash mezonlari asosida baholaydi.

Bunda ishchi guruh tegishli mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan amalga oshirilgan ishlarni taqdim etiladigan ma'lumotlar asosida baholaydi. Mezonlarni baholashda mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi aholi soni, joylashuvi inobatga olinadi.

Zarur hollarda ishchi guruh tomonidan tegishli tashkilotlardan mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘yicha kerakli ma'lumotlarni so‘rovnomalar berish orqali olishi mumkin.

Mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyati mezonlarda ko‘rsatilgan har bir indikator bo‘yicha baholanishi shart.

Ishchi guruh tomonidan tumandagi har bir mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyatini baholash natijalari hujjat bilan rasmiylashtiriladi.

Baholash natijalari ishchi guruh a'zolari hamda tegishli mahalla fuqarolar yig‘inining raisi (raisi bo‘lmaganda uning vazifasini bajaruvchi shaxs) tomonidan imzolanadi.

Baholash natijalari bo‘yicha tuzilgan hujjatning bir nusxasi tegishli mahalla fuqarolar yig‘inida qoldiriladi.

Tumanda mavjud bo‘lgan mahalla fuqarolar yig‘inlari baholangandan so‘ng, ishchi guruh tomonidan 5 fevralga qadar namunaviy shaklda tuman bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlari reytingi tuziladi.

Reyting natijalari ishchi guruh raisi tomonidan tasdiqlanadi. Reytingda mahalla fuqarolar yig‘inlari to‘plangan ballardan kelib chiqib, eng yuqori balldan eng past ballgacha kamayib boruvchi tartibda joylashtiriladi.

Reytingda tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyati nisbatan “a'lo”, “yaxshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz” deb baholanadi.

Bunda to‘plangan ballardan kelib chiqib hisoblaganda: 

85,0–100 ball to‘plagan mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyati “a'lo”;
71,0–84,9 ball to‘plagan mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyati “yaxshi”;
50,0–70,9 ball to‘plagan mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyati “qoniqarli”;
49,9 ball va undan kam ball to‘plagan mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyati “qoniqarsiz” deb baholanadi.

Reytingda 85,0 ball va undan yuqori ball to‘plagan mahalla fuqarolar yig‘ini “Namunali mahalla fuqarolar yig‘ini” deb topiladi.

Baholash yakunlari bo‘yicha “Namunali mahalla fuqarolar yig‘ini” deb topilgan mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlari va faollarini mukofotlash masalasini ko‘rib chiqish haqida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman kengashi tomonidan 10 fevralga qadar Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar kengashi hamda tuman hokimligiga tavsiyanoma kiritiladi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar kengashi va tuman hokimligi “Namunali mahalla fuqarolar yig‘ini” deb topilgan mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlari va faollarini 15 fevralga qadar rag‘batlantirish choralarini ko‘radi.

Bunda “Namunali mahalla fuqarolar yig‘ini” deb topilgan mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlarining (yig‘in raisi, mas'ul kotib, “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbari) hamda faollarining (fuqarolar yig‘in raisining keksalar va faxriylar ishlari, yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalar raislari) har biriga:

a) tegishli tuman hokimligi tomonidan mahalliy byudjyetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan eng kam ish haqining 10 baravari miqdorida pul mablag‘lari ajratiladi;

b) Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar kengashi tomonidan respublika sanatoriylarida davolanishlari uchun bir marotabalik bepul yo‘llanma beriladi.

“Namunali mahalla fuqarolar yig‘ini” deb topilgan mahalla fuqarolar yig‘inini rag‘batlantirish maqsadida boshqa qimmatbaho sovg‘alar berilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid