Jamiyat | 13:50 / 26.11.2018
27601
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda o‘rtacha yashash yoshi yildan-yilga ko‘tarilmoqda

«O‘zbekiston Respublikasi pensiya ta'minoti tizimini rivojlantirish va isloh etish istiqbollari» xalqaro amaliy seminari doirasida xalqaro ekspert sifatida Jahon banki vakili Oleksiy Luchinskiy ham qatnashdi.

U pensiya turmush darajasiga qarab belgilanishi lozimligi haqida gapirgan.

«Islohot juda og‘ir ish. Ijtimoiy masalalar esa juda og‘riqli nuqta hisoblanadi. Bu masalada pensiyaning o‘rni juda katta. Pensiya islohotida bu sohaning ikki asosiy yo‘nalishga qat'iy rioya etilishi lozim. Bular yetarlilik va sug‘urta. Yetarlilik qat'iy belgilangan shaklga ega bo‘ladi. Bunda iqtisoddagi o‘rtacha daromad hisobga olinadi. Sug‘urtada esa turmush darajasi shaxsiy daromadlarga qarab belgilanib boradi.

O‘zbekistonda pensiya bo‘yicha holat hozirgi kunda Mo‘g‘uliston, Tailand kabi davlatlar bilan teng miqyosda. Ukrainadagidan esa ancha yaxshi deya olamiz. Shunga qaramay, kamchiliklar yo‘q emas. Tahlil qilib chiqilsa, gender muammosi ko‘zga tashlanmoqda», deya Jahon banki vakilining so‘zlarini keltirgan «Kun.uz» muxbiri.

Tkachenko tadbir davomida qatnashchilarga taqdimot o‘tkazdi. Unda pensiya yoshi masalasidagi islohotlar bo‘yicha jahon tajribasidan bir necha misollar keltirilgan:

  • Qozog‘iston 2027 yilgacha pensiya yoshini 63 yosh,
  • Ozarboyjon 2021 yilgacha erkaklar yoshini 65 yosh,
  • Moldovada 2019 yilgacha erkaklar, 2028 yilgacha ayollar 63 yosh,
  • Belarusda 2022 yilgacha ayollar 58 yosh, erkaklar 63 yosh,
  • Rossiya Federatsiyasida 2019 yilgacha ayollar 60 yosh, erkaklar 65 yosh sifatida belgilanishi rejalashtirilayotgani haqida aytib o‘tdi.

Shuningdek, yig‘ilishda qatnashayotgan Jahon banki vakili Lidiya Tkachenko ham o‘zining fikrlarini bildirgan. Unga ko‘ra, soliq islohoti pensiya masalasida xarajatlarni qisqartiradi, daromadlarni ko‘paytiradi.

«O‘zbekistonda o‘rtacha yashash yoshi ko‘tarilib bormoqda. Bu aholining turmush darajasi o‘sib borayotganini anglatadi. Ba'zi davlatlarda bu masalada nomutanosiblik kuzatiladi. O‘zbekistonning o‘rtacha yashash yoshi masalasida Ukraina va Rossiyadan yaxshiroq holatda», degan u.

Davstatqo‘m ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda O‘zbekistonda o‘rtacha umr davomiyligi o‘rtacha 73,8 yoshni: erkaklar uchun – 71,4 yosh, ayollar uchun esa – 76,2 yoshni tashkil etgan. Butun dunyoda esa umr davomiyligining o‘rtacha ko‘rsatkichi ayollarda 74 yoshni, erkaklarda esa 69 yoshni tashkil qilgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprelida Moliya vazirligi huzuridagi Byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan ishlab chiqilgan davlat pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasida O‘zbekistonda pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish taklif etilgandi. 

Bugungi kunda pensiya yoshi O‘zbekiston Respublikasida nafaqat Yevropa, Amerika, Osiyo mamlakatlari orasida, balki MDH davlatlari ichida ham eng kichik hisoblanib, muddatidan avval pensiyaga chiqish huquqini hisobga olgan holda, o‘rtacha erkaklarda 58 va ayollarda 53 yoshni tashkil etadi. Muddatidan avval pensiyaga chiqish huquqi hisobga olinmaganda esa, erkaklar 60 yoshda, ayollar 55 yoshda pensiyaga chiqadi.

Mavzuga oid